Baxt va ichki xotirjamlik: o'zligingni anglash va ruhiy yuksalish yo'li
Insoniyat doimo baxt va xotirjamlik nima ekanligini izlab keladi. Qachon biz baxtga erishamiz va u bilan aloqamiz doimiy bo'ladi, degan savol har doim xayolimizdan o'tadi. Hayotiy tajribalar shuni ko'rsatadiki, baxt pulga, hashamatli mashinaga yoki ulkan qasrlarga bog'liq emas. U butunlay insonning o'zidan, ichki dunyosidan kelib chiqadi. Mashhur hikmatda aytilganidek: "Davoing o'zingda-yu, ko'rmaysan, darding ham o'zingdan-u, sezmaysan".
Ma'naviy To'kislik va Ichki Qal'a
Haqiqiy xotirjamlik bilan yashaydigan inson — ma'nan to'kis insondir. To'kislik jismoniy to'qlik emas, balki qalb pokligi, ruh boyligi, vijdon sezgirligi, insonlarga ozor berishdan saqlanish va Yaratganning roziligiga erishishdir. Ruh go'zalligi va tuyg'ular musaffoligi hayot qiyinchiliklari teshib o'tolmaydigan mustahkam qal'a hisoblanadi. Haqiqiy baxt g'am-alam shijoatni so'ndirishiga yo'l qo'ymasdan, qiyinchiliklar oldida qaddini tik tutishda namoyon bo'ladi. O'tmish xotiralari bizning ichki musaffoligimizni loyqalatmasligi kerak, chunki ular faqat dars olishimiz uchun bir tajribadir. Shuning uchun inson o'z umidi va quvonchini faqat boshqalarga bog'lab qo'ymasligi, o'ziga boqib, Yaratganga tavakkal qilishi lozim.
Saodatga Elituvchi Ikki Muhim Harakat
Ba'zilar baxtni xato yo'llardan qidirib, o'zlariga va o'zgalarga ozor beradilar, natijada ularning izlagani shunchaki sarob bo'lib chiqadi. Aslida, baxtga erishish uchun bir-birini to'ldiruvchi ikkita muhim harakat talab etiladi:
- Botiniy (ichki) harakat: Qalbni tozalash, uni muhabbat va iymon nurlariga tutish hamda doimo Yaratganning kuzatib turishini his qilish. Bu insonni ma'naviy inqirozlardan asraydigan eng mustahkam tayanchdir.
- Zohiriy (tashqi) harakat: Boshqa insonlar bilan go'zal munosabatda bo'lish. Bu faqatgina hissiyot emas, balki iymon va qadriyatlarni real hayotda sadoqat, adolat va ezgulikka aylantirish demakdir.
Bu ikki ruknsiz haqiqiy baxtga erishib bo'lmaydi. Inson butun dunyo boyliklariga ega bo'lsa ham, o'z-o'zi bilan kelisha olmasa va jamiyat bilan munosabatlarini go'zal axloq asosida qurmasa, uning hayoti doimo xavotir va taranglikda o'tadi. Aqliy qanoat va insonlarga muhabbat — farovonlikning asosiy kalitlaridir.
Ruhiy "Hiro" g'orini Kashf Etish
O'z illuziyalaringizdan qutulib, tafakkur va ruhiy tarbiya sari qadam tashlash hayotda katta ijobiy o'zgarishlar yasaydi. Har bir insonning o'z ruhiy "Hiro"si — o'z-o'zi bilan qolib, tafakkur yuritadigan, qalbini yomonliklardan tozalab, yaxshiliklar bilan ziynatlaydigan xilvatgohi bo'lishi kerak. Bu shunday bir sokin munojot va ruhiy yuksalish maskaniki, undagi halovatga hech qanday dunyoviy saodat teng kela olmaydi.
Ey Alloh, kunlarimizni baxtli, hayotimizni osoyishta va rozi bo'linadigan etgin. Bizga rozilik va xotirjamlikka to'la hayot, mukammal sog'lik va solih amallarni nasib et. O'z roziliging ila bizni baxt-saodatga va huzur-halovatga yetakla.
Ziyayev Abduqahhor
ta'lim muassasasi o'qituvchisi