Payg‘ambar alayhissalomning tabassumlari
Jobir ibn Samura roziyallohu anhuga: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning majlislarida o‘tirar edingmi?» deyildi. «Ha. Ko‘pincha u Zot bomdod namozini o‘qigan joylaridan quyosh chiqquncha turmas edilar. Qachon u chiqsa, turar edilar. Gaplashib o‘tirishar edilar. Johiliyat ishlari haqidagi gapdan olishardi. Kular edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa tabassum qilar edilar», dedi». Muslim rivoyat qilgan. Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jimliklari uzun, kulgilari oz Zot edilar». Imom Ahmad rivoyat qilgan.
Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ikki boldirlarida ozg‘inlik bor edi. Kulgilari faqat tabassumdan iborat edi. Agar u Zotga nazar solsang, ko‘zlariga surma surtilganmi, der eding. Holbuki, surma bo‘lmasdi». Sharh: Ya’ni kipriklarining qora va qalinligidan surma surtib olganga o‘xshab ko‘rinar edi. Abdulloh ibn Horis roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko‘ra ko‘proq tabassum qiladigan biror kishini ko‘rmadim». Ikkisini Termiziy rivoyat qilgan.
manbalar asosida tayyorlandi
Abdurahimov Bahromjon
ta'lim muassasasi o'qituvchisi