Laylatul-qadr
Laylatul-qadr (arab. — qadr kechasi) ramazon oyining oxirgi o'n kunligining toq kechalaridir. U “belgilash, o‘lchash kechasi”, ya’ni yil davomida turli amal, hukm, rizq, taqdir belgilanadigan kecha degan ma’noni bildiradi.
Bu muborak kechaning qadri ulug‘dir. Qadr so‘zi ikki xil ma’noda – qadri ulug‘, ikkinchisi, miqdor, ya’ni bandalarning taqdirini belgilashdir. Unda insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan bir kecha haqida – insonlarga dunyo hayotidan chin insoniy hayot kechirib o‘tish yo‘l-yo‘riqlarini ko‘rsatib beradigan so‘nggi mukammal ilohiy dasturulamal bo‘lmish Qur’oni karim nozil bo‘la boshlagan nihoyatda qadrli Qadr kechasi va uning fazilatlari haqida so‘z boradi.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Ramazon oyi kelganida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Alloh sizlarga bu oyda ro‘za tutishni farz qildi. Bu oyda jannat eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi. Unda ming oydan yaxshi bir kecha bor. Kim undagi yaxshiliklardan mahrum bo‘lsa, mahrum qilinadi», – dedilar (Imom Nasaiy).
Uboda ibn Somit (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Qadr kechasi Ramazonning oxirgi o‘n kunligidadir. Kim unda imon bilan Alloh roziligi uchun ibodat qilsa, albatta, Alloh avvalgiyu keyingi gunohlarini kechiradi. U toq kechada bo‘ladi. To‘qqizinchi yoki yettinchi yoki beshinchi yoki uchinchi yoki oxirgi kecha qadr kechasidir», dedilar» (Imom Ahmad rivoyati).
Ikki shayx va Termiziy rivoj qilgan boshqa bir hadisda aytiladi: Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Laylatul Qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kechasining toq (kecha)larida izlanglar», dedilar».
Ko‘pchilik ulamolar nazdida Laylatul Qadr kechasi Ramazonning 26-kunidan 27-kuniga o‘tar kechasidir.
Abdulloh Ibn Umar (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallamning bir qancha sahobalari «Laylatul qadr»ni Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida bo‘lishini tushlarida ko‘rishdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Sizlarning tushlaringiz «Laylatul qadr» Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida ekaniga muvofiq keladi. Kimki «Laylatul qadr»ni kutmoqchi bo‘lsa, Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida kutsin!», dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Laylatul Qadrni, ya'ni Qadr kechasini boshqa kechalardan qanday ajratib olamiz? Bu muborak va barokatli kechaning alomatlari quyidagilardir:
Ushbu muborak kechaning 7ta alomati bo‘lib, ular quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
1. Qadr kechasida sokinlik hukm suradi. Atrof musaffo, yorug‘, xuddi sukunatga o‘ralgan yog‘duli oy charaqlab turgandek bo‘ladi.
2. Osmondagi yulduzlar uchmaydi, boshqa jismlar qaltis harakat qilmaydi. Kasalliklar paydo bo‘lmaydi.
3. Havo mo‘'tadil bo‘ladi, juda issiq ham, juda sovuq ham bo‘lmaydi.
4. Ertalab quyosh qizarib, tog‘araga o‘xshash, yog‘dusi juda zaif bo‘lib ufqdan bosh ko‘taradi. Sababi o‘sha tun va kunda ko‘p farishtalar yerga tushib-chiqib turishi oqibatida quyosh nurlarini ham to‘sib qo‘yadi.
5. Qadr kechasida yomg‘ir-qor yog‘maydi, yog‘sa ham o‘ta mayin va yoqimli bo‘ladi. Sho‘r suvlar chuchuk bo‘ladi.
6. Daraxtlar o‘z shoxlarini yerga egiltirib turadi.
7. O‘sha kuni shaytonlar chiqishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Oysha onamiz (roziyallohu anho) rivoyat qiladi:
«Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo‘lsam nima deb duo qilay?» deb so‘radilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sen: «Allohumma innaka 'afuvvun, tuhibbul 'afva fa'fu 'anniy», deb aytgin»,– dedilar» (Termiziy, Ibn Moja rivoyati).
Tarjimasi: «Yo Alloh, albatta, Sen kechirguvchisan, kechirishni yaxshi ko‘rasan. Meni (gunohlarimni) kechirgin».
Qosimov Zuhriddin
"Hidoya" оʻrta maxsus islom
bilim yurti talabasi