G'azablanma, senga jannat bo'lur
عن أبي هريرة رضي الله عنه أن رجلا قال للنبي صلى الله عليه وسلم أوصني قال لا تغضب فردد مرارا قال لا تغضب رواه البخاري.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: "Menga nasihat qiling", dedi. U zot: "G'azablanma", dedilar. U kishi bir necha bor qayta so'radi. U zot esa har safar: "G'azablanma", deb javob berdilar.
Hadisdan olinadigan saboqlar.
1. musulmonning xulqi. Musulmon farzandi goʻzal axloqlar bilan sifatlangan, hilmu hayo ila ziynatlangan boʻladi. Tavozuning libosini kiygan bu inson oʻzgalarga rahmdillik bilan muomala qiladi. U birovlar ogʻirini oʻz yelkasiga oladi, ozor-aziyatlarga sabr qiladi, jazolashga qodir boʻla turib, dilozorni afv etadi, hamisha gʻazabini bosa oladi. Xullas, ulugʻ sifatlar va goʻzal axloqlarni oʻzida mujassam etadi. Sahobiy dunyoyu oxirat yaxshiligiga yetishish umidida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan nasihat soʻraganida paygʻambar sollallohu alayhi vasallam bir ogʻiz loʻnda ibora bilan unga nasihat qildilar: “Gʻazab qilma”. Mazkur ibora har bir hayr-yaxshilikka daxldor va barcha yomonlikka toʻsiq boʻlgan nasihat edi.
2. G'azab barcha yomonlikning boshidir. Nasihat soʻrovchi sahobiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan gʻazab qilma degan kalomni eshitdi va qabul qildi. Biroq shu loʻndagina hikmatli soʻz bilan kifoyalanmasdan yana va yana nasihat soʻradi. Ulugʻ sahobiy jannatga kirishdek ulugʻ maqsadi uchun bundan-da yetukroq va foydaliroq koʻrsatma olmoqchi boʻlgan edi. Biroq U har gal nasihat qiling deganida paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan bir xilda gʻazab qilma nasihatini eshitardi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam mazkur nasihatni takror-takror qaytarishlari bilan agar toʻliq idrok etib amal qilinsa, shuning oʻzi yetarli ekanini taʼkidladilar. Oqil moʻmin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning takliflari taʼsirida u zotning maqsadlarini angladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan nasihat soʻragan sahobiy aytadilar: Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam soʻzlarini fikr qilib shunday xulosaga keldim: Gʻazab dunyodagi jamiki yomonlikni oʻzida jamlar ekan. Imom Ahmad rivoyatlari. Yaʼni gʻazabini yenga olgan kishi barcha yomonlikni tark etgan boʻladi. Barcha yomonliklarni tark etgan kishi esa jamiki yaxshilikka erishgan hisoblanadi.
Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so'radi: "Eng yaxshi amal nima?" "Husni xulq. Bu iloji boricha g'azab qilmasligingdir" deb javob berdilar Nabiy sollallohu alayhi vasallam.
- G'azab zaiflik, halimlik esa quvvat belgisidir. G'azabga berilish bir pasda lovullab ketish kishining zaifligini bildiradi. Bunday kishilar garchi sog'lom va baquvvat bo'lsalar-da, zaif hisoblanadilar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Kuchli deb hammani yengadigan kishiga aytilmaydi. G'azablangan paytda o'zini qo'lga ola olgan odam kuchlidir". Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari.
- G'azabni daf etish va davolash yo'llari. G'azablanish har bir insonga xos xususiyat. Biroq haqiqiy iymon egalari g'azabni qo'zg'ovchi sabablardan yiroq yurish va uni muolaja etib borish orqali o'zlarini mana shu yoqimsiz fe'l-atvor yomonliklaridan omon saqlaydilar.
- G'azab sabablari. G'azabga sabab bo'luvchi omillar juda ko'p va xilma-xildir. Quyida biz ularning ba'zilarini sanab o'tamiz. Eng avvalo, kibr. Boshqalardan o'zini katta olish, o'zgalarni masxara qilish, noo'rin hazil-mazahlar ham, talashib-tortishish, birovlarning ishiga tumshuq suqish, mol-mulk va mansabu obro' ortidan quvish. Musulmon farzandi bunday bema'ni xulq-atvordan xalos bo'lishi kerak. U turli tuman bema'ni odatlardan o'zini oliy tutsin.
G'azabdan qutilish uchun kishi sabr, muloyimlik, sobitlik va og'ir-bosiqlik kabi go'zal axloqlarni o'zida shakllantirmog'i kerak. Biz har bir sohada payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan o'rnak olamiz. Qarang-a Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu masalada qanday yo'l tutganlar.
Zayd ibn Sa'na musulmon bo'lishdan oldin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib, juda qo'pollik bilan qarzini so'radi. Holbuki, qarz muddati hali bitmagan edi. Zayd mana shu yerda nubuvvat sifatini ko'rdi. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning halimliklari g'azablaridan muqaddam turardi. Johilning jahl g'azabi u zotning halimliklarini ziyoda etardi, xolos. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zaydga tabassum qilib, bag'rikenglik bilan muomala qildilar. Umar roziyallohu anhu esa uni jerkib tashladilar. Shunda Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam Umar roziyallohu anhuga ham, Zaydga ham ta'lim-tarbiya bo'lsin uchun dedilar: "Ey Umar, men ham, u ham boshqa narsaga muhtojroqmiz. Sen meni qarzini shijoatli ado etishga, uni esa qarzini yaxshilik bilan so'rashga chaqirgin". Nabiy sollallohu alayhi vasallam Zayd ibn Sa'naning qarzini berib yuborishni va Umar yetkazgan aziyat uchun qo'shimcha haq ham berishni buyurdilar. Mana shu hodisa Zaydning islomga kirib, Alloh taolo g'azabidan omon qolishiga sabab bo'ldi. Ibn Hibbon, Hokim va Tabaroniy rahimahulloh rivoyatlari.
G'azablangan kishi iloji boricha o'zini tutsin. G'azabining xunuk oqibatini va kechirimlilikning fazilatini esga olsin. G'azab kelganda sukut saqlash kerak. Chunki gohida kishining og'zidan chiqayotgan gaplar uning g'azabini battar alanglatib yuboradi va yoki qattiq afsus-nadomat keltiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam so'zlarini uch bora takrorladilar: "Agar qaysi biringiz darg'azab bo'lsa, sukut qilsin". Imom Ahmad, Imom Termiziy va Abu Dovud rahimahulloh rivoyatlari.
6. Alloh taolo uchun g'azablanish. Biz yuqorida nafs uchun bo'lgan g'azabning yomonligi haqida so'z yuritdik. Biroq Alloh taoloni deb, uning dinini, buyrug'u qaytariqlarini, sof e'tiqodini va musulmon birodarlarini himoya etib, darg'azab bo'lish maqtovli hislatdir. "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chodirlaridagi bokira qizlardan-da hayoliroq edilar. Agar Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir narsani yoqtirmasalar, biz buni u kishining yuzlaridan bilib olar edik." Imom Buxoriy rivoyatlari. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hech g'azab qilmasdilar, ammo Alloh taolo belgilagan hudud poymol bo'lsa, u kishining g'azabiga hech narsa turish berolmasdi. Muttafaqun alayh.
Musulmon kishi hamisha foydali narsalarni o'rganishga, chiroyli mav'izaga va xayrli nasihatga muhabbatli bo'lmog'i lozim. Kam gapirib, ko'p amal qilmoq va go'zal namunalarga iqtido etmoq fazilatli kishilarning odatlaridandir.
Alixonov Abdurahmon
ta'lim muassasasi talabasi