Said ibn Musayyab buyuk muhaddis
U kishi shayxul Islom, Madinaning faqihi, abu Muhammad al-maxzumiy bo’lib, tobeinlarning boshi bo’lganlar. O’n beshinchi yilda tug’ilganlar. Umar, Ubay, Aliy, Usmon, Zayd ibn Sobit, Abu Hurayra va boshqalardan rivoyat qilganlar. Haqni oshkor aytadigan keng ilmli bo’lganlar.
U kishi haqlarida ibn Umar roziyalohu anhu shunday deganlar: “U Allohga qasamki, iqtido qilinadigan kishilardan biridir”.
Aytiladiki, Umar va Usmonning hukmlarini uningdek hech kim bilmas edi.[1]
U kishi Qur’on haqida biror gap aytib, xato qilishdan juda qattiq qo’rqar edi. Tabariy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Men Madinaning ko’plab faqihlari bilan ko’rishdim. Ularning tafsir borasidagi gaplari ulug’ hisoblanadi. Bularning qatoriga Solim ibn Abdulloh, Qosim ibn Muhammad, Said ibn Musayyab va Nofe’lar kiradi.
Yahyo ibn Said aytadi: Said ibn Musayyabdan bir kishi Qur’onning bir oyati haqida so’radi. Shunda u kishi: “Men Qur’on borasida hech narsa ayta olmayman”, deb javob berdilar.
Bu javoblari ular bilmaydigan narsalari haqida deb haml qilinadi. Ammo o’zlaridan o’rgangan, lug’aviy va shar’iy dalolatlari haqida batafsil bilgan hollarida ularda bunday qiyinchilik bo’lmagan. Ulardan tafsir borasida ko’p qavllar naql qilingan.
Lays ibn Sa’d va Molik ibn Anasdan, ular Yahyo ibn Sa’ddan rivoyat qilinadi: aytiladiki, ibn Musayyab Umardan rivoyat qiladi. Lays aytadi: “Chunki u Umarning hukm va qodiyyalarini yaxshi biluvchi kishi edi”. Said ibn Musayyab to’qson uchinchi yili vafot etganlar. Yana bir qavlga ko’ra to’qson to’rtinchi yili degan gap bor.[2]
[1] Tazkirotul huffaz, 1/54. G’oyatun nihoya fi toboqotil qurro, 1/308. Toboqotul kubro, ibn Sa’d, 5/120.
[2] Tazkirotul huffaz, 1/54. G’oyatun nihoya fi toboqotil qurro, 1/308.
Isoqjonov Muhammadibrohim
ta'lim muassasasi o'qituvchisi