JAHOLAT TANAZZUL SABABCHISIDIR
Jaholat va ma’rifat. Ularni ezgulik va yovuzlik buloqlariga o’xshatish mumkin. Chunki barcha buzg’unchilik va jinoyatlar johillik botqog’ida ko’karsa, barcha yaxshiliklar va go’zal amallar ma’rifat chashmasidan oziqlanadi. Shu tufayli qaysi jamiyatda jaholat avj olsa o’sha jamiyat har tomonlama tanazzulga yuz tutadi va aksincha, qayerda ma’rifat hukm sursa o’sha yurt har jihatdan ravnaq topadi. Ayniqsa birinchi prezidentimiz I. A. Karimov ta’birlari bilan aytganda “Mafkuraviy poligonlar yadro poligonlariga qaraganda katta ahamiyat kasb etgan” bir davrda bu kuchlar o’rtasidagi kurashlar yaqqol ko’zga tashlanmoqda. G’araz niyatli kuchlar ming yillik an’analarga, boy insoniy qadriyatlarga, o’ziga xos ma’naviy olamga ega xalqlarni buzg’unchi g’oyalar vositasida o’z ta’sirlariga olishga, jaholat domiga tortishga tinimsiz harakat qilmoqda.
Mamlakatimiz mustaqillikga erishgach ana shunday g’arazli kuchlar yurtimizni ham o’z ta’sir doiralariga kiritishga urinib ko’rinishdi. Ular bu borada eng manfur ishlardan ham qaytishmadi, xalqimizning bir ming uch yuz yillik tarixi bilan chambarchas bog’liq bo’lgan va millatimiz tomonidan doimo, hatto “Xudosizlik davri”da ham qattiq e’zozlanib kelgan Islom dinini niqob qilib, aslida bu dinga tamomila zid bo’lgan g’ayri insoniy g’oyalar targ’ibotiga zo’r berishdi. Sho’rolar davrida xalqimizning Islomdan uzoq tutilganligi va chuqur bilimga ega olimlarimizning kamligi ma’lum ma’noda ularga qo’l keldi. Natijada diniy bilimga chanqoq, lekin asl Islomiy tamoyillardan bexabar ba’zi vatandoshlarimiz ularning domiga tushib qolishdi.
Islom dini niqobi ostidagi diniy – ekstremistik oqimlar tarixiga nazar solar ekanmiz ularning ham aynan jaholat mevasi ekanligini ko’ramiz. Masalan ilk Islomiy ekstremistik oqim sifatida baholanadigan xorijiylar firqasi Xazrat Umar va Xazrat Usmon davridan keyin, Islom o’lkalarining keskin kengayishi natijasida Islomni yangi qabul qilayotgan ming-minglab aholiga to’g’ri diniy bilimlar bera oladigan ulamolar yetishmay qolgan davrda vujudga keldi. Xorijiylar o’zlari to’g’ri deb bilgan aqidalarga asos sifatida olgan bir-ikkita dalillarga mutaassiblik bilan yopishib olar, aksincha o’z aqidalariga zid bo’lgan o’nlab dalillar haqida o’ylab ham ko’rmasdilar. Ularning zalolatlari shu darajaga yetdiki, hatto Payg’ambarimiz alayhissalom tomonlaridan jannatiyligi bashorat qilingan Xazrati Alidek sahobiyni kofirga chiqarishgacha borib yetishdi. Ular ko’zlagan fitnalar o’n minglab insonlar yostig’ini quritdi.
Bugungi kunda mavjud va nisbatan keng tarqalgan vahhobiylik diniy oqimi ham xorijiylar oqimi vujudga kelgan davrga o’xshash bir vaziyatda, ya’ni Saudiya Arabistonida XVIII asrda, mamlakatda ilmiy izlanishlar deyarli to’xtagan, diniy ilmlarni puxta egallagan mujtahid ulamolar qolmagan bir davrda yuzaga keldi.
Shu bois vahobiylikning balandparvoz g’oyalari diniy jihatdan ilmi sayoz aholi o’rtasida qisqa muddatda keng yoyildi. Balandparvoz shiorlarga aldangan xalq vahobiylikning asl Islomiy taomillarga zidligini mutlaqo sezmadi.
Mamlakatimizda diniy aqidaparastlikka qarshi kurashda yuqoridagi omilga katta etibor qaratilib Prezidentimiz SH.M.Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan “Bitta jaholatga qarshi o’nta ma’rifat bilan kurashish” tamoyiliga asosan ish olib borilmoqda. Diniy ekstremistik guruhlarning asl maqsadlarini ilmiy asosda ochib berayotgan adabiyotlar va nashrlar soni ham kun sayin ortib bormoqda. Diniy aqidaparaslikka qarshi olib borilayotgan bu siyosat Islom musaffoligi uchun kurashgan ulamolarning sunnati, ya’ni tutgan yo’llari hisoblanadi. Chunki, Islom olamida mashhur bo’lgan qaysi bir olimning asarlari bilan tanishmaylik, ularning o’z davrlarida mavjud bo’lgan turli adashgan oqimlarni qattiq qoralanganlarini, ularga qarshi alohida asarlar bag’ishlaganlarini ko’ramiz. Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Nasafiy kabi allomalarimizning ilmiy faoliyati bunga yaqqol dalildir.
Diniy aqidaparaslik va mutaassiblikga qarshi davlatimiz rahbariyati tomonidan olib borilayotgan bunday oqilona siyosat natijasida buzg’unchi kuchlarning o’z jirkanch maqsadlari sari odimlashlariga chek qo’yilmoqda. Adashganlarni qayta tarbiyalash bilan birgalikda yoshlarimizning pok Islomiy bilimlaridan bahramand bo’lishlariga ham keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Shuningdek diniy bilimlarga qiziqqan oddiy aholi uchun chop etilayotgan diniy adabiyotlar va matbuot nashrlari salmog’i ham kun sayin oshib, saviya jihatdan mukammallashib borayotganligini alohida ta’kidlab o’tish lozim. Albatta yurtimizda yaratilayotgan bunday qulayliklar, imkoniyatlar uchun hukumatimizdan minnatdor bo’lishlik, yaratganga shukronalar aytishlik- muqaddas burchimizdir.
Abduvohidov Muhammadyusuf
"Hidoya" oʻrta maxsus
islom bilim yurti talabasi