Яратилиш санаси 28.10.2026

«Kasallik va safarda ham davom etadigan savob»

عَنْ أَبِي مُوسَى الأَشْعَرِيِّ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ:
قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ:
"إِذَا مَرِضَ العَبْدُ أَوْ سَافَرَ، كُتِبَ لَهُ مِثْلُ مَا كَانَ يَعْمَلُ مُقِيمًا صَحِيحًا."
(رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

Abu Muso al-Ash'ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u kishi aytdilar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Banda kasal bo‘lib qolsa yoki safarga chiqsa, unga muqim va salomatlik vaqtida qilib yurgan amallarining mislicha (savob) yoziladi». (Imom al-Buxoriy rivoyati)

Alloh subhanahu va taolo o‘zining taqvodor bandalariga salomatlik va kasallik, bo‘sh vaqt va mashg‘ullik kabi barcha holatlarida amallari uchun ziyoda ajr hamda mukofot berish bilan fazl-u marhamat ko‘rsatdi.

Ushbu hadisda tobe’in Ibrohim Abu Ismoil as-Saksakiy xabar beradiki, ikki tobe’in — Abu Burda ibn Abu Muso al-Ash'ariy va Yazid ibn Abu Kabsha birga safarga chiqdilar. Yazid safarda nafl ro‘zalar tutar edi. Shunda Abu Burda unga Abu Muso al-Ash'ariy roziyallohu anhudan ko‘p marotaba eshitgan quyidagi so‘zlarini xabar qildi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Banda kasal bo‘lib qolsa yoki safarga chiqsa, unga muqim va salomatlik vaqtida qilib yurgan amallarining mislicha (savob) yoziladi».

Kimki nafl namoz, nafl ro‘za yoki shunga o‘xshash biror solih amalni bajarib yurgan bo‘lsa-yu, so‘ngra safarga chiqishi yoki kasal bo‘lib qolishi uni o‘zi bajarib yurgan ushbu nafl ibodatlarni qilishdan to‘sib qo‘ysa, Alloh unga salomatlik va muqimlik chog‘ida bajarib yurgan ibodatining ajr-savobini yozib qo‘yadi.

Aytilishicha, bunga farz ibodatlar ham kiradi. Ya'ni, musulmon kishi salomatlik vaqtida bajarishi lozim bo‘lgan farzlarning barchasini yoki bir qismini kasallik sababli bajarishdan ojiz bo‘lib qolsa, bajarishdan ojiz qolgan amalining ajri unga yoziladi. Hatto farz namozda kasalligi sababli o‘tirib namoz o‘qigan kishiga tik turib o‘qigan kishining namoz ajri yoziladi.

Hadisdan olinadigan foydalar:
Alloh taoloning bandalariga bo‘lgan fazl-u marhamatining buyukligi. Safarda yoki kasal bo‘lganda ushbu ajr-savobga erishish uchun muqimlik va salomatlik vaqtida amallarni doimiy bajarib yurishning afzalligi.

Shermatov Azimjon 

ta'lim muassasasi o'qituvchisi