Mazhabsizlik tushunchasi
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldiki, u ham bo‘lsa mazhabcizlikka chaqiruvchilar toifasidir. Harakat tarafdorlarining da'vosicha, islomda unga e'tiqod qiluvchi shaxs uchun sunniylikdagi to‘rt mazhablarning biriga ergashish shart qilinmagan.
Ma'lumki, sunniylikda to‘rtta fiqhiy mazhab bo‘lib, ular: shofi'iy, molikiy, hanbaliy va hanafiy mazhablardir. Bu fiqhiy mazhablar islomda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, bugungi tahlikali kunda aqidada adashayotgan, mutaassib, ekstremistik oqimlarga da'vat qilayotganlarning nohaq da'volariga zarba berishda asos bo‘layotgan bu mazhablar asoslarini tutganlar adashmaydilar.
Xulafoi roshidinlar davrlarida islom dini hududi kengaydi. Misr, Suriya, Iroq kabi davlatlar islom dinini o‘zlariga qabul qildilar. Kufa va Basra kabi yangi shaharlar barpo qilindi. Mazhablar paydo bo‘lishining asosiy omili ham mana shundan boshlangan. Bu yurtlarga islom dini ta'limotlarini yetkazib bera oladigan ustoz ya'ni olim — sahobalar kelib, ularning xolis mehnatlari samarasida Alloh taolo din ahkomlarini mukammal talqin qila oladigan zabardast fiqh ulamolarini dunyoga kelishini iroda qildi.
Ana shunday ulug‘ allomalardan biri hanafiy mazhabi asoschisi bo‘lmish Imomi A'zam Abu Hanifa No‘mon ibn Sobitdir.
Hanafiylik mazhabi mo‘tadilligi, dinimizning mohiyatini musulmonlarga oson yetkazishi, diyorimiz musulmonlari asrlar osha o‘zaro ittifoqda, muammolarni oson hal qilib, din ko‘rsatmalariga go‘zal holda amal qilib, kelayotgani yurtimizda ko‘p sonli zabardast olimlarning yetishib chiqayotgani kabilarda, eng maqbuli sifatida o‘z isbotini topdi. Bizning yurtimizda diniy e'tiqodimiz asosan hanafiy mazhabi asosida ekani Yaratganning marhamati, mo‘min-musulmonlarning hidoyat yo‘lida, ahil-birdam ekanining asosiy sabablaridan biridir. Zero, taniqli olim, marhum Ramazon Butiy ta'kidlaganidek: “Mazhabsizlik bu dinsizlikka olib boruvchi ko‘prikdir”.
Haqiqatdan e'tibor berib o‘rganib ko‘rsak, hozirgi kunimizdagi din niqobi ostidagi hamma buzg‘unchi ekstremistik oqimlar va guruhlarning a'zolari mazhabsizlikning natijasidir. Chunki, ba'zan mazhabga qarshi bemazhablar qaysar haqqa unamaydigan, sof e'tiqodli ulamolarimizning nasihati va ko‘rsatmalariga rozi bo‘lmaydigan mutaassib bo‘lib, oxir-oqibat buzg‘unchi — terrorchi oqimlar safiga kirib qolishmoqda.
Biz barchamiz dinimiz ko‘rsatmalarini xalqimizga ahli sunna val jamoa, xususan hanafiylik mazhabi e'tiqodiga muvofiq mukammal qilib yetkazishga mas'ulmiz.
Xalqimiz ma'naviy hayotida asrlar bo‘yi e'tiqod, iymon, pok aqida sobitligi muhim o‘rin tutgan. Shundan kelib chiqib, xalqimiz e'tiqodini turli g‘arazli xurujlar va hamlalardan himoya qilish, biz yoshlar dinimizning asl mohiyatini to‘g‘ri tushunishimiz va qolgan yoshlarimizga toʻgʻri tushuntirishimiz, musaffo islom g‘oyalarini aholi, xususan, biz yoshlar to‘g‘ri tushunishimiz bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridandir. Mamlakatning kelajagi bo‘lgan biz yosh avlod har jihatdan – ham jismonan, ham axloqan, ham ma'nan barkamol bo‘lishimiz lozim. Pag‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.): «Har biringiz rahbarsiz va har biringiz qo‘l ostidagilaringizga mas'ulsiz», deya marhamat qilganlar.
Din niqobidagi turli buzg‘unchi oqim va firqalar mamlakatdagi tinchlik, osoyishtalik, millatlar va dinlar o‘rtasidagi ahillikka rahna solishni maqsad qiladilar. Bu esa har birimizdan doimo hushyorlik va ogohlikni, yoshlar tarbiyasiga mas'uliyat bilan yondashishni shu yo‘l bilan jaholatga ma'rifatni qarshi qo‘yib, ular qalbini chetdan bo‘layotgan barcha xurujlardan qat'iy himoya etishni talab etadi.
Ibaydullayev Abduqoyyum
"Hidoya" oʻrta maxsus islom
bilim yurti 3 kurs talabasi