YOSHLAR ORASIDA MA'NAVIY-AXLOQIY INQIROZ MUAMMOSI
Har qanday jamiyatning kelajagi uning yoshlariga bog'liq. Biroq bugungi globallashuv davrida yoshlar ma'naviyatiga tahdid soluvchi omillar kundan-kunga ko'payib bormoqda, bu esa jiddiy ijtimoiy muammoga aylanmoqda.
Alloh taolo farzandlar tarbiyasi mas’uliyatini ota-onalar zimmasiga yuklab, shunday marhamat qiladi: "Ey iymon keltirganlar! O'zlaringizni va oila a'zolaringizni o't (do'zax)dan asrangki, uning o'tini odamlar va toshlar tashkil qiladi" (Tahrim surasi, 6-oyat).
Luqmon alayhissalomning o'g'liga qilgan nasihatlari esa farzand tarbiyasining mukammal namunasi sifatida Qur'onda keltiriladi: "Ey o'g'ilcham! Namozni to'kis ado et, yaxshilikka buyur, yomonlikdan qayt va senga yetgan musibatlarga sabr qil. Albatta, bu ishlar qat'iy qilinishi lozim bo'lgan ishlardandir. Odamlarga yuz o'girib takabburlik qilma va yer yuzida mag'rur yurma. Albatta, Alloh har bir mag'rur va manman kimsani sevmaydi" (Luqmon surasi, 17–18-oyatlar).
Hadisi shariflarda tarbiya mas'uliyati
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam har bir insonning o'ziga bog'liq kishilar oldida masъul ekanligini bildirib, shunday deganlar: "Barchangiz ro'zg'or boshlig'isiz va barchangiz o'z qo'l ostidagilar uchun masъulsiz" (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Yoshlik davrining qadrini bilish haqida esa quyidagi hadis mashhurdir: "Beshta narsani besh narsadan oldin g'animat bil: keksalikdan oldin yoshligingni, kasallikdan oldin sog'ligingni, faqirlikdan oldin boyligingni, bandlikdan oldin bo'sh vaqtingni va o'limdan oldin hayotingni" (Hokim va Bayhaqiy rivoyati).
Har bir farzandning pok fitratda tug'ilishi va uni tarbiya shakllantirishi haqida esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: "Har bir bola fitratda (pok holida) tug'iladi. Keyin ota-onasi uni yahudiy, nasroniy yoki majusiy qilib tarbiyalaydi" (Buxoriy rivoyati).
Sahobalar so'zlaridan
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu farzandlarni yoshligidan tarbiyalash zarurligi haqida: "Farzandlaringizni tarbiyalanglar, chunki ular sizdan boshqa bir zamon uchun yaratilgandir" — degan mazmundagi nasihat qoldirganlar. Bu so'z har bir avlodning o'z davri talablariga mos, lekin qat'iy axloqiy asosga ega tarzda tarbiyalanishi lozimligini anglatadi.
Muammoning sabablari va oqibatlari
Ma'naviy-axloqiy inqirozning asosiy sabablari qatoriga oilada tarbiyaning susayishi, diniy-milliy savodxonlikning yetishmasligi, ijtimoiy tarmoqlardan nazoratsiz foydalanish va tengdoshlar muhitining salbiy ta'siri kiradi. Bu holat o'z vaqtida bartaraf etilmasa, axloqiy tanazzul va yot g'oyalarga moyillikning kuchayishiga olib kelishi mumkin.
Yechim yo'llari
Diniy va dunyoviy ta'limni uyg'unlashtirish, oilaviy tarbiyani mustahkamlash, yoshlarni foydali mashg'ulotlar bilan band qilish hamda ustoz-ota-ona-davlat hamkorligi — bu muammoning eng samarali yechimlaridir.
Xulosa
Yoshlar ma'naviyatini asrash butun jamiyatning umumiy vazifasidir. Qur'on va Sunnatga asoslangan tarbiya orqali yoshlarni ma'naviy inqirozdan asrab, ularni komil insonlar sifatida voyaga yetkazish mumkin.
FOYDALANILGAN MANBALAR
1.Qur'oni karim va uning o'zbek tilidagi ma'nolar tarjimasi. — Toshkent: Toshkent islom universiteti nashriyoti.
2.Imom Buxoriy. Sahihi Buxoriy (Hadis to'plami). — Toshkent, 2000.
3.Ibn Moja. Sunan Ibn Moja.
4.Imom Termiziy. Jomi' at-Termiziy.
5.Hokim Naysoburiy. Al-Mustadrak alas-Sahihayn.
6.Imom Bayhaqiy. Shu'abul-iymon.
7.Usmonxo'jayev A. Islom va ilm-fan uyg'unligi. — Toshkent: Ma'naviyat, 2018.
8.Mirziyoyev Sh.M. Yoshlar — kelajagimiz, ertangi kunimizning bunyodkorlari. — Toshkent, 2020.
9..O'zbekiston Respublikasi "Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida"gi qonuni. — Toshkent, 2016.
10.Yoshlar ma'naviyati va globallashuv muammolari bo'yicha ilmiy-amaliy konferensiya materiallari. — Toshkent, 2022
Hamidullayev Islomjon
“Hidoya” o’rta maxsus islom
ta’lim muassasasi talabasi