Яратилиш санаси 04.01.2022

Katta jamoa – ahli sunnaning belgisi

Ushbu masalalar ahli sunnaning belgisi ekani, ularga ishonmaganlar esa ahli sunnadan emasligi ta’kidlangan.

Katta jamoa – ahli sunnaning belgisi quyidagilardan iborat:

أن الطاعة مع التوفيق مستويان والمعصية مع الخذلان مستويان 

Qirq birinchi: toat bilan tavfiq barobardir. Ma’siyat bilan o‘z holiga tashlab qo‘yish barobardir.

Mo‘min kishi Alloh taoloning tavfiqi (qudrat) fe’l bilan birga paydo bo‘ladi, deb bilishi lozim. Alloh taoloning tavfiqi fe’ldan oldin bo‘ladi, deb aytish mumkin emas.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bandaga haqiqatda amal quvvati berilgan va u amalga taklif qilingan. Shundan kelib chiqqan holda uning zimmasida Alloh taoloning hujjati lozim bo‘ladi. Biroq bandaga tavfiq quvvati ato qilinmagan. Chunki tavfiq Alloh taolodan bo‘ladi”, – deganlar.

Bu boradagi to‘g‘ri e’tiqod shundan iboratki, mo‘min kishi kimning maqsadi, sa’y-harakati hamda niyati Alloh taologa itoat qilish va Uni rozi qilishdan iborat bo‘lsa, haqiqiy amalga nisbatan Alloh taolodan bo‘ladigan tavfiqqa erishadi, degan e’tiqodda bo‘lishi lozim.

Kimning maqsadi, sa’y-harakati va niyati Alloh taologa gunoh qilishdan iborat bo‘lsa, Alloh taolo haqiqiy amalga nisbatan uni yordamsiz tashlab qo‘yadi. Bunga quyidagi oyat dalil bo‘ladi:
“Bizning to‘g‘roimizda (yo‘limizda) jihod (jiddu jahd) qilganlarni, albatta, O‘z yo‘llarimizga hidoyat eturmiz” (“Ankabut” surasi, 69-oyat).

Bilingki, ahli sunna nazdida (Alloh taolo tomonidan ato qilinadigan) qudrat fe’l bilan birga paydo bo‘ladi. Ya’ni, fe’ldan oldin ham emas, keyin ham emas. Alloh taolo bu haqda shunday marhama qilgan:
“Ey insonlar! Sizlar Allohga muhtojdirsiz. Alloh esa, albatta, G‘aniy (behojat) va Hamid (hamdga loyiq zot)dir” (“Fotir” surasi, 15-oyat).

Ayting: «Alloh xohlaganidan tashqari o‘zim uchun (biror) foyda va zarar (keltirish)ga ega emasman” (“A’rof” surasi, 188-oyat).    

Olimxon Isaqov

“Hidoya” o'rta maxsus
islom bilim yurti o'qituvchisi