«LUQMON» SURASIDA ODOB-AXLOQ MASALALARI
Anotatsiya: Mazkur maqolada Qur`onning «Luqmon» surasida bayon qilingan odob-axloq masalalari keng tahlil qilinadi. Luqmon alayhissalomning o‘g‘liga bergan nasihatlari asosida inson tarbiyasining muhim jihatlari – tavhid, ota-onaga yaxshilik, sabr, ibodat, kamtarlik va muomala odobi atroflicha sharhlanadi.
Annotation: This article provides an expanded analysis of ethical teachings in Surah Luqman of the Koran. It explores the moral guidance given by Luqman to his son, focusing on monotheism, kindness to parents, patience, humility, worship, and refined social conduct, with deeper interpretive insights.
Kalit so‘zlar: «Luqmon» surasi, odob-axloq, tavhid, sabr, kamtarlik, ota-ona hurmati, muomala madaniyati, Qur`oniy tarbiya.
Keywords: Surah Luqman, ethics, morality, monotheism, patience, humility, respect for parents, social conduct, Quranic ethics.
Islom ta’limotida inson kamoloti, avvalo, uning axloqiy yetukligi bilan belgilanadi. Qur`oni karimda bu masalaga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, ayniqsa, «Luqmon» surasida keltirilgan nasihatlar mukammal axloqiy dastur sifatida namoyon bo‘ladi. Bu nasihatlar ota tomonidan farzandga berilgan eng go‘zal tarbiya namunasidir. Tarbiyaning avvali tavhid bo`lishi kerakligini Luqmon alayhissalomning o`g`lilariga qilgan quyidagi nasihatlaridan bilish mumkin.
يَا بُنَيَّ لَا تُشْرِكْ بِاللَّهِ ۖ إِنَّ الشِّرْكَ لَظُلْمٌ عَظِيمٌ (31:13)
Bu oyat barcha axloqiy qadriyatlarning ildizi — sof e’tiqod ekanini ko‘rsatadi. Mufassirlar ta’kidlashicha, shirk “zulm” deb atalishining sababi — banda o‘zini yaratgan Zotga emas, balki boshqa narsaga ibodat qilish orqali haqni botilga almashtiradi. Tafsiri Jalolaynda bu zulmning eng kattasi ekani qayd etiladi. Demak, to‘g‘ri aqida bo‘lmasa, axloq ham mukammal bo‘lmaydi.
Undan keyingi oyatda esa ota-onani hurmat qilish har bir farzand uchun Allohning amri ekani bayon etilmoqda.
وَوَصَّيْنَا الْإِنسَانَ بِوَالِدَيْهِ... (31:14)
„Insonga ota-onasi haqida tavsiya qildik…“. Bu yerda tavsiya, ko`pchilik tushunganidek, ixtiyoriy ish emas, balki Allohning amridir. Tafsiri Hilolda bu oyat inson tug‘ilganidan boshlab ota-onaning qilgan mashaqqatlarini eslatib, farzandni minnatdorlikka undashi bayon qilingan. Hatto ota-ona noto‘g‘ri yo‘lga chaqirsa ham, ularga yaxshi muomala qilish buyuriladi.
Ota-onaga yaxshilik qilishga undalgach, insonning bu dunyoda qilgan amali, yaxshiligi yoki yomonligi, agar achitqi o`simligi urug`ining donichalik bo`lsa ham, e`tiborsiz qoldirmasdan, olib kelinishi ta`kidlanmoqda.
يَا بُنَيَّ إِنَّهَا إِن تَكُ مِثْقَالَ حَبَّةٍ مِّنْ خَرْدَلٍ... يَأْتِ بِهَا اللَّهُ (31:16)
Bu oyat “ihson” tushunchasini tarbiyalaydi — ya’ni inson Allohni ko‘rib turgandek yashashi. Eng kichik amal ham hisob-kitobsiz qolmaydi. Mufassirlar bu oyatni inson qalbida doimiy nazorat hissini uyg‘otuvchi asosiy dalillardan deb hisoblaydi. Bu esa yashirin va oshkora gunohlardan tiyilishning eng samarali yo‘lidir.
Hazrati Luqmoni Hakim o`g`lini shirkdan qaytarib, tavhidga yo`llab, oxirat hisob-kitobidan ogoh qilganidan keyin Allohga iymon keltirgan, oxiratdan umidi bor har bir mo`min qilishi lozim bo`lgan quyidagi amallarga buyuradi:
يَا بُنَيَّ أَقِمِ الصَّلَاةَ وَأْمُرْ بِالْمَعْرُوفِ وَانْهَ عَنِ الْمُنكَرِ وَاصْبِرْ عَلَىٰ مَا أَصَابَكَ... (31:17)
Bu oyatda to`rt muhim vazifa jamlangan. Ular namoz, yaxshilikka chaqirish, yomonlikdan qaytarish va o`ziga yetgan musibatga sabr qilish.
Ulamolar ta’kidlashicha, bu to`rt narsa komil mo‘minning hayot dasturidir. Shu bilan birga oyat oxirida sabr zikr qilinib, bu yo‘lda sinovlar bo‘lishi tabiiy ekaniga ishora qilinadi. Zero, namozsiz qayerga ham borib bo`lardi? Namozsiz nima ham qilib bo`lardi? Payg`ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning hadisi shariflarida: “Namoz dinning ustunidir” deyilishi ham namoz qanchalik muhimligini ta`kidlaydi.
Shundan so`ng yaxshilikka insonlarni buyurish va yomonlikdan qaytarishga buyuriladi va bunda insonga yetadigan musibatlarga sabr qilish kerakligi ta`kidlanadi. Chunki insonlarga qilingan nasihatlar doim ham silliq kechavermaydi. Bunda turli xil fitnalar, ko`ngil og`ritishlar, bo`htonlar bo`lishi mumkin. Bularni faqatgina chiroyli sabr bilangina yengib o`tish mumkin. Sabr bu faqat musibatga chidash emas, balki ibodatda bardavom bo‘lish va gunohlardan tiyilish hamdir. Bu insonning irodasini mustahkamlaydi.
Bundan so`ng keladigan oyat kibrni qattiq qoralaydi.
وَلَا تُصَعِّرْ خَدَّكَ لِلنَّاسِ وَلَا تَمْشِ فِى ٱلْأَرْضِ مَرَحًا إِنَّ ٱللَّهَ لَا يُحِبُّ كُلَّ مُخْتَالٍ فَخُور (31:18)
Odamlardan takabbur-la yuz oʻgirma va yer yuzida kibr-havo ila yurma. Albatta, Alloh hech bir mutakabbir va maqtanchoqni sevmas.
Bu yerdagi «yuz oʻgirma» deb tarjima qilingan maʼno oyatda «tusoʼir» deb kelgan. Bu maʼno, aslida, tuyada uchraydigan bir kasallikka nisbatan ishlatilar ekan. Oʻsha kasallikka mubtalo boʻlgan tuya doimo boshini pastdan-yuqoriga harakatlantirib, yonboshga siltab turar ekan. Mutakabbirlik bilan burnini jiyirib, yuzini odamlardan oʻgiradigan kishilar ana oʻsha kasal tuyaga oʻxshatilmoqda.
«Odamlardan takabbur-la yuz oʻgirma». Ha, musulmon kishi uchun odamlarni kamsitish, ularni past sanash juda yomon illat. Hatto yurish-turishda ham kibru havodan, takabburlikdan saqlanish kerak.
«...va yer yuzida kibr-havo ila yurma». Bu juda yomon narsa. Boshqalarga kibr ogʻir botadi. Eng muhimi: «Albatta, Alloh hech bir mutakabbir va maqtanchoqni sevmas». Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan naql qilingan rivoyatda: «Kimning qalbida zarracha mutakabbirlik boʻlsa, Alloh uni doʻzaxga yuztuban tashlaydi», deyilgan. Shuningdek, Ibn Abu Laylo rivoyat qilgan hadisda: «Kim kiyimini koʻz-koʻz qilib, maqtanchoqlik ila sudrab yursa, Alloh taolo unga nazar solmaydi», deyilgan. Ma`lumki, islom xulq-atvorda go`zal bo`lishga, muomalada haddan oshmaslikka buyuradi.
وَٱقْصِدْ فِى مَشْيِكَ وَٱغْضُضْ مِن صَوْتِكَ إِنَّ أَنكَرَ ٱلْأَصْوَٰتِ لَصَوْتُ ٱلْحَمِيرِ
Yurishingda moʻtadil boʻl va ovozingni pasaytir. Chunki ovozlarning eng yomoni eshakning ovozidir».
Yaʼni yurishing oʻrtacha va maqsadli boʻlsin. Bekorchi soxta harakatlar bilan kuch-quvvatni isrof qilib, kibru havo bilan ham yurma, juda lapashang boʻlib, sudralma ham. «...va ovozingni pasaytir». Hangrab, hammayoqni boshingga koʻtarma. Baqir-chaqir qilish yomon narsa. Bilib qoʻy: «...ovozlarning eng yomoni eshakning ovozidir».
Eshak bekordan-bekorga bor ovozi bilan hangrab turadi. Hech bir sababsiz baland koʻtarilgan ovozning eshaknikiga oʻxshatilishining oʻzi yetarli. Oyatda bu ovoz eng yomon ekani ham taʼkidlanmoqda. Yurish-turish va oʻzini jamiyatda qanday tutish borasidagi oliy misol Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning siyratlaridir. Ul zot shahdam qadamlar bilan moʻtadil yurganlar va ovozlarini baland koʻtarmay, dona-dona gapirganlar.
Shu yerda hazrati Luqmonning oʻgʻliga qilgan pand-nasihatlarii tamom boʻladi.
«Luqmon» surasidagi bu oyatlar ketma-ketligi tasodifiy emas. Ular quyidagi tartibda insonni tarbiyalaydi:
- E’tiqodni to‘g‘rilash
- Oilaviy munosabatlarni mustahkamlash
- Ichki nazoratni shakllantirish
- Ijtimoiy faoliyatga yo‘naltirish
- Axloqiy fazilatlarni mustahkamlash
Bu esa islomiy tarbiyaning mukammal tizimini ko‘rsatadi.
«Luqmon» surasi inson hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan axloqiy dasturdir. Undagi nasihatlar bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Ushbu oyatlar asosida tarbiya topgan inson jamiyat uchun foydali, pok axloqli va mas’uliyatli shaxsga aylanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar
- Qur`oni Karim.
- Tafsiri Jalolayn.
- Tafsiri Hilol.
Shohijahon Jamoliddinov
ta'lim muassasasi 3-kurs talabasi