Яратилиш санаси 19.06.2022

Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir

Vatan! Bu ajib so’zning asl ma’nosi  ona yurt demakdir. Ajabo,  bu so’zning ma’nosi naqadar ulug’ki, insoniyatga dunyo ne’matlari ichida eng mo’tabar bo’lgan ona siymosi bilan hamohang ifoda etiladi.

      Xalqimizda azaldan Vatan so’zi ila ona so’zini bir-biri bilan chambarchas bog’langan.  Ona-Vatan bu Vatanning onadek aziz, mehribon va jonkuyarligiga ishoradir. Zero, mashhur shoir Uyg’un shunday yozadi:

                                   Vatan – ona so’zi naqadar laziz,

                                   Sensan har narsadan mo’tabar, aziz,

                                   Hurmatingni saqlar har bir o’gil-qiz,

                                   Muqaddas, mo’tabar ulug’ Vatanim,

                                   Sharaf-u shonlarga to’liq Vatanim,

                                   O’lsam ayrilmasman quchoqlaringdan. 

         Chindan ham, inson uchun onadan-da qadrliroq zot  bormi?! Jism-u jon ato etib, yana boshimizda tunlarni bedor o’tkazgan zotdan-a? O’ziga bor zahmatlarni olib rohatni fazrzandiga ilinganini ta’riflashga har qancha ,,mehribon”degan so’z kamlik qilmaydimi?! O’zga jon uchun uning baxti va kamoli yo’lida kerak bo’lsa, o’z jonidan ham voz kechadigan yana qanday kimsa bor?! Aslida esa, mana shu tuyg’u va tasavvurlarning barchasi Vatanning bir parchasi, bir bo’lagi xolos. Vatan! Bu so’zga qancha ta’rif-tavsif berishga harakat qilmay qalamim ojiz qilayotgandek, go’yo. Qancha urinmay ko’ngil to’lmayotganga o’xshaydi. Negaki, Vatan bizga Alloh tomonidan berilgan eng buyuk ne’mat bo’lib, u haqida har qancha yozsang ham yana qaysidir jihatlari qolib ketaveradi, misralar ojiz, g’aribday go’yo, Vatan haqida aytmoqchi bo’lganlaring esa, behisob, shunchalar ko’pki, hisobda adashib ketasan kishi…

             Ayniqsa, Payg’ambarimiz Muhammad sollollohu alayhi vasallam Makkadan chiqib ketishni istamadilar, faqat Makka mushriklarining u zotga zulmlari haddan oshgandan so’ngina Robbimizning izni va ko’rsatmasi bilan sevimli Vatanlaridan chiqib ketdilar. Chiqish vaqti kelganida ko’zga yosh oldilar, ko’ngillar bo’shashib ketadigan so’zlar aytdilar: ,, Makka! sendan ko’ra menga suyukliroq va sevimliroq shahar yo’q. Agar qavmim seni tashlab chiqishimga majbur qilmaganida also sendan boshqa joyni makon tutmasdim”.  Suyukli Payg’ambarimiz alayhissalomni Vatanlariga nisbatan aytgan bu go’zal so’zlariga e’tibor qiling! Vatanning havosi,suvi,tuprog’i va barchasi bamisoli shifodir.  Najmiddin Kubro esa Qo’lida Vatan bayrog’i ila jon berganligi hamda imom bo’lmish buyuk muhaddis xazrat Buxoriy kabi ulug’larimiz o’z tabarruk nomlarini Vatan bilan bog’laganliklari bizga Vatan qadr-u muhabbatini eslatib turgandek bo’laveradi. Vatanni sevmoq yuksak insoniy fazilatdir. Bu borada: ,, Vatanni sevmoq imondandir”, degan hikmatli so’zni esga olishning o’zi kifoya. ,, Vatan ostonadan boshlanadi”, deganlaridek, Vatan har bir kishining qalbida, yuragida yashaydi. Vatan bu biz nasaf olayotgan hurzbaxsh havodir. Har bir inson o’zini Vatannig bir zarrasi ekanini bilmog’i kishi uchun iftixor va buyuk sharaf bo’lib, u - kindik qonimiz to’kilgan, jonga- jondosh, qalbga-sirdosh eng ulug’ kalomdir.

     Vatan – muqaddas dargoh. Bulbul o’z tikonzorida yayrab sayraganidek, odamzot  ham o’z ona tuprog’ida baxt osmonida uchmog’i mumkin. Vatan haqida yozmoqchi bo’lganlarim bisyorki, go’yoki uni ta’riflashga bir inson umri yetmaydi. Unga xizmat qilish esa undanda mas’uliyatdir. Hayotimizni asosiy bo’lagi hisoblangan bu tushuncha bizga naqadar zarur. Shu o’rinda, buyuk Adabiyotshunos olim O’zbekiston Respublikasi qahromoni Ozod Sharofiddinovning ushbu so’zlarini ta’kidlash joiz: ,, Vatan mensiz yashashi mumkin, ammo men Vatansiz yashay olmayman”. 

 

Abdurahmanov No'monxon
bilim yurti 3-kurs talabasi