Ramazonning oxirgi o‘n kunining fazilatlari
Ramazonning oxirgi o‘n kunining bir nechta fazilatlari bor bo‘lib, ular quyidagilardir:
1. Bu kunlarning fazilati sababli Alloh taolo bandalarini do‘zaxga kirishdan ozod qiladi.
Bu haqida Salmon al-Forisiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “...U (Ramazon) uning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri do‘zaxdan ozod qilish bo‘lgan oydir...”, deganlar. Bayhaqiy rivoyat qilgan.
Xulosa: Ro‘zadorlar birinchi o‘n kunlikda Allohning rahmatiga sazovor bo‘lib, ikkinchi o‘n kunlikda gunohlari mag‘firat qilinib, uchinchi o‘n kunlikda esa, do‘zaxdan ozod qilinadi. Shuning uchun, har kim bu ulug‘ kunlarni g‘animat bilib, foydalanib qolish lozim.
2. Ramazonning oxirgi o‘n kechalari ichida “Qadr” kechasi bor.
Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan: Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o‘nligidan qidiringlar”, dedilar. Muslim rivoyat qilgan.
Boshqa bir rivoyatda, oxirgi o‘n kunning toq kechalaridan Qadr kechasini izlash haqida aytilgan: Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o‘n (kechasining) toq (kechalari)dan qidiringlar”, dedilar. Buxoriy rivoyat qilgan.
Xulosa: Demak, bu o‘n kun kechalarining birida Qadr kechasi borligi sababli bu o‘n kun boshqa kunlardan fazilatli bo‘ldi. Kim Qadr kechasining fazilatiga ega bo‘lmoqchi bo‘lsa, Ramazoning oxirgi o‘n kechalarini ibodatlar bilan bedor o‘tkazishi lozim bo‘ladi.
Ahmedova Sardorbek
"Hidoya" оʻrta maxsus islom
bilim yurti talabasi