Яратилиш санаси 22.09.2026

Payg'amabar alayhissalomning sabrlari

Payg'ambarlik yo'li oson bo'lmagan. Nabiy sollollohu a’layhi vasallam hayotlarida shunday damlar bo'ldiki, inson chidashi mumkin bo'lgan eng og'ir sinovlar birin-ketin keldi. Ammo har safar ul zot sabr, tavakkul va rahmat bilan javob berdilar.

Alloh taolo sabrni mo'minlarga o'rgatadi: "Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir" (Baqara, 153). Payg'ambarimizga ham avvalgi payg'ambarlar kabi sabr qilishni buyuradi “Bas, azmu matonat sohibi bo’lgan payg’ambarlar sabr qilganidek, sabr qil” (Ahqof, 35). Bu ta'limot Rasululloh ﷺ ning hayotida amaliy shaklda ko'rindi.

Toif

Nubuvvatning o'ninchi yilida Nabiy ﷺ birin-ketin ikki suyanchig'idan ayrildilar: amakilari Abu Tolib roziyallohu anhu va zavjalari Xadija roziyallohu anho vafot etdilar. Shundan so'ng Makkada Qurayshning ozori kuchaydi. Nabiy ﷺ yangi umid bilan Toifga bordilar, ammo u yerdagi bosh kishilar da'vatni rad etdi, ustiga ustak odamlar va bolalarni qo'yib, toshbo'ron qildirdi. Muborak oyoqlaridan qon oqdi. Nabiy sollollohu a’layhi vasallam  bir uzumzorga panoh topib, Allohga: kuchining zaifligi, tadbirining kamligi, odamlar oldida xor bo'lganidan shikoyat qildi va oxirida, "Agar Sen mendan norozi bo'lmasang, boshqasiga parvo qilmayman", dedi. Shu payt  Farishta Jabroil a’layhi salom kelib, agar xohlasa, Makkaning ikki tog'ini ularning ustiga bosib qo'yishni taklif qildi. Nabiy Nabiy sollollohu a’layhi vasallam rad etdilar va: "Balki Alloh ularning naslidan yolg'iz Allohga ibodat qiladigan, Unga hech narsani sherik qilmaydigan avlodni chiqarar", dedilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Bu voqea ruhiy matonatning muhim jihatini ko'rsatadi: og'riq va g'azab hukmida qolmay, uzoqni ko'rish, qasosga emas, kelajakka umid bilan qarash.

Uhud
Hijriy 3-yilda Uhud jangida musulmonlar dastlab ustun keldi, keyin o'qchilar tepaligidagi holat o'zgarib, jang taqdiri teskari burildi. Nabiy sollollohu a’layhi vasallamning muborak tishlari sindi, yuzlari yaralandi, bir chuqurga yiqilib tushdilar. Musulmonlar orasida ul zotning o'limlari haqida bo’xton tarqaldi. Amakilari Hamza roziyallohu anhu va yetmishga yaqin sahoba shahid bo'ldi.

Bu sinovdan keyin ruhiy tushkunlik xavfi katta edi. Alloh taolo mo'minlarni tinchlantirdi: "Bo'shashmanglar va g'amgin bo'lmanglar, agar mo'min bo'lsangiz, oxir-oqibat sizlar ustun bo'lasizlar" (Oli Imron, 139). Nabiy sollollohu a’layhi vasallam esa mag'lubiyat alamiga botib qolmadilar. Ertasi kuniyoq yaralangan sahobalar bilan dushmanni ta'qib qilish uchun Hamro al-Asadga chiqdi va shu bilan jamoaning ruhini tikladilar.

Hijrat
Makkadan chiqish, vatan, mol-mulk va yaqinlardan ayrilish demak edi. Yo'lda Quraysh izma-iz ta'qib qilar, mukofot e'lon qilgan edi. Nabiy sollollohu a’layhi vasallam va Abu Bakr roziyallohu anhu Savr g'origa yashiringanlarida, dushmanlar g'or og'zigacha yetib keldi. Abu Bakr xavotirlanganida, Nabiy sollollohu a’layhi vasallam unga: "Qayg'urma, albatta, Alloh biz bilandir", dedilar (Tavba, 40).Bu so'zlar o'sha lahzada aytilgan. Xavf haqiqiy edi, ammo qalbdagi tavakkul undan kuchliroq bo'ldi.

Xulosa
Toifda toshbo'ron, Uhudda yara va yo'qotish, Hijratda vatandan ayrilish: uch xil sinov, uch xil vaziyat, lekin javob birlashadi. Nabiy Nabiy sollollohu a’layhi vasallam og'riqni yashirmadilar, Allohga shikoyat qildilar, ammo ul zotga tushkunlik yoki nafrat ustun kelmadi. Sabr ul zot uchun jim turish emas, balki Allohga tayangan holda harakatni davom ettirish edi. Bugungi kunda ham qiyinchilikka duch kelgan inson uchun bu eng yaxshi namunadir.

Nabijanov Isoxon

ta'lim muassasasi talabasi