Яратилиш санаси 28.04.2023

Qur’onni yodlash fazilati

Qur’oni Karimni yod olish, uni qalbga jo qilishning hikmati va fazilati to‘g‘risidagi oyat va hadislar ko‘p vorid bo‘lgan. Alloh taolo aytadi: «Darhaqiqat, Biz Qur’onni zikr-eslatma olish uchun oson qilib qo‘ydik. Bas, biron eslatma-ibrat olguvchi bormi?» (Qamar, 17, 22, 40)

Ibn Abbos (roziyallohu anhu) Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)dan rivoyat qiladilar: Ya’ni «Ichida Qur’ondan biron narsa bo‘lmagan kishi (ning qalbi) go‘yo xaroba uy kabidir» (Termiziy rivoyati).

Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu) rivoyat qiladilar: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Uhud jangida shahid bo‘lganlarning har ikkitasini bir qabrga qo‘ydirar, avval: «Bularning qay biri Qur’onni ko‘proq yod bilar edi?» deb so‘rar, so‘ng qaysi mayyitni ko‘rsatishsa, o‘shani lahadga oldin qo‘ydirar edilar» (Buxoriy rivoyati). 

Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning shunday deganlari rivoyat qilinadi: «Ummatimning eng sharafli kishilari – Qur’onni ko‘taruvchilar va tun egalaridir» (Ibn Abu Dunyo va Bayhaqiy rivoyati).

Qur’onni ko‘taruvchilar Qur’onni yodlab, amal qiluvchi qorilardir. Tun egalari kechasi tahajjud namozlarini o‘qib, tunning ma’lum qismini duo, zikr, istig‘for bilan o‘tkazuvchi kishilardir. 

Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning shunday deganlarini rivoyat qiladilar: «Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, so‘ng uni (boshqalarga) o‘rgatuvchilaringizdir» (Buxoriy rivoyati).

Demak, Qur’onni o‘rganish, ya’ni yod olish va uni o‘zgalarga ta’lim berish kishini bandalar orasidagi eng yaxshisi bo‘lishi uchun sabab bo‘lar ekan.

Abu Zarr G‘iforiy (roziyallohu anhu) rivoyat qiladilar: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: «Ey Abu Zarr, ertalab barvaqt turib, Allohning Kitobidan bir oyat o‘rganishing sen uchun yuz rak’at (nafl) namoz o‘qishingdan yaxshiroqdir. Va ertalab (barvaqt) turib, amal qilasanmi, yo‘qmi, ilmdan bir bob o‘rganishing sen uchun ming rak’at (nafl) namoz o‘qishingdan yaxshiroqdir» (Ibn Moja sanadini hasan, degan).

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Qur’on sohiblari va Qur’onni ko‘taruvchilarni izzat-ikrom qilar, ularning mavqeini boshqalarnikidan ustun qo‘yar edilar. Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladilar: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bir qancha kishilarni ma’lum joyga topshiriq bilan yubordilar. Avval, ularga Qur’onni o‘qitib ko‘rdilar, ya’ni kim Qur’ondan qancha bilishini tekshirdilar. Kunlarning birida, sahobiylarning eng yoshi kichigining oldiga kelib: «Ey falonchi, senda nima bor (ya’ni  qaysi suralarni bilasan)?» deb so‘radilar. Shunda u javob berdi: «Men shu-shu va  Baqara  surasini bilaman». Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) yana so‘radilar: «Sen  Baqara  surasini bilasanmi?»  U: «Ha», deb javob berdi. Keyin u Zot shunday dedilar: «Bor, sen ularga amir (boshliq)san». Shunda ular orasidagi kattaroq yoshli bir kishi: «Allohga qasamki, meni  Baqara  surasini o‘rganishdan unga amal qila olmay qolishdan qo‘rqishim to‘sgan edi», dedi. So‘ngra Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: «Qur’onni o‘rganinglar va uni o‘qinglar. Zero, Qur’on uni o‘rganuvchi va o‘quvchilar uchun xuddi mushku anbar solingan xalta kabidir, uning hidi hamma joyga tarqaladi (ya’ni  kim Qur’onni o‘rgansa va o‘qisa, uning odamlarga ko‘p manfaati yetadi)» (Imom Termiziy va Ibn Moja rivoyati).

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) Payg‘ambarimiz Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning shunday deganlarini rivoyat qiladilar: «Qiyomat kunida Qur’on sohibi keladi va Qur’on deydi: «Ey Robbim, uni kiyintirgin (ya’ni  rahmatingga olgin)». Bas, unga izzat-ikrom toji kiydiriladi. So‘ngra yana deydi: «Ey Robbim, unga ziyoda qilgin». Bas, unga izzat-ikrom libosi kiydiriladi. So‘ngra yana shunday deydi: «Ey Robbim, undan rozi bo‘lgin». Bas, (Alloh) undan rozi bo‘ladi. So‘ng (Qur’on sohibiga) aytiladi: «O‘qi va ko‘tarilib boraver». Bas, (Alloh) har bir oyat uchun bir hasana (daraja) ziyoda qiladi» (Termiziy, Ibn Xuzayma va Hokim rivoyati).

Abduvohidov Muhammadali

"Hidoya" o'rta maxsus 
islom bilim yurti talabasi