Qalbning ahamiyati
Haqiqiy hayot qalblarning hayotidir. U faqat qodir Alloh taoloning amriga rioya qilish va uning ta'qiqidan qaytish orqali baxtli hayot kechirishdir. Musulmon kishi tanasining ko'rkamligidan oldin qalbining yaxshiligini izlashi kerak.
Chunki qiyomat kunida insonga faqat sog'lom qalb foyda keltiradi. Alloh azza va jalla qur'oni karimning «Shuaro» surasida bunday marhamat qiladi:
يَوْمَ لا يَنفَعُ مَالٌ وَلا بَنُونَ • إِلاَّ مَنْ أَتَى اللَّهَ بِقَلْبٍ سَلِيم
«U kunda na mol va na farzandlar yordam bermas. Faqat kim Allohning huzuriga toza qalb bilan kelsa, (o'sha manfaat topar).»
Bilishimiz kerak bo'lgan narsa shundaki, iymon - so'z, amal va niyat bilandir. Chunki qalbning to'g'riligi zohirning yaxshiligiga ta'sir qiladi. Ya'ni kishining qalbi qanchalik go'zal va sog'lom bo'lsa, uning tashqi ko'rinishi, so'zi va amalining yaxshiligi ham shunchalik bo'ladi.
Qalb sog'lom bo'lishiga e'tibor qaratishlik katta ahamiyat kasb etishi yuzasidan nabiy (alayhissalom)ning quyidagi hadislarini keltirsak bo'ladi:
عن النعمان بن بشير رضي الله عنهما قال: سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول:
«أَلَا وَإِنَّ فِي الْجَسَدِ مُضْغَةً إِذَا صَلَحَتْ صَلَحَ الْجَسَدُ كُلُّهُ،
وَإِذَا فَسَدَتْ فَسَدَ الْجَسَدُ كُلُّهُ، أَلَا وَهِيَ الْقَلْبُ» متفق عليه
No'mon ibn Bashiyr (rodiyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda rosulalloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilarki: «Tanada bir parcha go'sht bordir. U to'g'ri (solih) bo'lsa, tananing hammasi to'g'ri bo'ladi. Agar u buzuq (noto'g'ri) bo'lsa, tananing hammasi buzuq bo'ladi. Ogoh bo'linglarki u qalbdir!» Imom Muslim Va imom Buxoriy rivoyati.
Musulmon kishi qalbi haqida qayg'urishi kerak. Uni har doim nazorat qilib turishi va unga ta'sir qilishi mumkin bo'lgan har qanday buzuqliklardan o'zini saqlashi kerak. Rosulalloh (sollallohu alayhi va sallam) «Taqvo bu yerda bo'ladi» deb qo'llarini ko'ksilariga uch marta tekkazib ko'rsatdilar.
Sadullayev Muhammadyunus
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti talabasi