Яратилиш санаси 30.11.2022

XORIJIYLAR TOIFASI

"Xorijiy" so'zi arab tilidagi "خرج"(Xoroja) so'zidan olingan bo'lib,"chiqmoqlik" ma'nosini anglatadi. Binobarin, xorijiylar Ali ibn Abu Tolib (r.a) va Muoviya ibn Abu Sufyon (r.a) ga qo'shilmay ,ularga qarshi bosh ko'targan toifadir. 

Islomdagi ilk oqim tarafdorlari Xalifa Ali (r.a) bilan ummaviylar o'rtasidagi kurash davomida VII asrning ikkinchi yarmi boshlarida vujudga kelgan.

Xalifalik uchun  Ali (r.a) va  Muoviya (r.a) ning tarafdorlari (ummaviylar) o'rtasida kelishmovchilik kelib chiqdi va bu muammo qon to'kilishigacha olib bordi.Shundan so'ng Ali (r.a) muzokara olib borishga koʻndilar. Bu hol Ali (r.a)haqiqiy vorislik huquqiga ega deb hisoblagan tarafdorlarining oʻrtasida norozilik tugʻdirgan. Qoʻshinning bir qismi (12 ming kishi) Ali (r.a)ni kelishuvchilikda ayblab, undan ajralib chiqqan va keyinchalik Ali(r.a)ga ham, ummaviylarga ham barobar murosasiz  kurash boshlagan. Ana shu guruh tarafdorlari "Xorijiylar"  deb nom olgan. Xorijiylar  harakati arablar tomonidan boʻysundirilgan Iroq va Eron aholisi, oddiy arab musulmonlar manfaatini ifodalagandek ko'rinsada,aslida o'z manfaatlarini ko'zlab ko'plab fitnalar uyushtirganlar.

Xorijiylar o'zlaridan boshqalarni "dindan qaytgan" deb eʼlon qilgan. Siyosiy va gʻoyaviy qarshi chiqganlarga  nisbatan ayovsiz kurash olib borgan toifadir. Xorijiylar taʼlimotiga koʻra, xalifa diniy jamoa tomonidan saylanadi va jamoaga boʻysunadi; har qanday taqvodor musulmon (hatto qul yoki qora tanli boʻlsa ham) xalifa boʻlib saylanishi mumkin; agar xalifa jamoa manfaatlarini himoya qilmasa, vazifasidan boʻshatiladi va hatto qatl etiladi. Xorijiylar fikricha, eʼtiqod amaliy faoliyat bilan mustahkamlanishi lozim. Keyinchalik Xorijiylar bir necha mayda guruhlarga boʻlinib ketgan. Ummaviy va Abbosiy xalifalar 7—9-asrlarda Xorijiylarga qarshi keskin kurash olib bordi. Buning natijasida Xorijiylarning aksar qismi halok bo'ldi. Qolganlari esa  Shimoliy Afrikada oʻz davlatini vujudga keltirdi. Xorijiylar xalifalikdagi koʻpgina qoʻzgʻolonlar (Zanjilar qoʻzgʻoloni, Abu Muslim qoʻzgʻoloni va boshqa qoʻzgʻolonlar)da qatnashgan. Hozirgi davrda Xorijiylarning "Ibodiylar"firqasi magʻrib mamlakatlarida (Jazoir, Tunis va boshqa mamlakatlarda), jumladan Ummon va Tanzaniyada uchraydi.

 

Ibroximov Abdumalik

"Hidoya" o'rta maxsus islom
bilim yurti talabasi