Яратилиш санаси 01.10.2026

Ustoz — ilm va odob chirogʻi

Har yili 1 oktabr kuni yurtimizda Oʻqituvchi va murabbiylar kuni keng nishonlanadi. Bu bayram jamiyatimizning eng aziz kasb egalarini eslash, ularning fidokorona mehnatini eʼtirof etish va minnatdorchilik bildirish uchun belgilangan. Madrasamiz talabalari uchun bu kunning ahamiyati yanada katta, chunki biz bu dargohda nafaqat bilim, balki odob va tarbiya ham olamiz.

Ustozning vazifasi faqat dars oʻtish bilan cheklanmaydi. Ustoz shogirdiga harfni ham, hayot yoʻlini ham oʻrgatadi. U bir qalbga ilm nurini olib kirsa, bu nur oilaga, mahallaga, butun jamiyatga tarqaladi. Xalqimizda «Ustoz — otangdek ulugʻ» degan maqol bejiz aytilmagan.

Islom dinida ilm va muallimning oʻrni nihoyatda yuksak. Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam: «Sizlarning eng yaxshingiz Qurʼonni oʻrgangan va uni oʻrgatgan kishingizdir», deb marhamat qilganlar. Demak, ilm berish eng sharafli ishlardan biridir.

Madrasa ustozlarimiz tong saharlab darsga kelib, yillar davomida sabr bilan mehnat qiladilar. Ular xatolarimizni toʻgʻrilaydi, charchaganimizda ruhlantiradi, adashganimizda toʻgʻri yoʻl koʻrsatadi. Bu mehnatning haqqini faqat Alloh taolo toʻla ado etadi. Biz talabalar esa ustozlarimizga chuqur bilim, goʻzal axloq va yurtimizga foyda keltiradigan hayot bilan javob berishga harakat qilamiz.

Aziz ustoz va murabbiylar! Madrasamiz talabalari nomidan sizni bayram bilan chin qalbdan tabriklaymiz. Sizga mustahkam sogʻlik, oilangizga baraka va xotirjamlik, mehnatingizga esa Alloh taolodan ulkan ajr tilaymiz. Bergan ilmingiz va tarbiyangiz bilan hayotimizga nur kiritganingiz uchun sizdan behad minnatdormiz. Ishonchingizni oqlash uchun astoydil harakat qilamiz. Alloh taolo sizni bizga uzoq yillar ustoz qilib bersin.

Pattayev Xurshidbek

Ta'lim muassasasi talabasi