Husni xulq (go’zal xulq) Allohning ulug’ xulqidir
Alloh subhanahu va taolo o’zining Haq kalomi Qur’oni karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni vasflab: «Va, albatta, sen ulkan xulqdasan», degan (Qalam surasi, 4-oyat).
Bu oyati karima Payg'ambar alayhissalom uchun katta va oliy bahodur. Alloh u zotga xitob qilib, u kishining xulqlarini ulug'lik bilan sifatlamoqda. Oisha onamizdan u kishining xulqlari haqida so'rashganida «Xulqlari Qur'on edi», deb javob berganlar. Ya'ni, Muhammad alayhissalom Qur'ondagi oliy xulqlar bilan xulqlanganlar. U zot sollallohu alayhi vasallam
Qur'ondagi barcha yaxshi odob-axloqni o'zlariga singdirganlar. Payg'ambarimizning o'zlari: «Men yaxshi xulqlarni batamom qilish uchun yuborilganman», deganlar.
Boshqa bir hadislarida esa: «Kishi yaxshi xulqi bilan kunduzni ro'za tutib, kechasini namoz o'qib o'tkazadiganlar darajasiga yetadi», deganlar.
Alloh taolo yana: «Kechirimli bo'l, yaxshilikka buyur va johillardan yuz o'gir», degan (A'rof, 199).
Ya'ni, o'zaro muomala-munosabatda kechirimli bo'l, oson yo'lni tut. Odamlarga nisbatan o'ta talabchan bo'lma. qilgan xatolarini avf etuvchi, keng bag'irli bo'l.
Haqiqatda ham Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu sifatni muborak shaxslarida mujassam qilgan edilar. Ul zot haqidagi rivoyatlarda kishini hayron qoldirarli darajadagi holatlar zikr etilgan. Ul zotning sahobai kiromlari, haqiqiy mo'min-musulmonlar ham doimo oyati karimada ta'kidlanganidek bo'lishga, ana shu qoida asosida yashashga astoydil harakat qilganlar.
«Yaxshilikka buyur».
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning da'vatlari yaxshilikka buyuradigan da'vatdir. Islom dinida yaxshilikka buyurish har bir musulmon er va muslima ayolga farz qilingandir.
«Johillardan yuz o'gir».
Johillik nodonliq ilmsizlikdir. Islom musulmonlarni nodonlik va nodonlardan, ilmsizlik va ilmsizlardan yuz o'girishga, har qachon donolik va donolarga, ilmu ulamolarga yuz tutishga da'vat qiladi.
Alloh taolo yana:
«Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo'lmas. Sen yaxshilik bo'lgan narsa ila daf qil. Ko'ribsan-ki, sen bilan orasida adovati bor kimsa, xuddi sodiq do'stdek bo'lur. Unga faqat sabr qilganlargina erishur. Unga faqat ulug' nasiba egasi bo'lganlargina erishur», degan (Fussilat, 34 - 35).
Allohning yo'liga da'vat etuvchi olim so'zining qadrini yaxshi bilishi, so'zni his etishi kerak.
Chunki, «Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo'lmas».
Alloh taoloning yo'liga da'vat qiluvchi olimning ishi yaxshi ish, so'zi yaxshi so'z, uning ishi boshqalarning ishidan ustun, uning so'zi boshqalarning so'zidan ustun. Shuning uchun ham, «Sen yaxshilik bo'lgan narsa ila daf qil».
Har qancha yomon gap eshitib, har qancha yomon muomala ko'rsang ham, faqat yaxshi narsa ila qaytar. Hech qachon yomonlik qilma. Ana o'shanda: «Ko'ribsanki, sen bilan orasida adovati bor kimsa, xuddi sodiq do'stdek bo'lur».
Bu Islom ulamolari uchun juda ham zarur bir sifatdir. Har bir narsani yomonlik bilan emas, faqat yaxshilik bilan qarshi olish darajasiga yetgan kishigina katta muvaffaqiyatlarga erishadi.
Ammo bu sifatga erishish oson emas.
«Unga faqat sabr qilganlargina erishur. Unga faqat ulug' nasiba egasi bo'lganlargina erishur».
Har qanday yomon so'zni yaxshi so'z bilan qaytarish, har qanday yomon ishni yaxshi ish bilan qaytarish sifatiga
«...faqat sabr qilganlargina erishur».
Sabr qilmasa, darhol yomon so'zga yomon so'z qaytaradi. Yomon ishga yomon ish qaytaradi. Bu esa, kishiga hech bir foyda bermaydi. Allohning yo'liga, Allohning diniga kishilarni o'rgatish oson ish emas. Allohning dini bo'yicha ta'lim beruvchi shaxs ba'zi kishilarning havoi nafslariga, o'rganib qolgan odatlariga, ularning shaxsiy manfaat deb o'ylab yurgan ba'zi bir narsalariga qarshi gapirishi mumkin.
Shuningdek, olim odam kishilarni o'zlari bilmagan e'tiqod, ibodat va amallarni bajarishga o'rgatishi kerak. Shuning uchun ham olim odam atrofdan turli-tuman malomat, ig'vo, bo'hton, yolg'on gaplar, so'kishlar, ozorlar eshitadi. Turli nohaq tasarruflar va zulmlar ko'radi. Olim shularning hammasiga sabr qilishi kerak. Ana shundagina yuqorida aytilgan darajaga erishadi.
«Unga faqat ulug' nasiba egasi bo'lganlargina erishur».
Nasibasi ulug' bo'lmaganlar erisha olmaydi. Demak, diniy olim bo'la olmaydi.
Demak, olim mashaqqatli yo'lda turli holatlarga uchrashi mumkin. Bunda Allohdan yordam so'rashi kerak.
عَنْ أَبِي الدَّرْدَاءِ أَنَّ النَّبِيَّ ﷺ قَالَ: مَا مِنْ شَيْءٍ أَثْقَلَ فِي مِيزَانِ الْمُؤْمِنِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ مِنْ خُلُقٍ حَسَنٍ وَإِنَّ اللهَ لَيُبْغِضُ الْفَاحِشَ الْبَذِيءَ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ.
Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qiyomat kuni mo'minning mezonida husni xulqdan ko'ra og'irroq narsa bo'lmas. Albatta, Alloh fahsh va chirkin so'z aytuvchini yomon ko'rur», dedilar».
Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilishgan.
Sharh: Qiyomat kunida bandaning amallarini tortadigan adolat tarozusida yaxshi amallari og'ir kelib, jannatga kirishni istagan odam husni xulqli bo'lishi kerak ekan. Husni xulqli bo'lmay, fahsh gap va ishlarni qiladigan, tilida chirkin so'zlar ko'p aytiladigan kishi bo'lish esa, Alloh taoloning yomon ko'rishiga sabab bo'lar ekan. Shuning uchun husni xulkdi bo'laylik va fahshdan hamda chirkin gap-so'zlardan yiroq yuraylik.
Muhiddinov Muzaffar
"Hidoya" o'rta maxsus islom
bilim yurti mudarrisi