Namozda saflarning to’g’riligi qalblar ulfat bo’lishining omilidir
Namozni Islomning besh ustunidan biri etib, “Namozni Mening zikrim uchun qoim qil”, deya amr etgan Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo’lsin!
Men o‘qiganimdek namoz o‘qing, deya ummatlariga namozni o‘rgatib ketgan mahbub Payg‘ambarimizga batamom va mukammal salavotu durudlar bo‘lsin!
Namozni o‘zlari uchun ilohiy ne’mat va huzur-halovat deb qabul qilib, uni xushu’ va xuzu’ ila ado etishni yo‘lga qo‘ygan sahobai kiromlardan Alloh rozi bo‘lsin!
Qur’on va Sunnatdan namoz ahkomlarini chiqarib, musulmon ummati uchun osonlik tug‘dirib bergan ulamolarimizga Alloh taoloning rahmati bo‘lsin!
Alloh taolo eng so’ngi Nabiysiga nozil qilgan, hidayat va zulumotni orasini ajratadigan ulug’ kalomida saf tortuvchi farishtalari bilan qasam ichadi.
- Safda tizilib turuvchilar ila qasam.
Oyatda Olamlarning Robbi Oʻzining amrini ado etish uchun safga tizilib, shay boʻlib turgan farishtalar bilan qasam ichmoqda. Alloh taolo keyingi ikki oyatda ham maʼlum bir toifa farishtalar bilan qasam ichadi. Bu esa oʻsha farishtalarning Alloh taolo huzurida oʻziga yarasha qadr-qiymati borligini bildiradi. Ularga eʼtiborni jalb etadi. Ularning shon-sharafini orttiradi. Farishtalar ham Alloh taoloning maxluqotlari, bandalari. Ular oʻziga xos xususiyatlari bilan yaratilgan. Bir toifalari Alloh taoloning amrini darhol bajarish uchun saf tortib tayyor turadilar. Farishtalarning saf tortishlari hadisi sharifda ham kelgan.
عَنْ جَابِرِ بْنِ سَمُرَةَ قَالَ :قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: أَلَا تَصُفُّونَ كَمَا تَصُفُّ الْمَلَائِكَةُ عِنْدَ رَبِّهَا ؟ " فَقُلْنَا : يَا رَسُولَ اللَّهِ، وَكَيْفَ تَصُفُّ الْمَلَائِكَةُ عِنْدَ رَبِّهَا ؟ قَالَ : " يُتِمُّونَ الصُّفُوفَ الْأُوَلَ، وَيَتَرَاصُّونَ فِي الصَّفِّ ".
رواه ابو داود
Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Xuddi farishtalar Robbilari huzurida saf tortganlaridek, saf tortmaysizlarmi?!» dedilar. Biz: «Farishtalar qandoq saf torturlar?» dedik. U zot:«Oldingi saflarni to‘ldirurlar va safda jipslashib tururlar», dedilar».
Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilishgan.
Va yana ko’plab Hadisi shariflarda namozdagi safga e’tibor qaratish qanchalik muhim ekani saqida rivoyatlari keldi quyida ular bilan tanishib chiqamiz.
عن النُّعْمَان بْن بَشِيرٍ ، يَقُولُ : قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : " لَتُسَوُّنَّ صُفُوفَكُمْ، أَوْ لَيُخَالِفَنَّ اللَّهُ بَيْنَ وُجُوهِكُمْ
Noʻmon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Yoki, albatta, saflaringizni to‘g‘ri qilursiz, yoki Alloh yuzlaringizni qarama-qarshi qilib qo‘yur», dedilar».Beshovlari rivoyat qilishgan.
Bu hadisda musulmonlar namozga saf tortganlarida uni to‘g‘ri qilishlari o‘ta lozim ligi ta’kidlanmoqda. Shu bilan birga, safni to‘g‘rilamaslik musulmonlar bir-birlarini yomon ko‘rishlikka sabab bo‘lishiga ham urg‘u beril moqda. Shuning uchun ham doimo safni to‘g‘ri olishga harakat qilishimiz zarur. Ana o‘shanda o‘zaro kelishmovchilik, nafratdan omonda bo‘lamiz. Ming afsuski ko‘pchiligimiz bunga uncha e’tibor qilmaymiz. Endi bilib oldik, e’tibor bermaslikka haqqimiz yo‘q.
Namozda saf tortib turish, siz bilan biz o‘ylagandek, oddiy narsa emas. Namozdagi saflarimiz farishtalarning Alloh taolo huzurida saf tortishlari kabi bir ishdir. Agar biz musulmonlar o‘z qadrimizni biladigan bo‘lsak, Allohga iymonimiz va ibodatimiz ila farishtalardan yuqori darajada bo‘la olamiz. Namozda safda turish esa o‘sha oliy maqomning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biridir. Shuning uchun bu oliy maqomni to‘la his qilgan holda saf tortish kerak.
Chunki namozga saf tortayotgan musulmonlar jamoat bo‘lib Alloh ila roz aytish uchun saf tortayotgan bo‘ladilar. Ularning saflari farishtalarning safidek to‘g‘ri, jips va go‘zal bo‘lishi kerak. Birinchi safdagi ajru savob qanchalik ulug’ ekanini his qilishimiz ham zarur Rosululloh sollallohu alayhi va sallam «Albatta, Alloh va Uning farishtalari birinchi saflarga salavot ayturlar»,. Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilishgan ushbu hadisda Alloh birinchi safda turganlarga O‘z rahmatini nozil qilishi, farishtalar ularning haqqiga istig‘for aytib duo qilishlari bayon qilinmoqda. Demak, safda turgan namozxonlar o‘zlariga Allohning rahmati yog‘ilayotganini va farishtalar duo qilayotganini his qilib turmoqlari lozim. Bu qandayin ham yaxshi hol! Uni topmoq va unga yetishmoq kerak!
Abdullayev Muhammadamin
Hidoya o’rta-maxsus islom
bilim yurti bitiruvchisi