Takfir tushunchasi mazmun-mohiyati
Islom tarixida, takfir tushunchasi xalifa Ali roziyallohu anhu davrida paydo bo‘lgan xorijiylar firqasi tomonidan o‘zlariga ergashmaganlarga nisbatan qo‘llanilgan. Ular dastlab xalifa Alining ashaddiy tarafdorlari bo‘lib, “Siffiyn” jangidan so‘ng hazrati Alidan o‘n ikki minglik qo‘shin bilan ajralib chiqib, unga va Muoviyaga qarshi barobar kurash boshlagan.
Xorijiylar qurol ishlatish orqali o‘z e'tiqodini tarqatish va hokimiyatga erishishni maqsad qilib qo‘ygan. Ular musulmonlarni o‘ldirishni halol sanaydilar. Katta gunoh qilgan kishini kofirga chiqarib, ularning moli va jonini o‘zlariga halol sanashgan. Ta'kidlash o‘rinliki, xorijiylarning mazkur takfir tushunchasi orqali minglab musulmonlar, jumladan, xalifa Alining ham hayotlariga tajovuz qilingan.
Islom ulamolari xorijiylarning katta gunoh bo‘yicha da'volarini tahlil qilib, umuman ularni islomiy tushunchalardan yiroq ekanligini ta'kidlashadi. Jumladan, musulmonlar tomonidan sodir etilgan gunohlar sababli islomdan chiqmasligi haqida qator dalillar mavjud. Jumladan, Islom ulamolari aytadilar: Islom shahodat kalimasidir. U bilan inson musulmon bo‘ladi.
Bunga Uboda roziyallohu anhuning Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan hadislari dalil bo‘ladi: “Kim Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad Uning Rasuli ekanligiga guvohlik bersa, do‘zax unga harom bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyati). Yana: Abu Zarr roziyallohu anhuning Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan keltirgan hadislari dalil bo‘ladi: “Ummatimdan biror kishi Allohga hech bir narsani sherik qilmagan holda vafot etsa, jannatga kiradi”, – deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).
“Takfir” — musulmonni imonsizlikda ayblash demakdir. Jihodchilar ularga ergashmagan musulmonlarni “kofir” ya'ni “dinsiz” deb asossiz hukm chiqarib, o‘zlarining jirkanch maqsadlarini, insoniylikka zid xatti-harakatlarini amalga oshirmoqdalar. Biror kishini kofirga chiqarish og‘ir ish, uning xatari va xatosi ham qattiq ekan, ulamolar bu borada tolibi ilm, ayniqsa endi ilm o‘rganishni boshlagan hali yetarli bilimga ega bo‘lmagan odam bu mavzuga kirishishdan ehtiyot bo‘lishi, o‘zi va oxirati uchun foydali bo‘lgan ilmlarni o‘rganish bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak, deb ta'kidlaydilar.
Fayzullayev Shahobiddin
"Hidoya" oʻrta maxsus islom
bilim yurti 46-guruh talabasi