Abu Yusuf rohimahulloh
Yaʼqub ibn Ibrohim al-Ansoriy rohimahulloh hanafiy mazhabining buyuk imomlaridandir. U zot taxminan 731-yilda tug‘ilib, 798-yilda Bag‘dodda vafot etgan. Abu Yusuf nomi bilan mashhur boʻlib, faqih Abu Hanifaning rohimahullohning katta shogirdlaridan biri. Ularni bolaliklari qiyinchilikda oʻtgan. Rivoyatlarga koʻra, Abu Yusuf rohimahulloh kambagʻal boʻlib, lekin ilmga ishtiyoqlari baland edi. Onalari u zotning ilmiy ishtiyoqini maʼqullamadi va pul topishga yordam berish uchun u qandaydir hunarni (baʼzi manbalarga koʻra, tikuvchilik sanʼati) egallashini talab qildi. Garchi buni toʻliq tasdiqlash mumkin boʻlmasa-da, hikoyalar u onasining xohish-istaklarini bajarganlarini, ammo oʻqishni ham davom ettirganlarini koʻrsatadi.Imom Abu Hanifa rahimahulloh Abu Yusufning fazli va ilmini e'tirof qilar erdi. U og'ir kasal bo'lganida: “Mabodo, bu yigit vafot etsa, yer yuzidagi eng ilmli inson vafot etgan bo'ladi”, degan ekan. Yana bunday degan: “Meni hech kim Abu Yusufchalik mahkam tutgan emas”, “U shogirdlarim orasida barcha ilmlarni o'zida jam qilganidir”.
Shuningdek u zot dastlab, Ibn Abu Laylo rahimahullohga shogird tushgan. So'ng Abu Hanifa rahimahullohdan fiqhni o'rgangan. Abu Hanifa rohimahulloh vafotiga qadar u zot etagini mahkam tutgan. Bu haqda uning o'zi bunday degan: “Men ilm o'rganish uchun Ibn Abu Laylo huzuriga borardim. U kishi meni hurmat qilardi. U biror masalada hukm chiqarishga qiynalsa, Abu Hanifaning so'zini olar edi. Men Abu Hanifa rahimahullohning halqasiga borishni juda istardim. Biroq Ibn Abu Laylodan hayo qilganimdan bora olmasdim. Bir kuni u bilan o'rtamizda ko'ngilsiz voqea sodir bo'ldi. Bu Ibn Abu Layloga og'ir botdi. Men esa, vaziyatdan foydalanib, Abu Hanifa rahimahullohning oldiga borib, u zot etagidan mahkam tutdim. Men Abu Hanifaga o'n yetti yil shogird bo'ldim. Hatto Ramazon va Qurbon hayitlarida ham undan hecham ajramadim. Faqat kasalligim sababli birga bo'lolmagan ba'zi vaqtlarim bundan mustasno”. Shuningdek, Abu Yusuf rahimahulloh darslardagi munoqasha qilingan masalalarni yozib borar, so'ng ustoziga ko'rsatar edi.
Abu Yusuf rahimahulloh aytadi: “A'mash mendan bir nechta masala haqida so'radi. Uning savollariga javob berdim.Keyin: “Bu javoblarni qayerdan olding?” dedi. “Siz menga rivoyat qilib bergan hadisdan oldim”, deb o'sha hadisni eslatdim. U: “Ey Ya'qub, men bu hadisni ota-onang turmush qurmasdan oldin yod olgandim, lekin hozirgacha uning ta'vilini bilmas edim”, dedi. Abu Yusufdan ikki buyuk imom – Muhammad ibn Hasan va Ahmad ibn Hanbal rahimahumalloh ham ilm o'rganishgan.
Abu Yusufning qozilik faoliyati. Abu Yusuf dastlab Kufa qozisi sifatida faoliyat yuritgan. Keyinchalik Abbosiy xalifalari davrida uning mavqei yanada oshib, “Qozil-quzot” (قاضي القضاة) — ya’ni qozilar qozisi, bosh qozi lavozimiga tayinlangan.Abu Yusuf rahimahulloh to vafotiga qadar abbosiylar davlatida uzoq muddat bosh qozi bo'lib faoliyat yuritgan. Mashriqu mag'ribdagi har bir qozi uning maslahati bilan tayinlanar, mazhabni yoyish va uning nufuzi yo'lida hanafiy ulamolardan istaganini qozi etib tayinlar edi. Muhammad ibn Hasan rahimahullohni ham Raqqa shahriga qozilikka tavsiya qilgan. Zero, u zot Abu Hanifa fiqhini qozilik orqali yoyishda boshqalardan ko'ra Imom Muhammadni afzal bilgan.
Zokirjonov Shamsiddin
ta'lim muassasasi talabasi