GO’ZAL XULQQA QANDAY ERISHILADI?
Bildingki, go‘zal xulq aql quvvatining mo‘tadilligiga, hikmat kamoliga bog‘liq. G’azab va shahvat quvvatining mo‘tadilligi ham go‘zal xulq belgisidir. Bu mo‘‘tadillik aql va shariatga tobelikni taqozo qiladi va u ikki jihatga ko‘ra hosil bo‘ladi.
Birinchisi, ilohiy ehson va fitriy komillik bilan hosil bo‘lgan mo'tadillik. Fitriy komillikning belgisi shuki, inson tug‘ma aqli komil, xulqi go‘zal bo‘ladi. Mana shu sifatlar unga shahvat va g‘azabni boshqarishga kifoya qiladi. Balki, undagi tug‘ma mo‘‘tadil bu ikkita xulq aql va shariatga bo‘ysungandir. Bunday inson ta’limsiz olim, hech qanday tarbiya olmasdan odobli bo‘ladi. Bamisoli, Iyso ibn Maryam, Yahyo ibn Zakariyo alayhissalom va boshqa payg‘ambarlar kabi.
Inson tabiatida yana shunday sifatlar yashirinki, ularni muntazam harakat bilan yuzaga chiqarish mumkin. Ba’zi bolalar tug‘ma tili ravon, chehrasi ochiq, saxovat bilan xulqlangan bo‘lsa, ba’zilari buning aksi. Odatlanish, yaxshi xulqli bolalarga qo‘shilish, kattalardan odob-axloqni o‘rganish orqali ularda go‘zal xulqlar hosil bo‘ladi.
Ikkinchisi, qattiq mehnat va riyozat bilan hosil bo‘ladigan mo‘‘tadillik. Deylik, kimdir o‘zida saxovat xulqini hosil qilmoqchi. Buning uchun u saxiylar hayotini o‘zlashtirmog‘i, ya’ni molni Olloh yo‘lida sarflashni o‘rganmog‘i lozim. Nafsga yuklangan bu mehnat to tabiatga singib, xulqqa aylanib ketguncha ulkan sabr kerak bo‘ladi.
Yunusov Sharifxon
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti xodimi