Яратилиш санаси 30.04.2023

NAVOIY IJODIYOTIDA TAZKIRACHILIK AN`ANASI (2-qism)

Alisher Navoiy badiiy ijod va ilmda judda katta muvaffaqiyatlarga erishgani va bu muvaffaqiyat tazkirachilikda ham muayyan salmoqqa ega ekanini ko‘rish mumkin. Uning shu turkumdagi asarlaridan «Majolisun-nafois» alohida ajralib turadi. Bu birinchi navbatda asarda nasrga xos badiiy komponentlardan keng istifoda etishda, hayotiy tasvir, portret chizish, hatto xarakter yaratish, badiiy epizod, lavhalar berishda yaqqol ko‘rinadi. Navoiy adabiy-tanqidiy qarashlari va yuksak badiiy zakosi tufayli bu an’anaviy janrni yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘targani, tazkiradagi nasriy maqolalarning haqqoniy tasavvur yaratib berishi va bunga erishishdagi muallif mahorati haqida alohida to‘xtalib o‘tish joiz ko‘rinadi.

Masalan, tazkiradagi har bir shaxsga bag‘ishlangan qarashlar alohida e’tibor va e’tirofga loyiq. “Kunlarning birida Abulqosim Bobir Mirzo shahar muftisi rindvash Mavlonozodai Abxariy bilan may ichib sarxush holda kelayotganida Xofiz SHarbatiyni uchratadi va undan ushbu holatga muvofiq bir bayt to‘qishni taklif etadi. Hofiz Shar­batiy shunday bayt o‘qiydi:

Dar davri podshohi atobaxshu churmpo‘sh,

Hofiz arobakash shudu mufti piyolano‘sh

(«ya’ni -muruvvatli gunoh ishlarni yopib ketuvchi podshoh davrida Xofiz soqiy bo‘ldi-yu, muftiy mayxo‘r bo‘ldi)[1].

Bu voqea Xofiz Sharbatiyning iste’dod qirralari shaxsiyati (beg‘uborligi, quvnoqligi, hozirjavobligi), ijodi haqida g‘oyat qisqa, ayni choqda yaxlit tasavvur beradi. Navoiy o‘zining portret chizish va xarakter yaratish mahoratini yaqqol namoyish qiladi. Ko‘rinadiki, Navoiy tazkirada keltirilgan har bir ijodkorga uning kelib chiqishi, ijtimoiy hayotdagi mavqe, dunyoqarashi singari jihatlardan kelib chiqib alohida ta’rif beradi a yozgan asarlari asosida tasniflarga ajratadi.

Tazkiradagi bu maqola ham o‘tkir iste’dod egasi bo‘laturib, o‘z vaqtini bema’niliklarga sarf qiluvchi shoirning ijtimoiy va ma’naviy qiyofasi haqida, bir so‘z bilan aytganda, obrazi, xarakteri haqida aniq tasavvur yaratadi.

«Majolisun-nafois»da shoir yana bir o‘rinda Xusrav Dehlaviyning hindcha yozilgan bir g‘azalining ma’nosi (bahor chog‘ida qalin yomg‘ir yogib turganida qayoqqadir ketayotgan bir mahbuba loyda toyilib yiqila yozadi, shunda u «nihoyat nozukligidan yog‘in rishtasi madadi bila» o‘zini o‘nglab oladi) ustida so‘z ketadi. Lutfiy, Navoiy, Husayn Boyqaro va boshqa ko‘p shoirlar orasida «bu g‘arib ma’no» muhokama qilinadi. Hamma Xusrav Dehlaviyning poetik zakosiga tahsin o‘qiydi. Ammo Husayn Boyqaro g‘azaldagi o‘xshatishlar naqadar nodir va nozik bo‘lmasin, ularning hayotiy emasligi, yog‘in rishtasi detalining mantiqiy emasligi (chunki yomg‘ir yuqoridan pastga oqib tushishi-da yiqilayotgan odamga madad bo‘la olmasligi)ga e’tiroz bildiradi va o‘zi mantiqan e’tiroz uyg‘otmaydigan «quyidagi baytni bitadi:

Za’fdin kulbamda kupmoq istasam aylar madad,

Ankabute rishta osqon bo‘lsa har devorra.

Ikkinchi hikoyat mazmuni shunday: Hisordan kelgan Qabuliy ismli yosh shoir o‘z g‘azallaridan birini Navoiyga olib keladi. G‘azalning «ham bo‘lmadi» deb qofiyalangan bayti Navoiyga ma’qul tushmaydi. Navoiy e’tiroziga javoban shoir «men xili tashvish g‘oritim, yaxshi bog‘lay olmadim. Albatta, bu qofiyani siz bog‘lang», deya iltimos qiladi. SHunda Navoiy quyidagi baytni bitadi:

Sarv moyil bo‘ldikim, o‘pgay ayog‘ing tuprog‘in,

Yo`qsa har soat tahrikidin xam bo‘lmadi.

Qabuliy o‘z g‘azaliga bu baytni kiritib «Oliy majlis» (taniqli shoirlar, mashhur ilm-fan, madaniyat arboblari ishtirok etadigan Husayn Boyqaro huzuridagi anjuman)ga yuboradi. G‘azalni o‘qib chiqqan Husayn Boyqaro uning tarkibidagi yuqorida keltirilgan baytni Qabuliy she’riyatiga o‘xshatmay, uni Navoiy qalamiga mansubligini aytadi. Navoiydan bu haqda so‘ralganda, u bo‘lgan voqeani aytishdan iymanadi, lekin inkor ham qila olmaydi. Majlis ahli orasida «aning bila bu bobda mutoyiba» qilish uchun Qabuliyni topib keladilar. Lekin Husayn Boyqaro so‘zni Qabuliy g‘azalini maqtashdan boshlaydi. So‘ngra suhbat boshqa mavzularga ko‘chadi. Hamma tarqalib eng yaqin mahramlar qolganida kimdir, Qabuliy she’ri yuzasidan mutoyiba qilinmadi, unutildimi?— deb so‘raydi. Husayn Boyqa­ro: «unutilmadi, ammo u so‘z zikrida anga uyat bo‘lur erdi, tila-madukki, g‘arib yigit majlis orasida uyaltig‘ bo‘lgay, ul sababdin aning she’ri va ul bayt bobida so‘z deyilmadi»,— deb javob qiladi.

Bu tazkiradagi voqealar izchil rivojlanadi. Uning davomini o‘quvchi zo`r hayajon bilan kutadi. Bu o‘rindagi «ichki nutq» ham ma’lum vazifani o‘taydi. U orqali Navoiy bularni izchillik va ehtiros bilan bayon etadiki, natijada lavha she’riy ijod namunasining ma’naviy o‘tkir, badiiy jihatdan puxta, pishiq bo‘lishligi haqida voqeiy hikoyadek o‘qiladi. Alisher Navoiy tazkirada keltirilgan ijodkorlarning avvalo, poetik didi, odamshavanda fazilatini ochib berishga qaratai. Ayniqcha,  bu tasvir va e’tiroflarni realistik ruhda yozilgan kichik janrdagi badiiy nasr namunasi deyish mumkin.

[1] http://navoinatlib.uz.8101

Otaxanov Adhamjon 

"Ҳидоя" ўрта махсус ислом
билим юрти мударриси