Яратилиш санаси 07.03.2023

Bir oyat tafsiri

﴿یَـٰۤأَیُّهَا ٱلَّذِینَ ءَامَنُوا۟ لَا یَسۡخَرۡ قَوۡمࣱ مِّن قَوۡمٍ عَسَىٰۤ أَن یَكُونُوا۟ خَیۡرࣰا مِّنۡهُمۡ وَلَا نِسَاۤءࣱ مِّن نِّسَاۤءٍ عَسَىٰۤ أَن یَكُنَّ خَیۡرࣰا مِّنۡهُنَّۖ وَلَا تَلۡمِزُوۤا۟ أَنفُسَكُمۡ وَلَا تَنَابَزُوا۟ بِٱلۡأَلۡقَـٰبِۖ بِئۡسَ ٱلِٱسۡمُ ٱلۡفُسُوقُ بَعۡدَ ٱلۡإِیمَـٰنِۚ وَمَن لَّمۡ یَتُبۡ فَأُو۟لَـٰۤىِٕكَ هُمُ ٱلظَّـٰلِمُونَ﴾ [الحجرات ١١))

Ey, iymon keltirganlar(Oyati karima Tamiym qavmi Omir va Suhayb kabi kambagʻal musulmonlarni masxara qilishganlarida nozil boʻldi.

Suxriyya: mensimaslik, tahqirlash maʼnolarini ifodalaydi.)! Bir qavm(ya'ni sizlardan erkaklar) bir qavmni masxara qilmasin! Shoyadki, ular sizlardan(Allohning nazdida) yaxshi boʻlsalar. Ayollar(ya'ni sizlardan ayollar ham) boshqa ayollarni masxara qilmasinlar, shoyadki, ular ham sizlardan yaxshi boʻlsalar.

Oʻzlaringizni mazax qilmanglar(ayblamanglar, bas ayblanasizlar ya'ni ba'zilaringiz ba'zilaringizni ayblamanglar!) va bir biringizga laqab qoʻymang (ba'zingiz ba'zingizni u yomon koʻrgan laqab(nom) bilan chaqirmang! Bunday laqablardan: Ey fosiq, ey kofir kabilar) Fosiqlik nomi(masxaralash,yomonlash, laqab qoʻyish kabi quyida zikr qilinganlar) iymondan soʻng buncha ham yomondir! Va kim (mana shu ishlardan) tavba qilmasa bas, Ana oʻshalar zolimlardir!  "Hujurot" surasi, 11-oyat.

Oyati karimadagi muhim eslatmalar va foidalar:

• Masxara qilish, tahqirlash va yomonlash kabi ishlardan Alloh taolo oʻzining ulugʻ kalomida buyruq ila xitob qildi. Bu esa har qanday musulmonni sergaklikka va har bir soʻzlarida xushyor boʻlishga chorlaydi. Bunday ishlar nafaqat ikki yaqin doʻst orasini, balki butun bir jamiyatni ham orasida kelishmovchiliklar keltirib chiqaradi. Musulmon inson esa bundan xunuk ishlardan oʻzini tiyadi va Robbisining oyatiga itoatda boʻladi.

• Alloh subhanahu va taolo bu oyatda umumiy xitob qilsa ham kifoya qilardi. Lekin, oʻzining goʻzal hikmati ila ayollarga ham alohida ta'kidlab oʻtdiki, bunday ishlar ayollar orasida ham juda koʻplab uchrab turadi. Oʻz oʻrnida, bu kabi soʻzlar musulmonlar ayollarni ham yuz koʻrmas boʻlib ketishiga ham sabab boʻladi.

• "Bir biringizga laqab qoʻymang!" Musulmonlar orasida bir insonni ismiga qoʻshimcha nom qoʻshish uchrab turgan, hattoki juda ham koʻp boʻlgan. Buyuk sahobalarga nisbatan ham shunday holatlar kuzatilgan, misol uchun, Abu Bakr Siddiq, Umar al-Faruq, Abu Hurayra roziyallohu anhumlar kabi. Bundan quyidagicha xulosa kelib chiqadi: "Bir insonga ism, nom qoʻyish joiz lekin oʻsha kishi shu ismni yomon koʻrmasligi zarur. Muallif ham oʻz tafsirlarida shuni aytib oʻtdilar: "Ba'zingiz ba'zingizni u yomon koʻrgan nom ila chaqirmasin!". Shunday ekan, har bir musulmon inson oʻz birodarini va yaqinlarini chiroyli hamda, oʻsha kishi yoqtiradigan ismlar bilan chaqirishi zarur boʻladi. Bu esa, musulmon insonning goʻzal odoblaridandir!

• Kim shu ishlarni qilgan boʻlsa va bu kabi ishlar gunohligini bilgandan soʻng ham tavba qilmasa, ana oʻshalar zolim kimsalardir. Ushbu "Hujurot" surasining kelasi oyati karimada esa Alloh tavba qiluvchilarni tavbasini qabul qiluvchidir deya butun insoniyatni tavba qilishga undagan, tavba qiluvchilarni tavbasini qabul qiluvchi ekanini ham zikr qilgan.

• Alloh taolo barchamizni tavba qiluvchi va bu kabi gunoh ishlardan saqlanuvchi bandalaridan qilsin!
"Tafsiyrul Jalolayn" kitobi asosida tayyorlandi.
Kitob muallifi: Imom Jaloliddin Mahalliy va Imom Jaloliddin Suyutiy(Alloh u kishilarni rahmatiga burkasin).

Mahmudov Islomjon 

"Hidoya" oʻrta-maxsus islom
bilim yurti, 45-guruh talabasi