Ilm va ma'rifatning inson axloqiga ta'siri
Inson shaxsiyati va uning axloqiy qiyofasi shakllanishida bir qancha tashqi omillar mavjud bo'lib, bular sirasiga atrof-muhit, ijtimoiy munosabatlar va oilaviy muhit kiradi. Biroq inson axloqini yuksaltiruvchi va uni tubanlikdan asrovchi eng asosiy manba — ilm va ma'rifatdir. Insonning ilmiy va ma'rifiy saviyasi yuksalgani sari, uning xulq-atvori ham go'zallashib boradi. Bu hayotiy va umumiy qoidadir.
Aksincha, jamiyatdagi ko'plab axloqiy illatlar, buzuqliklar va jinoyatlarning tub ildizi aqlning kamligi, ilm va ma'rifatning yo'qligiga, ya'ni jaholatga borib taqaladi. Inson ilmga qanchalik yaqin bo'lsa, olijanob fazilatlarga ham shunchalik yaqinlashadi. Qalbida adovat, hasad, kibr kabi illatlar mavjud kishilarning bunday holatga tushishiga o'sha yomon xulqlarning shaxsiyatga yetkazadigan zarar va oqibatlarini yaxshi bilmasliklari sabab bo'ladi. Inson olov yondirishini bilgani uchun undan uzoq yurganidek, ilm ham insonni yomonlik oqibatlaridan ogohlantirib, yaxshilikka yo'llaydi.
Islom dini manbalarida ham ilm va axloqiy tarbiya (tazkiya) o'zaro uzviy bog'liq holda keladi. Juma surasining 2-oyatida shunday marhamat qilinadi:
{هُوَ الَّذِي بَعَثَ فِي الْأُمِّيِّينَ رَسُولًا مِّنْهُمْ يَتْلُو عَلَيْهِمْ آيَاتِهِ وَيُزَكِّيهِمْ وَيُعَلِّمُهُمُ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ وَإِن كَانُوا مِن قَبْلُ لَفِي ضَلَالٍ مُبِينٍ}
"U (Alloh) savodsizlar ichiga o'zlaridan bo'lgan, ularga Oyatlarini tilovat qiladigan, ularni poklaydigan (tarbiya qiladigan) hamda ularga Kitob va Hikmatni (ilmni) o'rgatadigan Rasulni yuborgan Zotdir. Holbuki, ular bundan oldin ochiq-oydin zalolatda edilar".
Ushbu oyatdan ko'rinadiki, inson zalolat va tubanlikdan qutulishi uchun avvalo ilmga (Kitob va hikmatga), so'ngra bu ilmni hayotga tatbiq etib, xulqni jilolashga (tarbiyaga) muhtojdir. Shu o'rnda ta'kidlash joizki, axloqni go'zallashtiruvchi ilm faqatgina dunyoviy unvonlar yoki oliy ma'lumot diplomlari bilan o'lchanmaydi. Haqiqiy ilm — bu ilohiy qadriyatlar, halol va harom chegaralari hamda insoniy tamoyillarni anglashdir.
Qur'oni Karimda jaholat (ilmning yetishmasligi) insonni qanday axloqiy inqirozlarga yetaklashi o'nta jihat orqali bayon etilgan:
1. Xatoga bahona qidirish va takabburlik. Baqara surasining 118-oyatida:
{وَقَالَ الَّذِينَ لَا يَعْلَمُونَ لَوْلَا يُكَلِّمُنَا اللَّهُ أَوْ تَأْتِينَا آيَةٌ}
"Bilmaydiganlar (johillar): 'Alloh bizga gapirsa edi yoki bizga biror oyat (mo'jiza) kelsa edi', deyishdi", deb marhamat qilinadi. O'z xatosini tan olmaslik, haqiqat qarshisida turganda ham turli bahonalar va shartlar o'ylab topish jaholat mahsulidir.
2. Ma'naviy inqiroz va shirk. A'rof surasining 138-oyatida Bani Isroilning dengizdan o'tgach, butlarga sig'inayotgan qavmni ko'rib, o'zlariga ham but qilib berishni so'rashgani bayon etiladi:
{قَالُوا يَا مُوسَى اجْعَل لَّنَا إِلَٰهًا كَمَا لَهُمْ آلِهَةٌ ۚ قَالَ إِنَّكُمْ قَوْمٌ تَجْهَلُونَ}
"Ular: 'Ey Muso, ularning xudolari kabi bizga ham bir xudo qilib ber', deyishdi. Muso: 'Albatta, sizlar johil (bilmaydigan) qavmsiz', dedi". Demak, jaholat insonni eng og'ir ma'naviy jinoyat — shirkka yetaklaydi.
3. G'aflat va qalban ko'rlik. A'rof surasining 179-oyatida do'zax ahlining eng birinchi xususiyati sifatida ilm va fiqhning (tushunchaning) yo'qligi zikr qilinadi:
{لَهُمْ قُلُوبٌ لَّا يَفْقَهُونَ بِهَا وَلَهُمْ أَعْيُنٌ لَّا يُبْصِرُونَ بِهَا وَلَهُمْ آذَانٌ لَّا يَسْمَعُونَ بِهَا ۚ أُولَٰئِكَ كَالْأَنْعَامِ بَلْ هُمْ أَضَلُّ}
"Ularning qalblari bor, ammo anglamaydilar. Ko'zlari bor, ko'rmaydilar. Quloqlari bor, eshitmaydilar. Ular chorvalar kabidirlar, balki undan ham adashganroqdirlar".
4. Qo'rqoqlik va sabotsizlik. Anfol surasining 65-oyatida jaholatning qo'rqoqlikka sabab bo'lishi tushuntiriladi:
{إِن يَكُن مِّن كُمْ عِشْرُونَ صَابِرُونَ يَغْلُبُوا مَائَتَيْنِ... بِأَنَّهُمْ قَوْمٌ لَّا يَفْقَهُونَ}
"Agar sizlardan yigirmata sabrli kishi bo'lsa, ikkiyuztani yengadi... Chunki kofirlar anglamaydigan qavmdirlar". Ma'rifat insonga shijoat va sabot baqishlasa, jaholat uni ruhiy zaiflikka mahkum etadi.
5. Fahsh va axloqsizlik. Yusuf surasining 33-oyatida Yusuf alayhissalomning fitnadan qochib, Allohga qilgan duosi keltiriladi:
{وَإِلَّا تَصْرِفْ عَنِّي كَيْدَهُنَّ أَصْبُ إِلَيْهِنَّ وَأَكُن مِّنَ الْجَاهِلِينَ}
"Agar mendan ularning makrlarini uzoq qilmasang, ularga moyil bo'lib qolaman va johillardan bo'lib qolaman". Bu esa iffatsizlik va fohishalik kabi illatlar jaholat asorati ekanini ko'rsatadi.
6. Shafqatsizlik va yaqinlariga zulm qilish. Yusuf surasining 89-oyatida akalarning o'z ukalarini quduqqa tashlab qilgan shafqatsizligi ham bilimsizlikka bog'lanadi:
{قَالَ هَلْ عَلِمْتُم مَّا فَعَلْتُم بِيُوسُفَ وَأَخِيهِ إِذْ أَنتُمْ جَاهِلُونَ}
"Yusuf: 'Yusuf va uning akasiga johillik paytingizda nima qilganingizni bildingizmi?' dedi".
7. Tabiiy qonuniyatlarga zid buzuqliklar. Naml surasining 55-oyatida Lut qavmining axloqsizligi haqida so'z boradi:
{أَئِنَّكُمْ لَتَأْتُونَ الرِّجَالُ شَهْوَةً مِّن دُونِ النِّسَاءِ ۚ بَلْ أَنتُمْ قَوْمٌ تَجْهَلُونَ}
"Sizlar ayollarni qo'yib, shahvat bilan erkaklarga yaqinlashasizmi?! Yo'q, sizlar johil qavmdursiz". Zamonaviy dunyoda bu kabi qabihliklar har qancha chiroyli nomlar bilan niqoblanmasin, mohiyatan jaholat va tubanlikdir.
8. Odobsizlik va qo'pollik. Hujurot surasining 4-oyatida badaviylarning Payg'ambarimiz alayhissalom uylarining ortidan baqirib chaqirganlari bayon qilinadi:
{إِنَّ الَّذِينَ يُنَادُونَكَ مِن وَرَاءِ الْحُجُرَاتِ أَكْثَرُهُمْ لَا يَعْقِلُونَ}
"Sizni hujralar ortidan chaqiradiganlarning ko'plari aql yuritmaydilar". Muomala madaniyatining yo'qligi ham ma'rifatsizlik belgisidir.
9. Ko'r-ko'rona asabiyat va millatchilik. Fath surasining 26-oyatida:
{إِذْ جَعَلَ الَّذِينَ كَفَرُوا فِي قُلُوبِهِمُ الْحَمِيَّةَ حَمِيَّةَ الْجَاهِلِيَّةِ}
"Kofirlar qalblariga kibr va jaholat asabiyatini joylagan paytda...", deb aytiladi. Hech qanday adolat mezonlariga tayanmagan tarafkashlik va mutaasiblik jaholatdan oziqlanadi.
10. Parokandalik va ittifoqsizlik. Hashr surasining 13-14 oyatlarida jamiyatning parokanda bo'lishi ilm va aqlning yo'qligiga bog'lanadi:
{ذَٰلِكَ بِأَنَّهُمْ قَوْمٌ لَّا يَفْقَهُونَ... تَحْسَبُهُمْ جَمِيعًا وَقُلُوبُهُمْ شَتَّىٰ ۚ ذَٰلِكَ بِأَنَّهُمْ قَوْمٌ لَّا يَعْقِلُونَ}
"Bu ularning tushunmaydigan qavm ekanliklaridandir... Ularni bitta deb o'ylaysan, holbuki qalblari tarqoqdir. Bu ularning aql yuritmaydigan qavm ekanliklaridandir".
Xulosa
Xulosa qilib aytganda, insoniyatning haqiqiy baxt-saodati va axloqiy go'zalligi ilm bilan chambarchas bog'liqdir. Jaholat esa har qanday ma'naviy va axloqiy inqirozlarning bosh sababchisidir. Alloh taolo barchamizni foydali ilmlar bilan ziynatlab, go'zal axloq egalaridan qilsin.
Alixonov Abdurahmon
ta'lim muassasasi talabasi