G'usl qachon vojib bo'ladi?
Avvalgi mavzuda aytganimizdek, g'usl bu — Haq taologa ibodatlarimiz to'g'ri bo'lishi uchun badanimizni to'liq poklashdir. Ba'zi bir amallar borki, kishida hosil bo'lishi bilan g'usl qilmoq vojib bo'ladi. Har bir musulmon ayol va erkakka mana shu g'usl vojib bo'ladigan o'rinlarni bilmoq, o'rganmoq farzdir. Robbimiz tavfiqi ila mana shu g'usl vojib bo'luvchi bir necha o'rinlarni keltiramiz.
G'uslni vojib qiluvchilar:
Erkak kishidan shahvat ila maniy chiqishi. Maniy ayolga teginishi sabab, yoki qarashi, yoki xayol qilishi sabab chiqsa ham, uyqusida yoki uyg'oqligida chiqsa ham vojibdir.
Kishi uyg'ondi, so'ngra kiyimi yo badanida maniy asarini ko'rdi, unga g'usl vojib bo'ladi, agarki tushidagi ehtilomni eslay olmasa ham.
G'usl maziy chiqishi bilan vojib bo'lmaydi.
Erkak olatining xatna qilinadigan qismi ayolnikiga g'oyib bo'lishi, hech bir suyuqlik chiqmasa ham.
Ayol kishiga hayz va nifos to'xtagandan keyin.
Islomda bo'lmagan kishi junub holda islomga kirsa.
Maniy va maziy orasida farq bor.
Maziy shahvat qo'zg'agan payt chiqadigan suyuq suvdir. Uni chiqishi bilan shahvat susaymaydi, balki yanada kuchayadi.
Maniy esa bu shahvatning nihoyasida chiquvchi quyuqroq, biroz hidli bo'ladi. Chiqqandan so'ng shahvat so'nadi.
Kishi maniy chiqishi sababidan g'usl qildi, g'usldan so'ng siydik yo'llarida qolgan maniy qoldig'i chiqib qolsa, g'uslni yangidan qiladi. Shu oraliqda birinchi g'usl bilan o'qigan namozlarini qayta o'qimaydi.
Junub kishiga man qilingan amallar:
Junub kishiga masjidga kirish, tavof qilish, namoz o'qish, tilovat sajdasi, Qur'on tilovati, Mus'hafni ushlash.
Unga oyat yozilgan narsani ushlash.
Mus'haf ushlashda biroz tafsilotga kirishsak: Kishi o'zi kiyib olgan kiyimning etagi yoki yengi bilan, o'rab olgan ro'molining bir uchi bilan Mus'hafni ushlashi joiz emas.
Kitobni muqovasidan to'liq ajraladigan va kitobga biriktirilmagan g'ilof bilan ushlashi joizdir.
Hayz va nifos ko'rgan ayolning kindigidan tizzasigacha bo'lgan qismidan erining rohatlanishi va hech qanday to'siqsiz shu a'zolariga qarashi man qilinadi. Er kishiga ayolini shu vaqt oralig'ida aytilgan joydan boshqa joylaridan rohat olishi va ayoli bilan bir to'shakda yotishi joiz.
Ayol kishi junub holatida hayz ko'rib qolsa, hayzi tugagandan so'ng g'usl qilsa ham bo'ladi.
Junub kishiga joiz bo'lgan amallar:
Yeb-ichish, boshqalar bilan ko'rishish, duolar o'qish, zikr, istig'for, salovot aytish.
Xulosa
Islom dinimiz bu kabi hassos masalalarda ham daqiq hukmlarni bayon qiladi. Islomda poklik eng avvalgi iymondan keyingi o'rindadir.
Sarvari olam Muhammad sollallohu alayhi vasallam bu xususda shunday deydilar:
الطهور شطر الإيمان
Poklik iymonning yarmidir.
Albatta, har bir balog'atga yetgan musulmon bu kabi xos masalalarni bilmoqligi va buni biladigan kishilardan so'rab o'rganmoqligi juda zarur va muhimdir.
Ahmedov Abdulahad
ta'lim muassasasi 3-kurs talabasi