Яратилиш санаси 09.11.2022

G'aroniq masalasi

Mana 14 asrdan ortiq vaqt oʻtdi hamki, islom dini oʻz asosi, oʻz obroʻsini saqlab kelmoqda. Albatta bu Alloh taoloning inoyatidir. Lekin bu yoʻlda islom dini oʻz shaʼniga otilgan qanchadan-qancha boʻxton toshlariga guvoh boʻldi. Mana shunday boʻxton toshlaridan biri - bu "G'aroniq voqeasi"dir.

Nimamish paygʻambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallam Makka mushriklariga Najm surasini tilovat qilish asnosida “أَفَرَأَيْتُمُ اللَّاتَ وَالْعُزَّىٰ وَمَنَاةَ الثَّالِثَةَ الْأُخْرَىٰ”  (19-20-oyatlar), ya'ni “Lot va Uzzoni oʻylab koʻrdingizmi? Va boshqasi - uchinchisi Manotni ham" mazmunidagi oyatlarini oʻqiganlaridan keyin Iblis alayhi la'na kelib u zotning tillariga: “تِلْكَ الْغَرَانِيقُ الْعُلَى وَإِنَّ شَفَاعَتَهُنَّ لَتُرْتَجَى”, ya'ni “Bu oliy qushlar boʻlib, ularning shafoatlari umid qilinajak” degan soʻzni tashlagan emish, keyin sura oxiridagi sajda oyati tilovat qilinganda barcha oʻsha joydagi musulmonlar-u mushriklar sajda qilgan emish, soʻng Jabroil alayhissalom u zot sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, oʻsha shayton qoʻshib qoʻygan joy xato ekanligini aytgan emish.

Bu, albatta, Islom dini sha'niga, ayniqsa Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamning sha'nlariga otilgan boʻxton toshidan oʻzga narsa emasdir. Bu voqea xato ekanligiga bir qancha aqliy dalillar bilan javob berib koʻramiz:

1. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam, umuman barcha paygʻambar alayhimusssalomlar avvalambor oʻz qavmlarini birinchi boʻlib shirk, kufrdan qaytarishlari kerak boʻlgan. Demakki ular kufr nima, shirk nima bularning barchasini odamlar orasida eng biluvchiroqlari boʻlishgan. Yuqoridagi "shayton ilqo qilgan jumla" ham kufrdan oʻzga narsa emas. Endi paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam paygʻambalarning eng ulugʻi boʻla turib, qanday qilib bunday xatoni koʻzdan qochirishlari mumkin, ayniqsa bu oddiy ish emas, balki iymon va kufr borasidagi masala boʻlsa?;

2. Mantiqan fikrlaydigan boʻlsak ham bu voqea toʻqima ekanligi kelib chiqadi. Qanday qilib? Ya'ni, goʻyoki u zot sollallohu alayhi va sallam mushriklarning but-sanamlarini yomonlab turib, orada bir bor maqtab, yana yomonlab ketishliklari, albatta, mantiqqa zid. U zot sollallohu alayhi va sallam esa insonlarning har tarafdan eng mukammalidirlar, ular bunday mantiqsizlikka qoʻl urmaganlar, albatta!;

3. Baʼzilar bu voqeani rivoyat qilgan shaxslar ishonchli kishilar boʻlishganini aytishadi, lekin bu hadis mursal hadis, ya'ni tobe'in sahobadan emas, balki toʻgʻridan-toʻgʻri u zot sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan hadis ekanligi ayondir. Shuning oʻzi ham bu sahih emasligiga dalil boʻla oladi. Bunday tashqari imom Tantoviy rohimahulloh oʻzlarining "At-tafsir al-vasit" asarlarida: “Bu rivoyatlarning barchasi mursal hadis boʻlib, men sahih koʻrinishdagi biron bir sanadni bilmayman”, - deganlar. Muhammad al-G'azzoliy oʻzlarining "Al-fiqh as-siyra" asarlarida: “Bu voqea islom ummati gʻaflatda boʻlgan paytda kitoblarga qoʻshilib qolgan”, - deb aytadilar. Oʻylaymizki, mana shu dalillarning oʻzi ham aql egalariga kifoya qilsa kerak.

Xulosa qiladigan boʻlsak, biz uchun dinimizga otilgan boʻxton toshlari-yu, har xil toʻqima voqea-hodisalarga ishonib ketavermay, balki bu xususda ulamolardan eshitib, sof dinimizni qanday boʻlsa, shundayligicha asl holatda asramog'imiz lozim boʻladi. Vallohu aʼlam.

Abdulqosimov Abdulatif

"Hidoya" oʻrta maxsus islom 
bilim yurti talabasi