Til-millat tafakkurining bebaho xazinasi
Til har bir millatning koʻzgusi, uning haqiqiy sarchashmasidir. Til bor ekan, millat barhayotdir. Tilni Onaga qiyoslanishi bejiz emas, inson oʻz onasini koʻrmasdan, uning sof muhabbatini, mehrini tuymasdan yashay olishi mumkin emas. Bu fikrimizning isboti sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev soʻzlagan nutqini keltirishimiz mumkin: “Kimda-kim oʻzbek tilining bor latofatini, jozibasi va taʼsir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi boʻlsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, oʻlmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qoʻshiqlariga quloq tutsin”.
1989-yil 21-oktyabr… Aynan shu kunda oʻzbek tilining haqiqiy jozibasini anglashni boshlashga imkoniyat berildi. Oʻzbek millati uchun dunyoga tuynuk ochildi.
2021-yil 21-oktyabr… Roppa-rosa oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligiga 32 yil toʻldi. Xoʻsh, mana shu davr mobaynida oʻzbek tilining haqiqiy jozibasi, uning goʻzalligini dunyoga tanitish uchun qanday ishlar amalga oshirildi?
Taʼkidlab oʻtish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida oʻzbek tili maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Oʻzbek tili haqidagi qonun qabul qilinganidan soʻng barcha davlat hujjatlari oʻzbek tilida yuritila boshlandi, gazeta va jurnallarning oʻzbek tilida chop etilishi yoʻlga qoʻyildi. 1993-yil 2-sentyabrda “Lotin tiliga asoslangan oʻzbek alifbosini tuzish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingandan soʻng, mamlakatimiz har tomonlama rivojlandi va jahon kommunikatsiya tizimidan munosib oʻrin egallashiga yoʻl ochdi. Shu oʻrinda statistik maʼlumotlarga eʼtibor qaratsak: dunyoda 5600 dan ortiq tillar mavjud boʻlib, bundan 200 tasigina davlat tili sifatida qabul qilingan. Ularning orasida oʻzbek tilining borligi uning naqadar sof, mukammal, purmaʼno va jozibadorligining yorqin dalilidir. Rossiyalik tilshunos olima, professor A. M. Kozlyanina “Oʻzbek tili nafis va musiqa ohangidek jozibador” deb bejiz taʼkidlamagan edi.
Lekin, shu oʻrinda savol tugʻilish tabiiy: nahotki oʻzbek tili biror bir joyga nom qoʻyish uchun ham yaroqli boʻlmasa?! Afsus, barchamizga maʼlumki, koʻchalarda doʻkonlar, supermarketlar, turli xil ustaxona shoxobchalari, goʻzallik salonlari, turli xil osmonoʻpar binolar, bogʻchalarga qoʻyilgan nomlar oʻzbek tilida emas balki, boshqa xorij tillarida yozilganligining guvohi boʻlishimiz mumkin. Bu haqiqatni isbotlash uchun siz ulkan bir ilmiy izlanish qilishingiz shart emas, aynan koʻchaga otlanib turib, qoʻlingizga qalam va ruchka olgan holatda chiqsangiz kifoya. Naqadar achinarli holat boʻlishiga qaramay, biz bunga koʻnikib yashab kelmoqdamiz! Axir biz Oʻzbekistonda yashayapmiz-ku, nima uchun unda joy nomlarini oʻzbek tilida nomlay olmaymiz? Buning uchun kim aybdor: oʻzbek millatimi? Ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekistonda osmonoʻpar binolar qurilayotgan boʻlishiga qaramasdan, ularning nomi hali-hamon ingliz tilida ekanligi haqida bildirilgan turli xil fikrlarga duch kelishimiz mumkin. Misol uchun ularning birida yozilishicha, Toshkent shahrining markazida qurilgan “Nest one” deb nomlangan turar joy binosining nomi oʻzbek tilida emas, aynan ingliz tilida! Vaholanki, bu bino Oʻzbekistonda, aynan oʻzbeklar tomonidan (inglizlar emas!) qurilgan-ku! Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarning birida yozilgan maqolada mana bu soʻzlarni ham uchratishimiz mumkin: “Xullas, bunyodkori oʻzbekmi, uning dastxati qurgan binosida yaqqol koʻrinishi kerak va bu oʻsha quruvchining oʻzligini yoʻqotmaganidan darak beradi. Dastxat avvalo nomlarda namoyon boʻladi. Ochigʻini aytganda, rasmiy matbuotda oʻzbek tiliga boʻlgan eʼtiborsizlik anchagina yuqori. Yana ham aniqrogʻi, bu borada davlat muassasalari yetakchilik qilib kelmoqda. Aslida ular tilshunoslarni jalb qilib boʻlsa ham, oʻzbek tilining boyligini xalqqa namoyon etish, yangi soʻz va iboralarni oʻzbekcha talqinini joriy qilishda bosh qosh boʻlishlari kerak”.
Oʻzbek tili AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Turkiya va shu kabi bir qator davlatlarning 60 ga yaqin universitetlari va 100 dan ziyod maktablarida oʻrganilayotgan bir paytda biz qurilgan binolarimizning nomini ingliz yoki rus tillarida nomlab oʻtirganligimizni qanday tushunish kerak?!
Oʻzbek tili ham shunday tillar sirasiga kirishiga yana ozgina harakat qilinsa boʻldi, oʻzbek millatining koʻzgusi hisoblanmish til butunlay yoʻq boʻladi qoladi! Qurilgan binolarga boshqa tillarida nom beraversak, zamon talabi deb xodim tomonidan ishchiga ish uchun oʻzbek tilining oʻzigina kifoya ekanligini bila turib ham rus va ingliz tillarini bilishing kerak degan talab qoʻyaversak, oilada oʻzbek tili bilan bir qatorda ingliz va rus tillaridagi soʻzlarni aralashtirib ishlatishni, tilning ahamiyati haqida faqatgina Til bayrami kunida eslab oʻtsak, OAVda oʻzbek tiling buzib talqin etilgan variantidagi soʻzlar va xato yozilgan soʻzlarni ayovsiz namoyish qilishni davom ettiraversak oʻzbek tilini yoʻqotish uchun 25 yil emas, balki 10 yilning oʻzi ham kifoya qiladi.
Xulosa qiladigan boʻlsak, har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozimligini butun vujudimiz bilan his etishimiz lozim. Bunday vatanparvar harakatni barchamiz oʻzimizdan, oʻz oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz bilanoq oʻzbek tilini rivojlantirishga bevosita ulkan hissa qoʻshgan boʻlamiz.
Zero, buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek: «Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgʻon oyinai hayoti tili va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur».
Nasritdinov Rivojiddin
“Hidoya” o'rta maxsus islom bilim yurti
ma'naviy-ma'rifiy ishlari bo'yicha
mudir o'rinbosari