Яратилиш санаси 25.05.2023

Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang!

Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «... Zero, Allohning rahmatidan faqat kofir qavmgina noumid bo‘lur» (Yusuf surasi, 87).

Ya'ni, Allohning qudratini inkor qiladigan, kofir kimsalargina Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘ladilar.

«Albatta, Alloh O‘ziga (biron narsaning) sherik qilinishini kechirmas. Shundan boshqa gunohlarni O‘zi xohlagan bandalari uchun kechirur» (Niso surasi, 48).

«(Ey Muhammad alayhissalom), (turli gunoh-ma'siyatlar qilish bilan) o‘z jonlariga jinoyat qilgan bandalarimga ayting: «Allohning rahmat-marhamatidan noumid bo‘lmangiz! Albatta, Alloh(O‘zi xohlagan bandalarining) barcha gunohlarini mag‘firat qilur. Albatta, Uning O‘zigina mag‘firatli, mehribondir» (Zumar surasi, 53).

«...Rahmatim - mehribonligim esa hamma narsadan kengdir» (A'rof surasi, 156). Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Allohning yuzta rahmati bo‘lib, undan bitta rahmatni jinlar, insonlar, hayvonlar va hashoratlar orasiga tushirdi. Ana o‘sha bitta rahmat bilan ular bir-biriga rahm qiladilar, shafqatli bo‘ladilar. Va shu rahmat bilan vahshiy hayvon o‘z bolasiga mehribon bo‘ladi. Alloh to‘qson to‘qqizta rahmatni olib qoldiki, ular bilan qiyomat kunida bandalariga rahm qiladi» (Muttafaqun alayh).

Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitganman: «Alloh taolo aytdi: «Ey Odam farzandi, rahmatimdan umidvor bo‘lar ekansan, sen tarafingdan sodir bo‘lgan narsalarni kechiraman va hech parvo qilmayman. Ey Odam farzandi, agar gunohlaring osmonga yetsa-da, so‘ng mendan mag‘firat so‘rasang, seni mag‘firat qilaman va hech parvo qilmayman. Ey Odam farzandi, agar sen Menga yer qobig‘icha xato bilan kelsang, so‘ng Menga biron narsani sherik qilmagan holingda yo‘liqsang, senga yer qobig‘icha mag‘firat bilan peshvoz chiqaman» (Termiziy, Ibn Moja rivoyati).

Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘limi yaqinlashib qolgan bir yigitning oldiga kirib, «O‘zingni qanday his qilyapsan?» deb so‘radilar. U: «Yo Rasululloh, Allohdan umid qilyapman va gunohlarimdan qo‘rqyapman», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mana shunday holatda banda qalbida bu ikkisi jam bo‘lsa, Alloh unga umid qilayotgan narsasini berib, qo‘rqayotgan narsasidan omon saqlaydi», dedilar» (Termiziy, Ibn Moja rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh azza va jalla: «Men bandamning Men haqimdagi o‘yidaman va Meni zikr qilgan vaqtda Men u bilan birgaman», dedi» (Buxoriy, Muslim rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Yaxshi gumon ibodatning go‘zalligidandir» (Abu Dovud, Ibn Hibbon rivoyati).

Jobir roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning o‘limlaridan uch kun oldin: «Sizlarning har biringiz Alloh azza va jalla haqida yaxshi gumon qilgan holingizdagina vafot etingiz», deganlarini eshitganini aytganlar (Muslim, Abu Dovud, Ibn Moja rivoyati).

Rivoyat qilishlaricha, Arsh tarafdan bir jarchi «falonchi o‘g‘li falonchi qaerda?» deb nido qiladi. Bu ovozni eshitgan har bir kishining hushi boshidan uchadi. Alloh azza va jalla o‘sha kishiga: «So‘ralayotgan sensan. Osmonlaru yerning Yaratuvchisiga ro‘baro‘ bo‘lishga shoshil», deydi. Butun maxluqotlar Arsh tomonga tikilib qoladi. Haligi kishi Alloh azza va jallaning huzurida hozir qilinadi. Alloh azza va jalla unga maxluqotlardan to‘sib turadigan nurini tushiradi-da, so‘ng unga: «Bandam, dunyo hayotidagi har bir amalingni ko‘rib, kuzatib turganimni bilmasmiding?» deb so‘raydi. Banda: «Bilardim, ey Rabbim», deydi. «Bandam, Menga osiylik qilgan kimsalarga azobim va intiqomim borligini eshitmaganmiding?». «Eshitgandim, ey Rabbim». «Ey bandam, Menga osiylik qilding?» «Ey Rabbim, shunday bo‘lgan edi». «Bandam, bugun Meni nima qiladi deb o‘ylayapsan?». «Ey Rabbim meni afv etasan, deb o‘ylayapman».

«Bandam, nimaga asoslanib meni afv etadi, deb o‘ylayapsan?» «Ey Rabbim, chunki Sen mening gunoh qilayotganimni ko‘rib, uni yashirgan eding». «Seni afv etdim, kechirdim. O‘ylagan narsangni ro‘yobga chiqardim. Kitobingni o‘ng tarafingdan olgin. Unda nimaiki yaxshilik bo‘lsa, uni qabul qildim va nimaiki yomonlik bo‘lsa, uni kechirdim. Men saxiy, karim zotdirman», deydi Alloh taolo.

Parvardigoro, mag‘firat qilishni yaxshi ko‘rmaganingda edi, osiy kimsalarga muhlat bermasding. Afv va karaming bo‘lmaganda edi, dillar osoyish topmasdi.

Ey Allohim, albatta, Sen afv qilguvchisan, bizni afv qil. Ey Allohim, bizga rizo nazari bilan boq va bizni pokiza bandalaring qatorida qil, jafokashlar orasida qilma. Ey Allohim, bizning orzu-umidlarimizni ro‘yobga chiqar, barcha holatlarda ham amallarimizni o‘ngla. Roziligingga eltuvchi yo‘llarni qulay et, bizni yaxshiliklarga yo‘lla, bizga dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilik ato et va bizni do‘zax azobidan saqla.

Nurullayev Fozilxo‘ja

Hidoya” o'rta maxsus
islom bilim yurti talabasi