Яратилиш санаси 20.12.2025

Duo va uning ijobat bo‘lish shartlari

Alloh taolo Qur’oni Karimning Baqara surasida shunday marhamat qiladi:

وَإِذَا سَأَلَكَ عِبَادِي عَنِّي فَإِنِّي قَرِيبٌ ۖ أُجِيبُ دَعْوَةَ الدَّاعِ إِذَا دَعَانِ ۖ فَلْيَسْتَجِيبُوا لِي وَلْيُؤْمِنُوا بِي لَعَلَّهُمْ يَرْشُدُونَ

«Agar bandalarim Sizdan Men haqimda so‘rasalar, Men (ularga) yaqinman. Duo qiluvchi duo qilganda, uning duosini ijobat qilaman. Bas, haq yo‘lga rivoj topishlari (to‘g‘ri yo‘ldan yurishlari) uchun Mening (da‘vatimga) ham ijobat qilsinlar va Menga imon keltirsinlar» (Baqara surasi, 186-oyat).

Oyatning boshlanishida Alloh taolo "bandalar" so‘zini O‘ziga nisbat berib, "bandalarim" shaklida keltirishi ular uchun yuksak sharafdir. Bu yerdagi bandalardan murod mo‘minlardir. Garchi Alloh taolo dunyoda barcha insonlarning, hatto kofir va fojir bo‘lsa-da mazlumning duosini ijobat qilsa-da, mo‘minlarning duolariga alohida e‘tibor qaratadi.

Duoning tez va vositasiz ijobat bo‘lishi

Qur’oni Karimdagi barcha savol oyatlariga e‘tibor bilsak, Alloh taolo O‘zi bilan bandalari o‘rtasiga Payg‘ambarimiz alayhissalomni vositachi qiladi. Masalan: "Sizdan tog‘lar haqida so‘rashsa, ayting (qul): Robbim ularni parchalab tashlar" yoki "Sizdan hayz haqida so‘rashsa, ayting: u aziyatdir" kabi oyatlarda doim "ayting" (قُلْ) buyrug‘i vositachi bo‘lib keladi.

Biroq, duo haqidagi ushbu oyatda Alloh taolo "Sizdan bandalarim so‘rashsa, ayting, Men yaqinman" demadi. Balki oradagi vositani olib tashlab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri "Men yaqinman" (فإني قريب) deb javob berdi. Bu holat Alloh taoloning duo qiluvchi bandasiga naqadar yaqinligini va duolarni hech qanday vositachilarsiz eshitishini anglatadi. Oyatda "fa" (ف) harfining ishlatilishi esa ijobatning tez fursatda, kechiktirilmasdan amalga oshishiga ishoradir.

Duoning ijobat bo‘lish shartlari

Ko‘p hollarda insonlar kecha-yu kunduz duo qilishlariga qaramay, nima uchun niyatlariga erisha olmayotganlari haqida so‘rashadi. Duoning ijobat bo‘lishi uchun quyidagi ikki va eng muhim rukn (shart) bajarilishi lozim:

1. Qalbning hozir bo‘lishi: Duo faqat tildagina qolib ketmasligi, balki insonning butun borlig‘i, ongi va qalbi bilan qilinishi kerak. Qalbi g‘ofillikda va xayoli boshqa yerda bo‘lib, faqat tili bilan "Omin, ey Robbim mag‘firat qil" deydigan kishining duosi ijobatdan uzoq bo‘ladi.

2. Ixlos: Duo qilayotgan inson ziyon va foyda beruvchi, beruvchi va mahrum qiluvchi faqat Alloh taolo ekanligiga chin dildan ishonishi shart. Tili bilan Allohdan so‘rab, qalbi bilan qaysidir bandaning yordamiga ko‘z tikib turgan inson ixloshsiz hisoblanadi.

Muztar (chorasiz) qolgan kishining duosi

Ixlos va qalb hozirboshligi eng yuqori darajaga chiquvchi holat — bu chorasizlik (muztarlik) holatidir. Alloh taolo aytadi:

أَمَّن يُجِيبُ الْمُضْطَرَّ إِذَا دَعَاهُ وَيَكْشِفُ السُّوءَ

«Yoki muztar (chorasiz) qolgan kishi duo qilganda ijobat qiladigan Zot kim?» (Naml surasi, 62-oyat).

Muztar inson barcha maxluqotlardan umidini uzib, yordam faqat va vaqtida Allohdan kelishini qalban his etgani uchun ham uning duosi shak-shubhasiz qabul bo‘ladi. Tarixda og‘ir vodiyda qaroqchiga asir tushib, o‘lim arafasida turganida ushbu oyatni chin dildan eslab o‘qib, Allohdan yordam so‘ragan va g‘aybiy yordam bilan omon qolgan ulov egasining qissasi bunga yorqin misoldir.

Xulosa

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, duo — quruq so‘zlar yig‘indisi emas, balki bandaning O‘z Yaratuvchisi qarshisida ojizligi va muhtojligini e‘tirof etishidir. Har bir lahzani g‘animat bilib, chin ixlos va hozir qalb bilan qilingan duolar insonni ham dunyoda, ham oxiratda yuksak darajalarga yetaklaydi.

Alixonov Abdurahmon

ta'lim muassasasi talabasi