Odam alayhissalom — insoniyatning otasi va yerdagi birinchi payg'ambar
Alloh taolo yerda xalifa (vakil) yaratishni iroda qilganida, farishtalarga xabar berdi. Ular Odam avlodining yer yuzida buzg'unchilik va qon to'kishi mumkinligidan xavotir bildirishdi, ammo Alloh taolo ularga ilohiy hikmat inson yaratilishida yashiringanini bildirdi.
وَإِذْ قَالَ رَبُّكَ لِلْمَلَٰٓئِكَةِ إِنِّى جَاعِلٌ فِى ٱلْأَرْضِ خَلِيفَةً قَالُوٓا۟ أَتَجْعَلُ فِيهَا مَن يُفْسِدُ فِيهَا وَيَسْفِكُ ٱلدِّمَآءَ وَنَحْنُ نُسَبِّحُ بِحَمْدِكَ وَنُقَدِّسُ لَكَ قَالَ إِنِّىٓ أَعْلَمُ مَا لَا تَعْلَمُونَ
Esla, vaqtiki Robbing farishtalarga: «Albatta, Men yer yuzida xalifa qilmoqchiman», dedi. «Unda fasod qiladigan, qon toʻkadigan kimsani qilmoqchimisan? Holbuki, biz Senga tasbeh, hamd aytib va Seni ulugʻlab turibmiz», dedilar. (U Zot) «Men siz bilmaganni bilaman», dedi. (Baqara surasi, 30-oyat)
Tarixiy manbalarda jumladan, Tabariyning "Tarixur-rusul val-muluk" va Ibn Kasirning "Al-Bidaya van-nihaya" asarlarida keltirilishicha, Alloh taolo farishtalarni yer yuzidan tuproq olib kelishga yuboradi. Turli rangdagi tuproqdan yaratilgani sabab, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
"Alloh Odamni yerning turli qismidan olingan bir hovuch tuproqdan yaratdi. Shuning uchun odam farzandlari orasida oq, qizil, qora va bu ranglar aralashgan turlari, yaxshisi va yomoni, oson va qiyin xarakterlisi bor bo'ladi." (Abu Dovud, Termiziy rivoyati — sahih)
Qur'onda bu jarayon bosqichma-bosqich tasvirlanadi: avval tuproq, so'ng loy, keyin yopishqoq loy, so'ngra quruq sopolga o'xshash tovushli loy (Hijr surasi, 26-oyat). Alloh taolo unga shakl berib, so'ng O'z ruhidan üfladi:
وَلَقَدْ خَلَقْنَا ٱلْإِنسَٰنَ مِن صَلْصَٰلٍ مِّنْ حَمَإٍ مَّسْنُونٍ
Batahqiq, insonni quruq loydan, oʻzgartirilgan qora balchiqdan yaratdik. (Hijr surasi, 29-oyat)
Odam alayhissalomning boshqa maxluqotlardan farqi — unga berilgan ilm edi. Alloh taolo unga barcha narsalarning nomlarini o'rgatdi:
"U zot Odamga ismlarning hammasini ta'lim berdi, so'ngra ularni farishtalarga ko'rsatib: "Agar rostgo'y bo'lsangizlar, menga anavilarning ismlarini xabar bering", dedi. Ular: "Ey bor Parvardigoro, Sen pok zotsan! Bizlar faqat Sen bildirgan narsalarnigina bilamiz." Alloh esa: "Ey Odam, ularga anavilarning ismlarini xabar ber", dedi. U ismlarni xabar bergach, Alloh: "Sizlarga osmonlaru yerning sirlarini bilaman, demaganmidim", dedi." (Baqara surasi, 31–33-oyatlar)
Bu voqea insonning ilm orqali ulug'lanishiga eng birinchi ilohiy dalildir.
Alloh taolo farishtalarga Odamga sajda qilishni buyurdi. Barchasi bo'ysunib sajda qilishdi, faqat Iblisdan boshqa:
"Eslа, bir paytlar Biz farishtalarga: "Odamga sajda qilinglar", deganimizda, barchalari sajda qildilar. Magar Iblis bosh tortdi va mutakabbirlik qildi hamda kofirlardan bo'ldi." (Baqara surasi, 34-oyat)
Iblis o'zining otashdan, Odamning esa loydan yaratilganini bahona qilib, kibr-havoga berildi (A'rof surasi, 12-oyat). Shu tariqa u la'natlandi va Odam alayhissalom hamda uning zurriyotiga dushmanlik qilishga ahd qildi — bu hodisa insoniyat tarixidagi ilk kibr va hasadning namunasidir.
Alloh taolo Odam alayhissalomga Momo Havoni juft qilib berdi va ularga jannatda erkin yashashga ruxsat berdi, faqat bitta daraxtga yaqinlashishni man etdi:
"Ey Odam, sen jufting bilan jannatda istiqomat qil va ikkalangiz xohlagan joyingizdan taomlaninglar, lekin mana bu daraxtga yaqin kelmangiz! Bas, u holda zolimlardan bo'lib qolasiz." (Baqara surasi, 35-oyat)
Iblis ularga vasvasa solib, abadiy hayot va yo'qolmas mulk va'da qildi (Toha surasi, 120-oyat). Momo Havo va Odam alayhissalom bu vasvasaga uchib, taqiqlangan daraxtdan totib ko'rishdi.
Xatoning oqibati darhol seziladi va ular sharmandalikni his qilishadi. Ammo eng muhimi — ular darhol Allohga yuz burib, chin qalbdan tavba qilishadi:
"Ular: "Ey Robbimiz, o'zimizga o'zimiz zulm qildik. Agar Sen bizni mag'firat qilmasang va bizga rahm etmasang, albatta, ziyon ko'rguvchilardan bo'lurmiz", dedilar." (A'rof surasi, 23-oyat)
Alloh taolo ularning tavbasini qabul qildi:
"So'ngra Odam Robbisidan bir qancha so'zlarni qabul qildi-da, U zot uning tavbasini qabul qildi. Albatta, Uning O'zi tavbalarni ko'plab qabul qilguvchi, mehribondir." (Baqara surasi, 37-oyat)
Bu voqea shuni ko'rsatadiki — xato qilish insoniy tabiat, ammo tezda tavba qilib, Allohga qaytish mo'minning belgisidir.
Sinov va ilohiy hikmat yuzasidan Odam va Havo alayhissalomlar yerga tushirildilar. Bu jazolash emas, balki insoniyat sarguzashtining va halifalik vazifasining boshlanishi edi. Ular yerda birinchi inson, birinchi payg'ambar va birinchi ota-ona bo'lib, o'z farzandlariga tavhid — Allohning yagonaligini e'tiqod qilishni o'rgatdilar.
Sahih hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Odam va Muso alayhissalom o'rtasidagi mashhur bahsni naql qiladilar:
"Odam va Muso bir-birlariga qarshi dalil keltirib tortishdilar. Muso: "Sen Odamsan, xatoying tufayli bizni jannatdan chiqarding", dedi. Odam esa: "Sen — Alloh sen bilan gaplashib, senga Tavrotni bergan Musosan. Meni Alloh yaratishimdan qirq yil oldin taqdir qilib qo'ygan ishdan meni ayblaysanmi?!" dedi. Shunda Odam Musoni dalilda yengdi." (Buxoriy, Muslim rivoyati — sahih)
Bu hadis Odam alayhissalomning xatosi Alloh taolo azaldan bilgan taqdir doirasida sodir bo'lganini, ammo bu uning shaxsiy mas'uliyati va tavbasini yo'qqa chiqarmasligini ko'rsatadi.
Ibn Kasir va boshqa tarixchilarning asarlarida keltirilishicha, Alloh taolo Odamni oltmish gaz (taxminan yigirma yetti metr) bo'yda yaratgan, undan keyingi avlodlar tobora pasayib borgan (Buxoriy, Muslim rivoyati). Odam alayhissalom yerga tushirilgach, dehqonchilik va hunarmandchilikni boshlab bergan, deb rivoyat qilinadi. U yuz yillar umr ko'rgan va o'z zurriyotiga payg'ambarlik qilgan.
Pattayev Xurshidbek
ta'lim muassasasi talabasi