Яратилиш санаси 29.09.2026

Odamlarning qaysi biri - eng afzali

 وعن عبد الله بن عمرو - رضي الله عنهما - قال : قيل لرسول الله صلى الله عليه وسلم : أي الناس أفضل ؟ قال : " كل مخموم القلب صدوق اللسان " . قالوا : صدوق اللسان نعرفه ، فما مخموم القلب ؟ قال : " هو النقي ، التقي ، لا إثم عليه ، ولا بغي ، ولا غل ، ولا حسد "
. رواه ابن ماجه ، والبيهقي في " شعب الإيمان " .

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan: «Odamlarning qaysi biri eng afzali?» deb so‘raldi.
U zot: «Har bir maxmumul-qalb va tili rostgo‘ydir», dedilar.
Sahobalar: «Tili rostgo‘yni bilamiz, lekin maxmumul-qalb kishi kim?» deyishdi.
U zot: «U Taqvodor, pokiza, unda hech qanday gunoh, tajovuzkorlik , gina-kudurat va hasad bo‘lmagan kishidir», dedilar. (Ibn Moja sunanlari)

Hadis sharhi:

Qalbning salomatligi va tilning rostgo‘yligi musulmon kishi kashf etishi va egalashi lozim bo‘lgan eng ulug‘ sifatlardandir. Odamlarning bir-biridan afzalligi ana shu sifatlar bilan o‘lchanadi hamda bular jannatga kirishning eng buyuk sabablaridandir.

Ushbu hadisda Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhuma shunday deydilar: Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga: «Odamlarning eng afzali kim?» deyildi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: «Har bir maxmumul-qalb kishidir», deb javob berdilarki, bu — qalbi salomat va pok kimsa demakdir. Biron narsani «taxmim» qilish arab tilida uyni supurish va tozalashni anglatadi. Ma’nosi esa: insonning qalbi yomon xulqlardan supurilgan, tozalangan va xoli bo‘lishidir. «Tili rostgo‘y» iborasi esa tili hamisha va har qanday holatda to‘g‘ri so‘zlashini bildiradi. Boshqacha aytganda, tilning go‘zalligi bilan qalbning pokligi bir-biriga mos keladi va inson riyokorlikdan xalos bo‘ladi.

Sahobalar roziyallohu anhum: «Tili rostgo‘y insonni tushunamiz, lekin maxmumul-qalb kishi kimmiz?» deb so‘rashganida, Nabiy sallallohu alayhi vasallam uning xususiyatlarini shunday tushuntirdilar:

«Taqvodor» — yashirincha ham, oshkora ham Allohdan qo‘rqadigan, barcha amallarida U zotning nazoratini his qilib turadigan kishi.

«Pokiza» — qalbi toza, ichki dunyosi har qanday illatlardan xoli bo‘lgan kishi.

«Unda hech qanday gunoh, tajovuzkorlik (haqsizlik), gina-kudurat va hasad bo‘lmagan kishi» — ya’ni qalbi insonlarga nisbatan yomonlik o‘ylamaydigan, birovning haqiga tajovuz qilmaydigan, ichida adovat saqlamaydigan va boshqalarga berilgan ne’matlarga hasad ko‘zi bilan qaramaydigan deganidir.

Shermatov Azimjon 

ta'lim muassasasi o'qituvchisi