Яратилиш санаси 18.09.2026

U zotdan keyin...

Tarixda buyuk insonlar ko‘p o‘tgan. Ammo ayrim zotlar tarixda yashamaydi — tarix ularning izidan yuradi. Rasululloh Muhammad ﷺ ana shunday zot edilar. 

U zot bu dunyodan o‘tganlariga asrlar bo‘ldi. Ammo bir savol hanuz tirik:

U zotdan keyin biz qanday yashayapmiz?

Chunki siyrat — o‘tmishni eslash emas, bugunni to‘g‘rilashdir.

U zot ﷺ Makka ko‘chalarida yetimning ko‘z yoshini ko‘rdilar — biz esa yonimizdagi insonning dardini ko‘ra olyapmizmi?

U zot ﷺ dushmanlariga ham rahmat eshigini yopmadilar — bizni ranjitgan kishiga qalbimizda joy qoldira olyapmizmi?

U zot ﷺ ummatlarini o‘ylab tunlarni bedor o‘tkazdilar — biz esa o‘zimizdan boshqa birovni o‘ylashga qancha vaqt ajratamiz?

Mana, siyratning eng og‘ir va eng go‘zal savoli shu.

Biz Rasululloh ﷺni sevamiz, deymiz. Ammo muhabbat faqat til bilan aytiladigan so‘z emas. Haqiqiy muhabbat insonning xulqida bilinadi.

Bir yetimga mehr berganimizda — siyratdan bir nur olamiz.

Bir g‘azabni yutganimizda — siyratdan bir saboq olamiz.

Ota-onamizning ko‘nglini olganimizda — siyrat hayotimizda davom etadi.

Bir insonni kechirganimizda — U zotning go‘zal xulqlaridan birini tiriltiramiz.

Shuning uchun Siyrat oyi tugaganda qo‘limizda faqat o‘qilgan maqolalar, eshitilgan ma’ruzalar va yodlangan sanalar qolmasin.

Bir oz yumshagan qalb,
bir oz chiroyliroq xulq,
bir oz ko‘proq sabr,
bir oz ko‘proq rahm qolishi kerak.

Zero, Rasululloh ﷺning siyratlari bizga faqat U zot qanday yashaganlarini emas, biz qanday yashashimiz kerakligini o‘rgatadi.

U zotdan keyin asrlar o‘tdi.

Ammo U zotning yo‘llari hali ham ochiq.

Endi o‘sha yo‘ldan yurish — bizning navbatimiz.

Jamalov Qodirxon

ta'lim muassasasi talabasi