Яратилиш санаси 21.03.2023

Navroʻz umumxalq bayrami

Ushbu kun kecha bilan kunduzning tenglashgan paytidir. Ushbu bayramning kirib kelishi bilan ko'pgina O'zbek oilalar Sumalak, Xalim, Ko'k somsa, Osh kabi turli milliy taomlarni tayyorlaydilar. Mazkur taomlar odamzod organizmiga foydali bo'lgan ko'p vitaminlarga boydir.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so'ng O'zbek xalqining qadimiy urf-odatlari va ana'nalari kuchga kirdi, jumladan Navro'z bayramini nishonlash o'ziga xos tusga ega bo'ldi. Bu bayram barcha xalqlarning do'stlik va birlik ramziga ega bo'lgan umumxalq bayramdir.  

Xalqimizning “Hamal kirdi – amal kirdi” degan maqoli juda mashhur. Hijriy-shamsiy taqvim bo‘yicha Quyoshning birinchi burjga va oyning o‘n ikki burjdan biri – Hamal (homilador qo‘y)ga kirishi bilan “Navro‘z”, “Yangi kun”, u bilan birga esa yangi yil va yangi fasl – bahor kirib keladi. Navro‘z va yangi yil kelishi bilanoq, bahor nafasidan borliq tanasiga qayta jon kiradi. 5000 yillik tarixga ega bu bayram inson ichki olami va uning tabiat bilan uyg‘unligi ramzidir.

Istiqlol ijtimoiy hayotimizning barcha jabhalari, ayniqsa, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Marhum birinchi Yurtboshimizning farmonlari sharofati ila yurtimiz yana jonajon Navro‘zga bag‘ir ochdi. Asrlar osha ezgulik, nafosat va yasharish bayrami bo‘lib kelgan bu qadimiy bayram istiqlol yillarida yanada o‘zgacha tarovat kasb etmoqda.

Ma’lumki, islom taqvimlari Oy kalendari va Quyosh kalendariga bo‘linadi. Alloh biz bandalar hisob-kitobni, yil, oy va kunlar adadini bilmog‘imiz uchun Qur’oni karimda burjlarni zikr qilib, ular bilan qasam ichadi. Kalomullohda “Buruj” nomli sura ham mavjud bo‘lib, uning 1-oyatida Alloh aytadi: “Qasamyod etaman (o‘n ikkita) burjlarga ega osmon bilan”. Bu o‘rinda burjlardan murod – osmondagi Quyosh va Oy burjlaridir. “Furqon” surasining 61-oyatida esa Parvardigor shunday marhamat qiladi: “Osmonda burjlarni bunyod etgan va unda chiroq (Quyosh) va nurafshon Oyni paydo qilgan zot barakotli (buyuk)dir”.

Mazkur oyatlardan ma’lum bo‘ladiki, burjlar behudaga va besabab yaratilmagan, shuningdek, Alloh ham bejiz burjlar bilan qasamyod etmagan. Uning Quyosh va Oy bilan, yulduzlar bilan qasam ichishida aql egalari uchun oyat – ibratlar bordir. Zotan, Quyosh va Oyning yaratilishidan maqsad ham biz bandalarning hayotiy, diniy, dehqonchilik ishlarimizni Alloh taqdir qilgan ilohiy taqsimot – 12 burj asosida belgilab olishimiz zaruratidir.

Yurtimizda azaldan uch xil taqvim, hijriy, milodiy va dehqonchilik kalendari bilan ish yuritish odat tusiga aylangan. Yillar hisobini bilishimiz uchun Alloh Qur’oni karimning “Isro” surasi, 12-oyatida shunday zikr qiladi: “Kunduz alomatini esa, Rabbingizdan fazl (rizq) istashlaringiz uchun hamda yillar sanog‘ini va hisobini bilishingiz uchun yorug‘lik qilib qo‘ydik. Barcha narsani batafsil bayon qilib qo‘yganmiz”. Ulug‘ mufassirlarimiz mazkur oyatning “yillar sanog‘ini” qismini qamariy (Oy) taqvim bilan ish yuritish (binobarin, diniy yumushlarda), “yillar hisobini” qismini esa shamsiy (Quyosh) taqvim bilan ish yuritish (ayniqsa, dehqonchilikda) mazmunida tafsir qilib, fatvo yozib qoldirganlar.

Hadisi sharifda ham ziroatchilik bilan shug‘ullanish ulug‘ ish ekanligi ko‘p marotaba takrorlangan. Chunki, dehqonlardan barcha manfaat oladi. Alloh taolo ularni barcha jonzotning rizqiga sababchi qilib qo‘ygan. Shu bois kasblar ichida islom ulamolari nuqtai nazarida dehqonchilik eng afzal kasb hisoblanadi. Jobir (r.a)dan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar (s.a.v.) shunday lutf etganlar: “Qaysi bir musulmon biror ekin eksa-yu, undan yeyilsa, albatta, uning uchun sadaqa bo‘ladi. O‘g‘irlangani ham uning uchun sadaqa bo‘ladi. Yirtqichlar yegani ham, albatta, uning uchun sadaqa bo‘ladi. Qushlar yegani ham, albatta, uning uchun sadaqa. O‘sha ekindan birortasi manfaat olsa, albatta, uning uchun sadaqadir” (Imom Muslim rivoyati). Shuning uchun ham qiyomat kunida jannatiylar jannat eshiklari oldida to‘planib, kim birinchi kiradi, deyilganida dehqon, deyiladi. Tabiiyki, dehqonchilik qilish uchun uning taqvimini yaxshi bilish kerak.

Aksincha, ekin ekish, daraxt o‘tqazish vaqtini bilmaslik ziroat va bog‘dorchilikning kasodga uchrashiga sabab bo‘ladi. Shunga ko‘ra, Navro‘zni bahor bayrami, dehqonchilik yumushlari boshlanganligi nuqtai nazaridan nishonlash bizning yurtimizda azaldan urf bo‘lgan.

Ma’lumki, Navro‘zda kun bilan tun barobar bo‘ladi. Dehqonlar ekin ekishni, yerga urug‘ qadashni, umuman ziroat yumushlarini boshlab yuborishadi. Vaholanki, yerga urug‘ qadash bizda ibodat darajasiga ko‘tarilgan. Chunki, dehqonchilik – halol rizq, halol luqma, halol mehnat va farovonlik asosi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ahli ayollarining nafaqalarini Madinai munavvara yaqinidagi Xaybar yeridan tushadigan hosildan olar edilar. Ahli ayollaridan har biriga hosildan yuz vasaq (bir vasaq tax. 190 kg) berar edilar.

Dehqonchilik bizga ajdodlardan meros. Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk tariqat namoyandalarining aksariyati dehqonchilik bilan shug‘ullanishgan. Xoja Muhammad Bobo Samosiy – bog‘bon, Xoja Bahouddin Naqshband o‘z yerlariga bug‘doy, mosh va boshqa ekinlar ekib tirikchilik qilganlar. Xoja Ahror va Jo‘ybor shayxlari daromadining bir qismi asosan ziroatdan bo‘lib undan nafaqat shu xonadon ahli, balki xalq ommasi ham bahramand bo‘lgan. Xoja Ahror Valiy o‘z omborlarida saqlanayotgan behisob g‘allalarni fuqaroning rizqi deb hisoblagan. Jo‘ybor shayxlari esa mamlakatda don taqchilligi sezilganda o‘z omborxonalaridagi g‘allalarni muhtojlarga tarqatishgan. Ariqlar qazish, yangi yerlarni o‘zlashtirish, bog‘u rog‘lar barpo etish borasida bu ikki xonadon ahlining xizmatlari alohida e’tiborga molik.

Amir Temur bobomiz yangi yerlar o‘zlashtirib, dehqonchilik qilishga alohida e’tibor bergan edi. Uning davrida yangi o‘zlashtirilgan yerlardan uch yilgacha soliq olinmagan va bu tadbir qishloq joylarida farovon hayotni ta’minlashda ijobiy ahamiyat kasb etgan. O‘rta asr masjid, madrasa va xonaqohlarga vaqf qilingan yerlar ziroatidan keladigan daromad shu diniy muassasalar iqtisodiy poydevorini tashkil etgan. Demak, ta’lim tizimimiz, ma’naviyatimiz sarchashmalari ham dehqonchilik bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan.

Ulug‘ ulamolarimiz fiqhiy kitoblarda xalqimizning an’anaviy hamda milliy bayramlarini, jumladan, Navro‘zni bayram tariqasida nishonlash haqida fatvo berganlar. Binobarin, “Fatovoi zahiriya”da shunday deyiladi: “Navro‘z uch xildir: Navro‘zi Jamshidiy, Navro‘zi Majusiy va Navro‘zi Sultoniy. Navro‘zi Sultoniyni o‘tkazmoqlik maqbuldir va hech dinga ziyoni yo‘qdur”. Ulug‘ ulamolarning fatvolariga e’tibor bersak, Navro‘zi Jamshidiy va Navro‘zi Majusiy lolalar ochilgan, sahrolar yashnagan paytda o‘tkazilganligi haqidagi ma’lumotlarni ko‘ramiz. Navro‘z islom olamida mahbub bilingani kabi Beruniy, Ibn Sino, Umar Xayyom, Chag‘miniy, Ulug‘bek kabi dunyoviy ilmlar sohiblari ham tun bilan kun barobar bo‘ladigan va Quyosh Hamal burjiga kiradigan kunni Navro‘z ayyomi sifatida nishonlash maqbul ekanligini ta’kidlashgan. Ulug‘ mutasavvif Hakim Termiziy “Solnoma” asarida, buxorolik buyuk faqih Abdulaziz ibn Moza “Al-Muhit ul-burhoniy fil fiqh an-nu’moniy” qomusida Navro‘z haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirishgan. Qadim Sharqda Quyosh qaysi burjga kirsa, oyga o‘sha burjdagi yulduzlar turkumi shakliga qarab nom berishgan. Jumladan, Hamal oyini – burj shakli homilador qo‘yga o‘xshagani uchun Hamal deb, Savr oyini – yulduzlar turkumi ho‘kizga o‘xshab ko‘ringani uchun Savr deb atashgan.

Dehqonchilik taqvimiga oid oylarga qarab dehqonlarimiz, bog‘bonlarimiz ziroat va ko‘chat tadorigini ko‘rishadi. Jumladan, to‘qson degan mavsum 5 dekabrdan 5 martgacha davom etadi. 21 yanvar – qantalog‘di kuni. “Qantalog‘didan keyin qish bo‘lmas, qantalog‘didan so‘ng yerda qor turmas” hikmati og‘izdan-og‘izga o‘tib kelib, asrlar osha dehqonlar orasida o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Qantalog‘di deyilishiga sabab shuki, qish mavsumida ayiq qirq besh kundan to‘qson kungacha uxlaydi. Qirq besh kundan keyin ikkinchi tomoniga ag‘darilib uxlashga odatlangani uchun to‘qson kunning ikkinchi yarmi qantalog‘di deb yuritilgan. 22 dekabrdan 20 fevralgacha – chilla mavsumi kechadi. Bu mavsumda asosan yerning sho‘rlari yuviladi.

Zero, bu paytda yerni sug‘orish har xil zararkunanda qumursqalar ko‘payishining oldini oladi, shuningdek, yerning yaxshi yetilishi uchun g‘oyat foydalidir. Chillada suv bermagan dehqon yil bo‘yi yaxshi hosildan mahrum bo‘ladi. Qavs oyida 21 noyabrda ko‘chatlar o‘tqaziladi. “Nihol dar qavs, qalam dar hut” (Nihol o‘tqazish qavs oyida, qalamcha qilish hut oyida) iborasi dehqonlar uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qilgan. Kuzning sunbula oyi (22 avgustdan 21 sentyabrgacha) asosan kuzgi bug‘doy ekishga tayyorgarlik ko‘rish, bug‘doy ekiladigan yerlarni sug‘orish, mezon oyi (22 sentyabrdan 21 okyabrgacha) esa bug‘doy ekish mavsumidir. Shuning uchun xalq tilida aytiladi: “Sunbula ob deh, mezon kor” – Sunbulada sug‘orgin, mezonda ek. Zotan, dehqonchilik tajribasidan ma’lumki, sunbula oyida sug‘orib, mezon oyida ekmoqlik serhosillik garovidir. Aqrab oyi (22 oktyabr) kirganda, qo‘ylar urchitiladi. Qo‘zilarning tug‘ilish muddati besh oy ekanligi inobatga olinsa, ularning qish izg‘irinlaridan sog‘lom va nuqsonsiz o‘tib, bahorda – Hamal (oltinchi oy avvalida)da tug‘ilishi g‘oyat manfaatlidir. 6 martdan 13 martgacha “ayyomi ajuz” (xalqimiz tilida “ayamajuz”) haftaligi bo‘lib, “ayyom” tilidan “to‘qson” mavsumiga qarata aytilgan ibora mashhurdir: “To‘qsan, bir kunimcha yo‘qsan”. Ya’ni shu “ayyomi ajuz” haftaligida to‘qson mavsumida bo‘lmagan ob-havoning keskin o‘zgarishi kuzatiladi. Shuning uchun xalqimizda “ayamajuz” haftaligida shamollab qolmaslik va dardga chalinmaslik maqsadida o‘zini ehtiyot qilib yurish, behuda cho‘milmaslik, kir yuvmaslik odatlari saqlanib qolgan. 14 martdan 20 martgacha “Obi rahmat” haftaligi bo‘lib, bu kunlarda Allohning izni bilan albatta osmondan rahmat suvlari yog‘iladi. Bu suvlarni kishilar tabarruk hisoblab, o‘rik sharbati, qandoblarga ulardan qo‘shishgan va Navro‘z kuni mana shu sharbatlar dasturxon ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlaydi. Hattoki dengizlardagi sadafdor (rakushka)lar shu kunlarda suv tepasiga chiqib, og‘izlarini ochib shu yomg‘irni kutishadi. Obi rahmat yomg‘iridan bir tomchi tegsa, undan katta dur paydo bo‘ladi, aksincha ochko‘zlik qilib ko‘proq tomchi olsa, unda oddiy kichik marvarid paydo bo‘lishi aytiladi. Buning hikmati shundaki, inson oziga qanoat qilsa – aziz bo‘ladi, ochko‘zlik qilsa – xor bo‘ladi. Ko‘rib o‘tilganidek, har bir oy va kun dehqonchilik uchun benihoya qimmatlidir. Dehqon yetishtirgan har qanday ekin, bog‘bon yetishtirgan har qanday meva inson uchun jon ozig‘i hisoblanadi.

Shuni ta’kidlash joizki, o‘n ikki yil davomida ketma-ket bir-biriga o‘rin almashtirib keladigan muchal tushunchasi aslida “mo‘ljal” so‘zidan olingan. O‘n ikki yil davomida osmon jismlarining joylashishi qanday shaklni berishiga qarab, yillarga muchal nomlari berilgan.

Jumladan, yulduzlar turkumining sichqonga o‘xshashi yilning sichqon yili, sigirga o‘xshashi sigir yili va h.k. deb nomlanishiga asos bo‘lgan. Ulamolarimiz mana shu o‘n ikki yilga o‘n ikki maqom berilganligi maxsus hujjat bilan tasdiqlashgan. Jumladan, Zayniddin Mahmud Vosifiy (vaf. 1554 y.) “Badoye’ ul-vaqoye’” (Ajoyib voqelar) nomli asarida muchal haqida nodir qaydlar yozib qoldirgan. Abu Rayhon Beruniy o‘z asarlarida Navro‘zning yaratilishiga oid qimmatli fikrlarni keltiradi. Bu fikrlarning diqqatga sazovor tomoni shundaki, alloma Navro‘zni koinot va olam bilan bir butunlikda ta’riflaydi. Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asarida bu holga shunday ta’rif bergan: “Sharqdan bahor nasimi esib keldi, olamni bezamoq uchun firdavs yo‘lini ochdi. Oq rang ketib, bo‘z yerni alvon rang qopladi, olam o‘ziga oro berib bezanmoq taraddudiga tushdi. Zerikarli qishni bahor nafasi haydadi, musaffo bahor yana o‘z hukmiga kirdi. Quyosh yana qaytib o‘z o‘rniga keldi, Baliq (Hut) dumidan Qo‘zi (Hamal) burjiga ko‘chdi. Uyquga kirgan daraxtlar yana yashil to‘n kiydi, ol, sariq, ko‘k, qizil rangli harir yopinchiqlar bilan bezandi”.

Navro‘z haqidagi fikrlar, afsona-asotirlar turlicha bo‘lishiga qaramay, Bunyodkorlik, Ezgulik, Yasharish va Yaratish kabi umumbashariy, mushtarak g‘oyalar ularni bog‘lab turadi. Zotan, Navro‘z butun insoniyat uchun Uyg‘onish va Yangilanish ayyomidir. Ko‘p ming yillik tarix sinovlaridan omon-eson o‘tib kelgan Navro‘z bugun ostonamizda eshik qoqib turibdi. Yurtimizda bu mo‘’tabar ayyomni, go‘zallik va nafosat bayramini nishonlash allaqachon boshlab yuborildi. Bahor bayrami, ko‘klam quvonchi bilan yo‘g‘rilgan nafosat bayrami hammamizga muborak bo‘lsin!

manba: Hazrat Navoiy .uz 

Nurullayev Fozilxoʻja

Hidoya oʻrta maxsus islom bilim yurti talabasi