FIRIBGARLIKDAN OGOH BO’LING
Har qanday yolg’on narsa dinimizga yod bo’lib, uning eng kichik ko’rinishidan tortib, eng kattasigacha shariatda taqiqlangan. “Firib” forscha so’z bo’lib, yo’ldan ozdirish, makr-hiyla ma’nolarini anglatadi. Boshqacha qilib aytganda, firibgarlik - bu o’zganing mulkini aldash yoki ishonchni suiste’mol qilish yo’li bilan qo’lga kiritishdir.
Islomda aldov, firibgarlik illatlari qoralangan. Bu haqida Alloh taolo o’zining Qur’oni karimida quyidagicha marhamat qiladi:
وَلَا يَحِيقُ ٱلْمَكْرُ ٱلسَّيِّئُ إِلَّا بِأَهْلِهِ
Ya’ni: “Yomon makr faqat o’z egalarini o’rab olur (halok qilur)”, Fotir surasi, 43-oyat.
Dinimizda birovning molini aldov bilan o’zlashtirish qoralash bilangina kifoyalanmasdan, balki ushbu illatdan qattiq qaytarilgan hamdir. Qur’oni karimda bu haqida shunday bayon etilgan:
وَلَا تَأْكُلُوٓا أَمْوَٰلَكُم بَيْنَكُم بِٱلْبَـٰطِلِ وَتُدْلُوا بِهَآ إِلَى ٱلْحُكَّامِ لِتَأْكُلُوا فَرِيقًا مِّنْ أَمْوَٰلِ ٱلنَّاسِ بِٱلْإِثْمِ وَأَنتُمْ تَعْلَمُونَ ١٨٨
Ya’ni: “Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo`l bilan yemang. Bilib turib odamlarning mollaridan bir qismini yeyishingiz uchun hokimlarga gunohkorona tashlamang”, Baqara surasi, 188-oyat.
Ushbu oyat juda katta huquqiy va ijtimoiy masalani qamrab olgandir. Bundagi “Mollaringizni nohaq yemanglar”, deyilganining ma’nosi o’g’irlik qilish, omonatga hiyonat qilish, ribo, sehr va folbinlik bilan pul topish, nojoiz tijorat bilan molni qo’lga kiritish shariatimizdagi harom ammallardan hisoblanadi. Ushbu oyatning davomida poraxo’rlikga qarshi kuchli dalil keltirilgan. Hukm chiqaruvchi kishilarga pora berish va pora olish ham tamoman nojoizdir.
Darhaqiqat, firibgarlikning jamiyatimizni tanazzulga boshlovchi eng jirkanch ko’rinishi bu - poraxo’rlikdir. Bu ish adolatsiz hukmga, zulmning qaror topishiga va fasod ishlarning keng tarqalishiga olib boradi. Mana shuning uchun ham, islom dini bunga qattiq qarshilik qilgan.
Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, qat’iy tarzda “Pora bergan ham, pora olgan ham do’zaxdadir”, deganlar. Imom Tabaroniy rivoyati. Shuning uchun mo’min kishi bunday razil ishlardan uzoqda bo’lishi lozimdir. Chunki, mo’minning maqsadi Alloh rizoligini topish va jannatga kirishdir. Albatta, do’zaxga kirish emas.
Firibgarlik va firibgarlarning turli hillarini bugungi kunda bozorlardagi savdo-sotiqlarda uchratish mumkin. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday ogohlantiradi:
وَيْلٌ لِّلْمُطَفِّفِينَ ١ ٱلَّذِينَ إِذَا ٱكْتَالُوا عَلَى ٱلنَّاسِ يَسْتَوْفُونَ ٢ وَإِذَا كَالُوهُمْ أَو وَّزَنُوهُمْ يُخْسِرُونَ ٣
أَلَا يَظُنُّ أُولَـٰٓئِكَ أَنَّهُم مَّبْعُوثُونَ ٤ لِيَوْمٍ عَظِيمٍۢ ٥ يَوْمَ يَقُومُ ٱلنَّاسُ لِرَبِّ ٱلْعَـٰلَمِينَ ٦
Yani: “(Savdo-sotiqda o’lchov va tarozidan) Urib qoluvchilarga vayl bo’lsin. Ular odamlardan narsa o’lchab olsalar, to’liq olarlar. Va agar odamlarga o’lchab yoki tortib bersalar, kamaytirarlar. Ana shular, albatta, qayta tiriltirilishlarini o`ylamaydilarmi? Ulug` bir kunda. U kunda odamlar olamlarning Robbi huzurida tik turarlar”, Mutoffifin surasi, 1-6 oyatlar.
Qishloq xo’jaligida sutga suv qo’shish yoki asl narsa deb soxtasini sotish, benzinga yot narsalarni qo’shib sotish, oriq molni sotadigan kuni kechasi qornini ishirib yoki har-xil ukollar bilan yuvosh qilib sotish, eski mashinaning yurgan masofasini ko’rsatkichlarini kamaytirib sotish – bularning barchasi makr-hiyla va firibgarlikdir. Shariatimizda bular harom amallardandir.
Shu o’rinda payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “Bizni kim aldasa, u bizdan emasdir. Makr va aldov (egasi) do’zaxdadir”, hadisini yodga olishimiz zarur. Ushbu hadis Imom Tabaroniydan rivoyat qilingan.
Shuningdek, savdogar inson o’z manfaatini ko’zlab, xaridorga zarar yetkazishi mutlaqo joiz emas. Har qanday holda molning aybini aytib sotish kerak. Hozirgi “Telegram”, “Instagram” va “Facebook” ijtimoiy tarmoqlarida, “OLX” kabi platformalarda oldi-sotdi xizmatlar ko’rsatish, turar-joylarni ijaraga berish, umra ziyorati, bemorlarga yordam, turli hayriya aksiyalarini o’tkazish bahonasida pullarni o’zlashtirish holatlari ham uchramoqda. Manashu holatga musulmon kishi hushyor bo’lishi kerak.
Sir emaski ba’zi kishilar qarzga, sherikchilikka deb odamlarning pullarini olib, uni qaytarmay, o’rtalarida nizo chiqishi va yoki yuz ko’rmas bo’lib ketishlari kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu haqida payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Kim odamlarning mollarini qaytarib berish maqsadida olsa, Alloh taolo unga yordamchi bo’ladi. Kim odamlarning moliga talofat yetkazish (chuv tushirish) uchun olsa, Alloh taolo uning o’ziga talofat yetkazadi. Demak, musulmon inson birovning haqqidan do’zaxga tushishdan qo’rgani kabi qo’rqishi zarur. Zotan, inson birovning igna qadar haqqi sababidan halokatga uchrashi mumkin.
Xulosa o’rnida firibgarlikning kishining o’ziga va jamiyatga yetkazadigan zararlarini sanab o’tishni lozim topdik:
- Firibgarlik – kishining iymoni zaif ekaniga dalolat qiladi;
- Firibgarlik – musulmonlar jamiyatida o’zaro ishonchsizlikka sabab bo’ladi.
- Firibgarlik – do’zaxga olib boradi.
- Firibgarlik – munofiqlik belgisidir.
- Firibgarlik – insonlarning molini nohaq yeyish hisoblanadi.
Alloh taolo barchamizni hayrli ishlarda bardavom aylab, yurtimiz obodligi yo’lida olib borayotgan ishlarimizda o’zi madadkor bo’lsin!
Shakimov Otabek
“Hidoya” o'rta maxsus
islom bilim yurti talabasi