VAQTNING AHAMIYATI
Inson har tong yangi kunni qarshi olar ekan,uning ixtiyoriga 24 soat vaqt beriladi. Bu unga har kuni beriladigan 1440 daqiqa yoki 86400 soniyalik fursatdir. Oʻtayotgan vaqtimiz haqida oʻylab koʻradigan boʻlsak, soat millarining“chiq-chiq”lari, aslida aziz umrimizning toʻxtovsiz parchalanib ketayotgan onlari ekanini his etamiz. Ushbu onlar bizning yaxshi yo yomon amallarimizga guvoh boʻlib oʻtib bormoqda.
Vaqtga eʼtibor muhim boʻlganidan, dinimizda koʻplab toat-ibodatlar aniq vaqtga xoslab qoʻyilgan. Bir kunda ado etish lozim boʻlgan besh vaqt namozga alohida-alohida vaqt tayin qilingan. Ularni jamlab bir vaqtning oʻzida ado etish aslo mumkin emas. Chunki ularni belgilangan, yaʼni oʻz vaqtida ado etish farzdir. Bu esa vaqtning ahamiyati naqadar muhim ekanini bildiradi.
Roʻza tutish ham aniq vaqtga, faqat ramazon oyiga xoslab qoʻyilgan. Shu oydan boshqa yilning hamma oylarida roʻza tutilsa ham, ramazon roʻzasining oʻrniga oʻtmaydi. Chunki ramazon roʻzasi boʻlishi uchun shariatda belgilangan vaqtda roʻzatutish shart. Bu ham vaqtning ahamiyatli ekanini bildiradi.
Haj ibodatini ado etishda ham aniq vaqt, ya'ni arafa kuni Arofatda turish belgilab qoʻyilgan. Shu vaqtdan tashqari yilning boshqa hamma kunida Arofat togʻida turilsa ham, haj ibodati ado etilgan hisoblanmaydi. Chunki haj boʻlishi uchun shariatda belgilangan aniq vaqtda Arofat togʻida turish shart. Bu ham vaqtning ahamiyatli ekanidandir.
Qurbonlik qilishning ham aniq vaqti mavjud. Uch kun ichida soʻyilmasa, keyin soʻygani qurbonlikka oʻtmaydi. Chunki qurbonlik boʻlishi uchun shariatda belgilangan aniq vaqtda qurbonlik qilish shart. Bu ham vaqtning ahamiyatli ekanidandir.
Bu roʻyxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Dinimizda ibodatlarning anik vaqtlari tayin qilib qoʻyilgani musulmon kishini vaqtga rioya qilishga hamda qatʼiy tartib va intizom bilan yashashga oʻrgatadi. Shuning uchun ham dono xalqimiz vaqtga eʼtiborli boʻlishni taʼkidlab bunday deydi:
Har bir ishning vaqti bor,
Vaqt bilganning baxti yor.
Qurʼoni karimning koʻplab oyatlarida vaqtning qiymatini va ahamiyatini bildirib, tun, kunduz, tong, subhidam, shafaq, choshgoh va asr vaqtlari bilan qasamyod etilgan. Agar vaqtning ahamiyati haqida tafakkur qiladigan boʻlsak, ularning naqadar gʻanimat lahzalar ekanligi koʻz oʻngimizda namoyon boʻladi:
Abdulfattoh Abu G'udda rohmatullohi alayhning "Ulamolar nazdida vaqtning qadri" kitobidan.
Qosimov Zuhriddin
“Hidoya” o'rta maxsus
islom bilim yurti talabasi