Яратилиш санаси 30.09.2026

USTOZ VA MURABBIYLAR — ILM YO‘LINING YO‘LBOSHCHILARIDIR

Inson hayotida unga ilm o‘rgatgan, yaxshilikka boshlagan va to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan ustozning o‘rni beqiyosdir. Ustoz faqat kitobdagi ma’lumotlarni beruvchi emas, balki shogirdning odobi, dunyoqarashi va kelajagiga ta’sir qiluvchi murabbiydir.

Islom dinida ilmning martabasi juda ulug‘. Shuning uchun ilmni o‘rgatuvchi ustozlarning mehnati ham katta fazilatga ega.

Qur’onni o‘rganish va o‘rgatishning fazilati:

عَنْ عُثْمَانَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ ﷺ:
«خَيْرُكُمْ مَنْ تَعَلَّمَ الْقُرْآنَ وَعَلَّمَهُ»

Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh ﷺ dedilar: “Sizlarning eng yaxshilaringiz Qur’onni o‘rgangan va uni o‘rgatganlaringizdir"

Bu hadisdan ilmni o‘rganish bilan birga uni boshqalarga yetkazish ham ulug‘ fazilat ekanini ko‘ramiz. Ayniqsa Qur’onni o‘rgatuvchi ustozning xizmati naqadar sharafli ekani ushbu hadisda ochiq bayon qilingan
.
Ustozning mehnati — ilmni avloddan avlodga yetkazish

Rasululloh ﷺ ilmning yo‘qolishi haqida ogohlantirib, shunday deganlar:

إِنَّ اللَّهَ لَا يَقْبِضُ الْعِلْمَ انْتِزَاعًا يَنْتَزِعُهُ مِنَ النَّاسِ، وَلَكِنْ يَقْبِضُ الْعِلْمَ بِقَبْضِ الْعُلَمَاءِ

“Albatta, Alloh ilmni bandalarning qalbidan sug‘urib olish bilan olib qo‘ymaydi. Balki ulamolarni vafot ettirish bilan ilmni olib qo‘yadi..."

Ustozga hurmat

Shogird ustozidan faqat ilm emas, balki odob, sabr, ixlos va yaxshi xulqni ham o‘rganadi. Shu sababli ustozga hurmat ko‘rsatish ilm talabining go‘zal odoblaridandir

Bugungi kunda “Ustoz va murabbiylar kuni” munosabati bilan ustozlarni tabriklash yaxshi imkoniyatdir. Ammo ustozga hurmatni faqat bir kun bilan cheklab qo‘ymaslik kerak. Ustozni qadrlash, uning nasihatlariga amal qilish va olgan ilmni boshqalarga yetkazish — eng go‘zal minnatdorchiliklardan biridir..

Bayramingiz muborak aziz ustozlar.

Abobakirov Abdujalol

ta'lim muassasasi 2-kurs talabasi