«Tablig’chi»lar jamoasi
«Tablig'» — arabcha yetkazish ma'nosida, torn ma'noda Allohning kalomini odamlarga yetkazishni anglatadi. Bu oqimga asrimizning 20-yillarida Hindistonda Muhammad Ilyos tomonidan asos solingan. Oqimning maqsadi kishilarni ommatan islomga chorlash, musulmonlarga islom arkonlariga to'liq amal qilishlari lozim ekanligini yetkazish va ularning Alloh oldidagi mas'uliyatini oshirish. Har o'n «tablig'»chi uchun bir amir saylanadi, amirga bo'ysunishlik vojib hisoblanadi.
Hozirda ushbu oqim Pokistonda, ayniqsa, Karachi shahrida keng tarqalgan. Uning vakillari 90-yillarning boshida O'zbekistonda ham o'z faoliyatlarini olib bordilar. Jumladan, Toshkent shahrining S. Raximov tumanida joylashgan «Langar» masjidida «tablig'chilar» faoliyat olib bordilar. Ular siyosatga aralashmasliklarini izhor etadilar. Biroq, shunga qaramay ular quyidagi sabablarga ko'ra mintaqa va xususan yurtimiz uchun xatarlidir:
1. Oqim islom arkonlarining bajarilishi yuzasidagi keskin da'vatlari va milliy urf-odatlarimizga zid beo'xsho'v soqol qo'yib, uzun ko'ylak kiyishlari hamda namoz va boshqa ibodatlarni bajarishda yurtimizda ming yillar davomida ildiz otgan hanafiya mazhabiga qarshi harakatlar qilishlari fuqarolarning norozi-liklariga sabab bo'ldi.
2. Oqim ko'rsatmalariga ko'ra, har bir «tablig'»chi yilda bir oy, oyda uch kun haftada bir kunni Allohning yo'lida da'vatga sarf etishi kerak. Bu oqimga qo'shilib qolgan kishilarning o'z oila va ota-onalarini tashlab yuqoridagi muddatlarda viloyatlarga da'vat qilish uchun chiqib ketishlari yana bir qator noroziliklarni keltirib chiqarishi tabiiy.
3. Ushbu oqim da'vatchilari asosan juda sayoz bilimga ega bo'lib, hech qanday ilmiy asoslanmagan dalillarni ham kishilarni islomga chaqirish uchun keltiraveradilar. Bunday harakat kishilarda islomga bo'lgan qarashda ham salbiy holatlarni vujudga keltirish ehtimoli yo'q emas.
4. Eng asosiysi jamiyat kishilari orasida bunday keskin taassubga berilgan guruhlarning paydo bo'lishi milliy va diniy nizolar kelib chiqishiga sabab bo'lishi mumkin.
Abdurahmanov No'monxon
Hidoya o'rta maxsus
islom bilim yurti talabasi