Tilovat sajdasi
Tilovat sajdasi nima?
Qur’oni karimning o‘n to‘rtta surasidagi (ba’zi mazhablarda Haj surasining ikki joyida deb hisoblanadi) sajda oyatlari o‘qilganida yoki boshqaning og‘zidan eshitilganda qilinadigan sajda amali "tilovat sajdasi" deyiladi.
Sajda oyatlari
Qur’oni karimning o‘n to‘rt joyida sajda oyatlari bor:
A’rof surasining 206-oyati
Ra’d surasining 15-oyati
Nahl surasining 49-oyati
Isro surasining 109-oyati
Maryam surasining 58-oyati
Haj surasining 18-oyati
Furqon surasining 60-oyati
Naml surasining 24-oyati
Sajda surasining 15-oyati
Sod surasining 24-oyati
Fussilat surasining 37-oyati
Najm surasining 62-oyati
Inshiqoq surasining 21-oyati
Iqro’ surasining 19-oyati
Ushbu sajda oyatlarining har biriga Mushafi sharifda o‘qigan kishini ogohlantirish uchun belgi qo‘yilgan.
Sajdaning vojib bo‘lishi
Sajda oyatlarini o‘quvchi ham, eshituvchi ham sajda qilishi vojib bo‘ladi. Uning vojib bo‘lishi sharti namoz vojib bo‘lishidagi ahliylik kabidir. Ahliylik: musulmon, balog‘at yoshiga yetgan, tahoratli (hayz va nifosdan pok) bo‘lishdir. Eshituvchi esa sajda oyatlaridan biri o‘qilgach, uni eshituvchi bo‘lishdir.
Sajda qilish ushbu oyatlardan birini butun yoki sajda kalimasini ko‘prog‘ini o‘qiganda vojib bo‘lib, sajda kalimasining o‘zini o‘qish bilan sajda vojib bo‘lmaydi.
Sajda tilovatini eshituvchi xoh o‘quvchining yonida turib eshitsin, xoh uzoqroqdan (ya’ni mikrofon orqali eshitsin), farqi yo‘q, baribir sajda qilishi vojib bo‘ladi.
Eshituvchi sajda oyatini balog‘atga yetmagan go‘dakdan, majnundan yoki ovoz yozuvchi moslamadan eshitsa, unga sajda qilish vojib emas. Chunki tilovat aslida uning ahli bo‘lmaganlardan sodir bo‘lmoqda.
Hayz va nifosdagi ayollarga sajda oyatini o‘qish va eshitish tufayli tilovat sajdasi qilish vojib bo‘lmaydi.
Sajdani kechiktirish
Sajda oyatlaridan biri o‘qilgach, uni o‘quvchi uchun ba’zan keng vaqtda va ba’zida tez fursatda sajda qilib olish vojibdir. Agar sajda oyati namozdan tashqarida o‘qilsa yoki eshitilsa, uni bajarish uchun fursat kengroq bo‘lsa, kechiktirgan kishi gunohkor bo‘lmaydi. Ammo hayotining oxirigacha kechiktirib, sajda qila olmay vafot etsa, gunohkor bo‘ladi. Uni kechiktirishning hukmi yengil makruhdir.
Agar sajda oyati namoz ichida tilovat qilinsa, bu holda uni ado etishni kechiktirib bo‘lmaydi, balki vaqt o‘tkazmay, sajda qilish vojib bo‘ladi. Agar qasddan sajda qilmagan bo‘lsa, gunohkor bo‘ladi. Chunki uni ado qilish fursati ozdir. Shu vaqtning o‘zida sajda qilib qo‘yish kerak. Namoz ichida sajda tilovati o‘qilib, sajda qilinmasa, namozdan so‘ng uning qazosi ado etilmaydi.
Namoz ichida sajda oyati o‘qilsa
Sajda oyatlari suraning o‘rtasida yoki oxirida bo‘lishi mumkin.
Sajda oyati suraning o‘rtasida bo‘lsa. Namozxon uni qiroat qilish bilan to‘g‘ri sajdaga borishi afzaldir. Bir marta sajda qilgandan so‘ng yana qiyomga turib, surani oxiriga yetkazadi yoki shu suradan namozga kifoya qilgudek oyatlarni qiroat qiladi-da, ruku’ga boradi. Agar sajda qilmasa, fursatni o‘tkazib qo‘ymay, sajda oyati uchun qilinadigan sajdani ham niyat qilib ruku’ qiladi. Ruku’ oyat sajdasi o‘rniga ham o‘tadi. Ammo sajda oyatidan so‘ng vaqtni o‘tkazmay, sajda qilgan kishiga oyat sajdasini niyat qilish shart emas.
Mabodo, sajda qilish fursati o‘tib qolsa-yu, modomiki, u namoz ichida ekan, ruku’ bilan ham, sajda bilan ham sajda oyatini o‘qigani uchun qilinadigan sajdani ado qilmaydi, balki shu namozning o‘zida xos bitta sajda qiladi.
Sajda oyati sura oxirida bo‘lsa. Namoz ichida uni o‘qish bilan orqasidan sajdani ham niyat qilib ruku’ qilish afzaldir. Demak, shu ruku’ tilovat sajdasining o‘rniga o‘tar ekan. Ammo sura oxiridagi sajda oyatini o‘qib, keyin to‘g‘ri sajdaga borsa, sajdadan keyin yana qiyomga qaytadi va shu suradan keyingi suradan bir necha oyat o‘qib, so‘ngra ruku’ qiladi-da, namozini oxiriga yetkazadi.
Takrorlangan sajda oyati
Bitta sajda oyatini bir o‘rinda ko‘p bor takrorlasa ham, bir marta sajda vojib bo‘ladi. Ammo joy o‘zgarsa, har bir joy uchun alohida sajda qilish ham lozim bo‘ladi.
Sajdaning shartlari va qilinishi
Tilovat sajdasini qilish uchun ham namozdagidek shartlar lozim bo‘ladi. Faqat bunda takbiri tahrima bo‘lmaydi. Tilovat sajdasi jahriy ikki sunnat takbiri o‘rtasida va ikki mustahab qiyom orasidagi bir marta sajdadir. Ikki qo‘l ko‘tarilmaydi, tashahhud o‘qilmaydi va salom ham berilmaydi. Balki (tik turgan holida) takbir aytib, sajdaga yiqiladi. Unda tasbeh aytib, so‘ng takbir bilan yana qiyomga qaytadi. Lekin qayta qiyomga qaytish mustahabdir.
Sajdada «Subhana Rabbiyal a’lo» deb uch bora aytadi. Unga qo‘shib, ushbu duoni o‘qish ham mustahabdir: «Allohummaj’alhaa ‘indaka zuhron va a’zimliy bihaa ajron vazo’ ’anniy bihaa vizron va taqobbalhaa minniy kamaa taqobbalatahaa min Daavuda alayhissalaam».
Ma’nosi: «Allohim, ushbu sajdani huzuringda (menga) zahira qilgin, u sababli ajrimni ziyoda qilgin, uning sababidan gunohlarimni kechib yuborgin, bu sajdani xuddi Dovud alayhissalomdan qabul qilganingdek, mendan ham qabul et».
Yana bu duoni ham aytadi: «Sajada vajhiy lillaziy xolaqohu va shaqqo sam’ahu va basorohu bihavlihi va quvvatih fatabarokallohu ahsanul xoliqiyn».
Ma’nosi: «Yuzim uni Yaratgan va unda kuch-quvvati bilan ko‘z-quloqni ochgan Zotga sajda qildi. Bas, yaratguvchilarning eng yaxshisi Alloh barakotli va buyukdir».
O‘tirgan holida sajda oyatini tilovat qilgan kishi tik turib, keyin sajda qilishi mustahabdir. Sajda oyatini tilovat qilgan kishi bilan uni eshitganlar birga sajda qilishsa, eshitganlar tilovat qilgan kishidan oldin boshlarini sajdadan ko‘tarmaganlari ma’qul. Chunki oyatni o‘qigan kishi eshituvchilar uchun imom o‘rnida bo‘ladi.
Sajda oyatini tashlab ketish
Suradagi sajda oyatini o‘qimasdan tashlab ketish makruhdir. Chunki bu sajdani yoqtirmaslikka o‘xshab qoladi. Tahorati yo‘qligi sababli sajda qilishga tayyor bo‘lmagan kishilarga shafqat qilib, ular oldida sajda oyatini maxfiy o‘qishni ulamolar yaxshi amal deb sanashgan.
Zokirjanov Musallam
ta'lim muassasasi 3-kurs talabasi