Яратилиш санаси 17.04.2023

Ramazon oyida salaflarni Qur'on bilan boʻladigan holatlari

Asvod (rohmatullohi alayhi) ramazon oyida har ikki tunning birida xatm qilar edilar.

Naja'iy (rohmatullohi alayhi) ham ramazonning oxirgi oʻn kunligida shunday, qolgan kunlarida esa uchta xatm qilar edilar.

Katoda (rohmatullohi alayhi) odatda har hafta bitta xatm qilar edilar. Ramazonda esa har uch kunda bir va ramazonning oxirgi kunlarida esa har tunda bitta xatm qilar edilar.

Shofe'iy (rohmatullohi alayhi) ramazon oyida namozda oʻqiydiganlaridan tashqari yettita xatm qilar edilar. Abu Haniyfa (r.a) ham shunday edilar.

Katoda (rohmatullohi alayhi) ramazon oyida qur'ondan dars berar edilar.

Az-zuhriy (rohmatullohi alayhi) ramazon oyi kirib kelsa: "Albatta bu oy qur'on tilovati va miskinlarni taomlantirish oyidir" der edilar.

Ibn Abdulhakam (rohmatullohi alayhi) aytadilar: "Molik (rohmatullohi alayhi) ramazon oyi kirganida hadis oʻqishdan, ahli ilmlar bilan oʻtirishdan uzoqlashar va qur'onni oʻqishlikka kirishar edilar".

Abdurrozzaq (rohmatullohi alayhi) aytadilar: "Sufyon savriy ramazon kirib kelganda barcha nafl ibodatlarni tark etar va qur'on oʻqishlikka kirishar edilar".

Oisha (roziyallohu anha) ramazon oyida kunning avvalida quyosh chiqqunga qadar qur'on oʻqirdilar. Soʻng uxlar edilar.

Sufyon (rohmatullohi alayhi) aytadilar: "Zayd al-yamiy ramazon boʻlsa mus'haflarni tayyorlar va yaqinlarini (qur'on oʻqishlik uchun) jamlar edilar".

Ibn Rajab: "Qur'onni uch kundan oz muddatda xatm qilishlikdan qaytarilgan. Ammo ramazon oyidek, laylatul qadrni istab bedor boʻlinadigan tundagidek yoki Makka-i mukarramadek joyga boshqa yurtdan safar qilib kelgandagi kabi holatlarda vaqt va makondan unumli foydalanib, uch kundan ertaroq xatm qilish mustahabdir" deb aytganlar.

Muhammadabdulloh Bobamirzayev

"Hidoya" оʻrta maxsus islom
bilim yurti talabasi