Tozalik iymondandir
Tozalik har bir narsada zarurdir. Dinimiz jismimiz, yashaydigan uyimiz, namoz oʻqiydigan masjidimiz, ishlaydigan joyimiz va kiyadigan kiyimlarimiz tozaligiga targʻib qilgan. Alloh taolo tozalik va poklikni ba’zi ibodatlar mukammal boʻlishi uchun shart qilib qoʻydi; zero, namoz faqatgina poklik bilan qabul boʻladi. Alloh taolo aytadi:
(يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓا۟ إِذَا قُمْتُمْ إِلَى ٱلصَّلَوٰةِ فَٱغْسِلُوا۟ وُجُوهَكُمْ وَأَيْدِيَكُمْ إِلَى ٱلْمَرَافِقِ وَٱمْسَحُوا۟ بِرُءُوسِكُمْ وَأَرْجُلَكُمْ إِلَى ٱلْكَعْبَيْنِ وَإِن كُنتُمْ جُنُبًا فَٱطَّهَّرُوا۟
“Ey iymon keltirganlar! Namozga turmoqchi boʻlsalaringiz, yuzlaringizni va qoʻllaringizni chigʻanoqlari ila yuvinglar. Boshlaringizga masʼh tortinglar. Va oyoqlaringizni toʻpiqlari ila yuvinglar. Agar junub boʻlsalaringiz, poklaninglar.”
Namozning shartlaridan yana biri — namoz oʻqiydigan joyning va kiyib turgan kiyimning pok boʻlishidir. Shuningdek, Mushafni (Qur’on kitobini) ham faqat tahoratli holatda ushlanadi. Alloh taolo aytadi:
(إِنَّهُۥ لَقُرْءَانٌ كَرِيمٌ. فِى كِتَٰبٍ مَّكْنُونٍ. لَّا يَمَسُّهُۥٓ إِلَّا ٱلْمُطَهَّرُونَ)
"Albatta, u Qurʼoni Karimdir. U saqlangan kitobdadir. Uni faqat poklanganlargina ushlaydir."
(Voqi'a surasi, 77-78-79-oyatlar)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kiyimlarida va jismida musulmon kishining pokiza boʻlishiga juda haris edilar. U zot misvok ishlatishga undab:
"السِّوَاكُ مَطْهَرَةٌ لِلْفَمِ، مَرْضَاةٌ لِلرَّبِّ" رواه النسائي
«Misvok ogʻizni poklovchi, Parvardigorni rozil qiluvchidir», der edilar. Yana aytardilar:
"لَوْلَا أَنْ أَشُقَّ عَلَى أُمَّتِي لَأَمَرْتُهُمْ بِالسِّوَاكِ عند كل صلاة"رواه البخاري
«Agar ummatimga mashaqqat boʻlishidan qoʻrqmaganimda, ularni har namoz oldidan misvok qilishga buyurgan boʻlardim». Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning misvok tutishga chorlashlari tozalikka ochiq da’vat axir.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u kishi aytdilar: «Huzurimizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam keldilar va sochlari toʻzib ketgan bir kishini koʻrib: «Mana bu odam sochini tartibga keltiradigan (taraydigan) narsa topa olmabdimi?» dedilar. Boshqa bir ustida kir kiyimlari bor kishini koʻrib esa: «Mana bu odam kiyimini yuvadigan suv topa olmabdimi?» dedilar.
Islom inson tabiatiga mos ishlar bilan keldi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Besh narsa fitratdandir: xatna qilish, kindik osti tuklarini tozalash, moʻylovni qisqartirish, tirnoqlarni olish va qoʻltiq osti tuklarini yulish». Inson ushbu sunnatlarga amal qilish orqali tanasining oʻsha qismlarida toʻplanib qoladigan kirlardan xalos boʻladi. Bunda kirlar sababli kelib chiqadigan ba’zi kasalliklardan himoyalanish va noxush hidlar sababchilarini yoʻqotish bor.
Islom insonlarni oʻzlari yashaydigan joylar — uylar, turar joylar, masjidlar, ish joylari va koʻchalarning tozaligini saqlashga chaqiradi. Sogʻliqqa ham, odob-axloqqa ham toʻgʻri kelmaydigan ish — axlatlarni, ovqat qoldiqlarini koʻchaga yoki uylarning yaqiniga tashlashdir. Chunki bu odamlarga aziyat beradi va ular yashaydigan joyni bulgʻaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarga aziyat beradigan narsalarni yoʻldan olib tashlashga chaqirib, shunday deganlar:
"الْإِيمَانُ بِضْعٌ وَسَبْعُونَ - أَوْ : بِضْعٌ وَسِتُّونَ - شُعْبَةً، فَأَفْضَلُهَا قَوْلُ : لَا إِلَهَ إِلَّا اللَّهُ، وَأَدْنَاهَا إِمَاطَةُ الْأَذَى عَنِ الطَّرِيقِ، وَالْحَيَاءُ شُعْبَةٌ مِنَ الْإِيمَانِ." رواه مسلم
“Iymon etmish nechta yoki oltmish nechta shu’badan iboratdir. Uning eng afzali «Laa ilaaha illalloh» demoq va eng kichigi yo‘ldagi ozor beradigan narsani olib tashlash. Hayo iymonning shu’basidir.”
Alixonov Abdurahmon
ta'lim muassasasi talabasi