Fiqhiy qoida sharhi
«أن سجدة السهو لا تجب إلا بترك واجب أو تأخيره أو تأخير ركن ساهيا"
Qoida: «Sahv sajdasi faqatgina biror vojibni tark etish, uni kechiktirish yoki biror ruknni unutgan holatda (sahvan) kechiktirish bilangina vojib bo‘ladi» Bu qoidaning ma’nosi va dalolati
Sahv (unutish, adashish) – bashariyatga xos sifatlardan biridir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham sahv qilganlar va shundan so‘ng u zotning sahvlariga shar’iy hukmlar bog‘langan. Bu esa Alloh azza va jallaning O‘z bandalariga bergan ne’matining barkamolligidan hamda namozxonlar sahv qilib qo‘ygan vaqtlarida u zot joriy qilib bergan hukmlarga ergashishlari uchun dinlarini komil qilib berganidandir.
Musulmon kishi shayton o‘zi bilan o‘ynashishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Agar u namozida sahv qilsa, sahv sajdasi unutish va adashishga sababchi bo‘lgan shaytonni xor qilish hisoblanadi. Shuningdek, bu sajda namozxonga namozida yetgan nuqsonni to‘ldiradi (o‘rnini yopadi), ibodatini tugal ado etish va toatini amalga oshirish orqali Parvardigorini rozi qiladi.
Sahv sajdasini qilish hukmi namozdagi amallar va zikrlarda sodir bo‘lgan ziyodalik hamda kamchilikni o‘nglash uchun vojibdir. U ataylab amallarni tark etgan yoki o'zgartirgan kishiga emas, balki sahv sababli uzrli bo‘lgan kishiga vojib bo‘ladi.
Sahv sajdasi vojib bo‘lishining barcha sabablari – amallarni ziyoda qilish, kamaytirish, oldinga surish va kechiktirish kabilarning bari «vojibni tark qilish» deb nomlanadi. Chunki namozxonga ushbu ishlarni qilmaslik vojib edi.
Qoidaning dalili: Abdulloh ibn Buhayna roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u kishi dedilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam peshin namozining ikkinchi rakatidan so‘ng (birinchi tashahhudga) o‘tirmasdan (qiyomga) turib ketdilar. Namozlarini oxiriga yetkazganlaridan so‘ng ikkita sajda qildilar, shundan keyingina salom berdilar».Bu qoidaning misollari va masalalaridan:
* Imom Marg‘inoniy rahimahulloh aytadilar: «Agar namozxon namozga uning (namozning) jinsidan bo‘lgan, biroq unga tegishli bo‘lmagan biror amalni ziyoda qilsa, unga sahv sajdasi lozim bo‘ladi. Ziyodalik sababli u (sajda) vojib bo‘lishining boisi shuki, u (ziyodalik) hech qachon ruknning kechiktirilishidan yoki vojibning tark etilishidan xoli bo‘lmaydi».
Shuningdek: «Agar kishi (namozning) avvalgi ikki rakatining birida Fotihani ikki marta o‘qisa, vojib amalni – ya’ni (Fotihadan keyin o‘qiladigan) zam surani kechiktirgani uchun unga sahv sajdasi lozim bo‘ladi. Agar Fotihani zam suradan keyinga qoldirib o'qisa ham, tartibni tark etgani uchun unga sahv sajdasi lozim, chunki tartib (bilan o'qish) vojibdir».
Shuningdek: «Kishi avvalgi qaʼdani (tashahhudni) unutib, so‘ng (turayotganda) yodiga tushsa, agar qiyomga (tik turishga) yaqinroq bo‘lsa, orqaga qaytmaydi. Chunki u qiyomdagi kishi hukmidadir. Lekin u vojib amalni tark etgani uchun (namoz oxirida) ikkita sahv sajdasi qiladi».
Shuningdek: «Agar (bir rakatning o‘zida) uch marta sajda qilsa, unga sahv sajdasi qilish lozim bo‘ladi. Chunki sajdani ziyoda qilish sababli qiyom rukni (o'z vaqtidan) kechikadi».
Ismoilov Akramxon
ta'lim muassasasi o'qituvchisi