Ota-onani ehtirom qilish
Inson yoshi o‘tgan sayin o‘zi ota-ona bo‘lib, farzandlarining oqibatlarini ko‘rgan sayin o‘z ota-onasining naqadar dono bo‘lganini sezib boraveradi. Shuning uchun yaxshilik qilishga eng ko‘p loyiq bo‘lgan zotlar – ota-onalar hisoblanadi.
Bu haqida Imom al-Buxoriy Kulayb ibn Manfaadan ushbu hadisni rivoyat qilganlar: Kulayb ibn Manfaa aytadilarki, «Mening bobom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘ragan ekanlar, demak, Kulayb ibn Manfaaning bobosi sahoba bo‘lgan. So‘radilarki, «Kimga yaxshilik qilay, ey Rasululloh?» Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Avval onangga, so‘ngra, otangga, keyin opa-singlingga, aka-ukangga. Va undan so‘ng qarindoshlaringga yaxshilik qilgin».
Ushbu hadisi sharifda avval ona, so‘ng ota va keyin opa-singil va aka-ukalar zikr qilindi. Har birining o‘z o‘rni va fazli bor. Ona boshqa ba’zi ko‘rsatmalarda 3 karra ziyoda ekani zikr qilingan. Onaning 3 marta ziyoda qilinganiga sabab nima?
Hamasr ulamolarimizdan biri marhum doktor Mustafo Zuhayliy o‘zining «Tafsiri Munir» degan tafsir kitobida yuqoridagi oyati karimaning tafsirini shunday keltiradi: Ona otadan 3 karra ziyoda qilindi. Chunki 3ta ishda ona yolg‘iz bo‘lgan bo‘ladi: homilani ko‘tarish mashaqqatida, homilani dunyoga keltirish sinovida va tug‘ilgan bolani 2 yilgacha uyqusini buzib emizish muddatida ona yolg‘iz bo‘ladi.
Ota qanchalik mehribon bo‘lmasin, ayolining homiladorlikdagi azobini his qila olmaydi. Qanchalik mehribon bo‘lib ayoli yonida tursa-da, tug‘ruq azobini his qila olmaydi. Kechalari uyg‘onib bolasining beshigini tebratsa ham, u bu ishni ona kabi mehr bilan bajara olmaydi. Onaning shu 3ta ish orqali darajasi orttiriladi.
Silai rahmda ota-onaga yaxshilik qilishdan keyin birinchi o‘rinda opa-singillar aka-ukalardan oldingi o‘ringa qo‘yildi. Chunki opa-singillar doim shafqatli va mehribon bo‘lib kelgan. Buni tushungan faqihlarimiz bir masala aytadilar:
Singil ziyoratiga ketayotgan aka katta bug‘doyzor maydonning orqasida singlisi yashasa, bug‘doyzorni aylanib borguncha vaqt ketishi sababidan o‘sha bug‘doyzorni bosib o‘tib, payhon qilib bo‘lsa-da, singilni borib ko‘rishiga shariatimiz ruxsat bergan. Boshqa holatda hosilni payhon qilishga ruxsat yo‘q.
Ota-onasi tirik farzand – moli kasodga uchramaydigan tijoratchi misolidir Bu mavzuda gap ketsa, o‘z hayotimda sodir bo‘lgan bir qissa doim yodimga tushadi. Umra ziyoratiga borganimda Masjidul-haromdan chiqar ekanman, nogironlar aravasida o‘tirgan juda nuroniy otaxonga ko‘zim tushdi. U kishining yoshi keksa, soch-soqollari oppoq, arab millatiga mansub edi. Men ularning yonlariga borib meni duo qilishlarini so‘radim.
Shunda u kishi mendan: «Ey bolam, otang hayotmi?» deb so‘radilar. U mahalda rahmatli ota-onam hayot edi. «Ha, otam bor» deb javob berdim. «Onang bormilar?» deganlariga ham ha deb javob berdim. Shunda u kishi tabassum bilan: «Unday bo‘lsa, ey bolam, sen katta savdogar ekansan. Tijoratingga mustahkam bo‘l, mustahkam bo‘l», dedilar. Men u kishining peshonasidan o‘pib yo‘limda davom etar ekanman, qulog‘imdan u odamning «Tijoratingga mustahkam bo‘l», degan gaplari ketmadi.
Ha, ota-ona eng katta tijoratdir. Hatto hech qachon kasod bo‘lmaydigan tijoratdir. Ota-onasi hayot kishilar buni yaxshi bilishi kerak. Shuning uchun ular hayotligida g‘animat bilib, duolarini olishga harakat qilish kerak.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U kishi aytadilarki:
“Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Alloh azza va jalla uchun eng mahbub ish qaysi?” -deb so‘radim. “Vaqtida o‘qilgan namoz”,-dedilar. “Undan keyin qaysinisi?”-dedim. “Ota-onaga yaxshilik qilish”-dedilar. “Undan so‘ng yana qaysi ish yaxshiroq?”-dedim. “So‘ngra Allohning yo‘lida jiddu jahd qilish”-dedilar”. “Ana shularni aytdilar. Agar yana ziyoda so‘rasam, ziyoda javob berar edilar”, — dedilar .
Bu hadis sharifda ota-onaga yaxshilik qilish namoz o‘qishdan keyingi eng afza ish ekani taʼkidlanmoqda, hatto Allohning yo‘lid jiddu jahd qilishdan ustun qo‘yilmoqda. Mana shundan bilamizki, ota-onag yaxshilik qilish, ularni xizmatini bajarish, ularni ulug’lash shu qadar buyuk ish ekan.
Islomda namoz dinning ustuni ekanini hammamiz yaxsh bilamiz. Ana o‘sha, dinimizga ustun bo‘lgan namoz ibodatidan keyin eng afzal ishlardan biri ota-onaga yaxshilik qilish ekan.
عَنِ ابْنِ عَمْرٍو رضي الله عنه رِضَا الرَّبِّ فِي رِضَا الْوَالِدَيْنِ وَسَخَطُهُ فِي سَخَطِهِمَا رَوَاهُ الْاِمَامُ الطَبَرَانِيُّ
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Robbning roziligi ota-onaning roziligidadir. Robbning noroziligi ota-onaning noroziligidadir”, — dedilar”.
Bizda «Ota rozi-Xudo rozi” degan gap bor. Allohni rozi qilaman degan kishi Alloh taalo chizgan chegarada ota-onasini rozi qilishga harakat qilmog‘i lozim. Kim Alloh mendan norozi bo‘masin desa, Alloh taolo chizgan chegarada ota-onasini norozi qilmaslik uchun tirishmog‘i, harakat qilmog‘i lozim bo‘ladi.
Ota-onasiga yaxshilik qilgan farzandlarga jannat eshiklari ochilishi haqida Paygʼambarimiz alayhissalom shunday deganlar:
مَا مِنْ مُسْلِمٍ لَهُ أَبَوَانِ، فَيُصْبِحُ وَهُوَ مُحْسِنٌ إِلَيْهِمَا إِلَّا فُتِحَ لَهُ بَابَانِ مِنَ الْجَنَّةِ (رَوَاهُ الْإِمَامُ أَبُو دَاوُدَ وَالْإِمَامُ ابْنُ مَاجَهْ)
yaʼni: “Qaysi bir musulmonning ota-onasi boʼlsa, ularga yaxshilik qilib tong ottirgan boʼlsa, Аlloh taolo unga jannatning ikki eshigini ochadi”, – deganlar (Imom Аbu Dovud va Imom Ibn Moja rivoyat qilganlar).
Demak, ota-onaning farzandi ustida haqlari juda ko‘p. Farzand ota-onani rozi qilish uchun qo‘lidan kelgancha harakat qilishi kerak. Yuqorida tanishib o‘tganimizdek, farz namozlarni ado qilishdan keyingi eng yaxshi amal ota-onaga yaxshilik qilishdir.
Farzand Allohning roziligiga erishish uchun ham ota-onaga yaxshilik qilish, ularni xursand qilish, ularni rozi qilishi kerak ekan. Shu bilan birga farzand silai rahm borasida ham avvalo ota-ona, opa-singil, aka-uka va so‘ngi o‘rinda qarindoshlarga yaxshilik qilar ekan. Yana bir hadisda ota-onaga yaxshilik qilib tong orttirgan farzand uchun jannatdan ikki eshik ochilishini ham aytib o‘tilgani ko‘rdik. Demak, biz bu dunyoda ham oxiratda ham yaxhliklar ustida yashashni xohlasak Allohga iymon keltirib farz amallarni bajarishdan keyin xolis ota-onamizga yaxshilik qilib, ularni roziliklarini topish uchun harakat qilishimiz lozim ekan.
Аlloh taolo barchamizni solih farzandlardan qilib, doim ota-onalarimizga yaxshilik qiluvchilardan qilsin! Turli fitna va aldovlarga tushib qolishdan Oʼz panohida asrasin! Omin!
Ibodullayev Ibodulloh
"Hidoya" o'rta-maxsus maxsus
islom bilim yurti talabasi