Fiqhiy qoida sharhi
القاعدة "أن الأصل فى الطلاق الحظر لما فيه من النكاح الذى تعلقت به المصالح الدينية و الإباحة للحاجة إلى الخلاص"
«Taloqda (nikohni uzishda) asl holat — man etishdir (taqiqlashdir). Chunki nikoh rishtasini uzish din, dunyo va oxirat manfaatlariga bog‘liq bo‘lib, undan qutulishga ehtiyoj tug‘ilgandagina ruxsat berish (iboha) yuzaga keladi».
Ushbu qoidaning to‘g‘riligiga quyidagi shar’iy dalillar asos qilib olinadi:
* Qur’oni Karimdan dalil:
Alloh taolo Niso surasida shunday buyuradi: «Agar u ikkovining orasida kelishmovchilikdan qo‘rqsangizlar, erning oilasidan bir hakam va xotinning oilasidan bir hakam yuboringlar. Agar ular isloh qilishni xohlasalar, Alloh ikkovining orasini muvofiqlashtiradi»
* Hadisi sharifdan dalil:
Rivoyat qilinishicha, bir kishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: «Mening xotinim kelganning qo‘lini qaytarmaydi (ya’ni badxulq yoki itoatsiz)», dedi. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Uni taloq qil», dedilar. Haligi kishi: «Men uni yaxshi ko‘raman», degach, u zot: «U holda uni o‘zingda saqlab qol», deb buyurdilar.
* Dalolat yo‘nalishi: Payg‘ambarimizning sollallohu alayhi vasallam «xotinini taloq qil» degan buyruqlari taloqning aslida joiz (muboh) ekanligiga dalolat qiladi.
Qoidaning amaldagi misollari va tatbiqi.
Mazkur qoidadan kelib chiqib, quyidagi amaliy masalalar ko‘rib chiqiladi:
* Birinchi misol (Taloqul-bid’at – johilona yoki tartibsiz taloq):
Er o‘zining xotinini jinsiy yaqinlik qilgan poklik davrida (tuhr) bir taloq qilishi bid’at taloqlar jumlasidandir. Chunki jinsiy yaqinlik qilingan poklik davrida erning xotiniga bo‘lgan rag‘bati susayadi. Demak, bu holatda taloq qilish ehtiyojdan emas, balki rag‘bat yo‘qligidan kelib chiqadi, shu bois bunday taloq qilish taqiqlangan (mahzur) hisoblanadi.
* Ikkinchi misol Hayz paytidagi taloq:
Er o‘z xotinini hayz holatida bir rajʼiy taloq bilan taloq qilishi ham bid’at taloqlaridandir. Buning sababi shuki, e’tiborga olinadigan narsa — taloqqa ehtiyoj borligini aniqlashdir. Aslida taloq qilish istagi rag‘bat to‘la bo‘lgan vaqtda (poklik davrida) yuzaga keladi. Hayz vaqti esa tabiatan va shariatga ko‘ra nafrat vaqti hisoblanadi. Qachonki poklik davridagi ruxsat jihati yo‘qolsa, masalaning asl mohiyati bo‘lgan taqiqqa qaytiladi.
* Uchinchi misol:
Nikohiga olib hali yaqinlik qilinmagan ayolga nisbatan holat boshqacha: unda xotiniga nisbatan rag‘bat hali o‘z kuchida turibdi.chunki u ayolni hali to‘la tatib ko‘rmagan. Shuning uchun bunday ayolni hayz holatida taloq qilish — taloqqa ehtiyoj borligiga dalolat qiladi. Shu bois, uni hayz holatida ham, poklik holatida ham taloq qilish joiz sanaladi.
Ismoilov Akramjon
ta'lim muassasasi o'qituvchisi