Badr janggi
Alloh taoloning qavli («Oli Imron» surasi): «Va haqiqatan ham Alloh taolo Badr maydonida sizlarga madad qilgan erdi, vaholanki sizlar ozchilik erdingizlar. Bas, Olloh taolodan qo‘rqingizlar, toki shukrguzor bo‘lingizlar! Vaqtiki siz (Muhammad alayhissalom) musulmonlarga der erdingiz: «Ayo, sizlarga bu kifoya qilmasmiki, parvardigoringiz osmondin uch ming farishta tushirib sizlarga madad bersin. Ha, agar sizlar sabru taqvo qilsangizlar va ular (mushriklar) ustingizga to‘satdan bostirib kelib qolsalar, parvardigoringiz besh ming nishondor farishtalar birla sizlarga madad qilur va buni Olloh taolo sizlarni xushnud etmoq uchungina qildi, toki ko‘ngillaringiz orom topsin va madad Olloh taoloning o‘z tarafidangina bo‘lurki, ul g‘olibu hikmat sohibidur, toki kofirlardan ba’zilarin halok qilsin yohud ularni xor qilsin, keyin ular noumid bo‘lib qaytsinlar».
Vahshiy: «Badr kuni Hamza Ta’iyma ibn Adiy ibn al-Xiyorni o‘ldirdi», — deydilar.
Alloh taoloning qavli («Al-Anfol» surasi): «Va yod qilinsin ul vaqtniki, Olloh taolo ikki jamoatdan birini sizlarga va’da qilur erdiki, ul sizlarniki bo‘lur va sizlar istar erdingizlarki, qurolsiz jamoat qo‘llaringizga kelsin».
Abdulloh ibn Ka'b: «Ka’b ibn Molik bunday deb aytar erdi»,— deydilar: «Men Rusululloh sallallohu alayhi va sallam ishtirok qilgan g‘azotlarning barchasida qatnashganman, faqat Tabuk g‘azotida hamda Badr janggida yo‘q erdim. Biroq, buning uchun hech kim meni aybdor sanamadi, chunki Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Quraysh karvonini ko‘zlab yo‘lga chiqqan erdilar, Olloh taolo ularni o‘z dushmanlari birlan tasodifan to‘qnashtirib qo‘ydi».
Alloh taoloning qavli («Al-Anfol» surasi): «Eslangizlar ul vaqtniki, parvardigoringizga iltijo qilur erdingizlar, keyin ul qabul etdi iltijoingizni, dediki: «Men sizlarga ming farishta ila madad berurmen, paydar-pay kelurlar» Va Olloh taolo o‘zidan bashorat bo‘lsin hamda uning ila dillaringiz taskin topsin, degan maqsaddagina sizlarga madad berdi va Olloh taolo madadidan o‘zga madad yo‘qdur, albatta Olloh taolo g‘olibdur, hikmatlidur! Eslangizlar, Olloh taolo taskin topingizlar deb sizlarga yengil uyqu nozil etdi va osmondan sizlarga yomg‘ir yog‘dirdi, toki uning ila sizlarni pok qilmoq, sizlardan shayton vasvasasin ketkazmoq va dillaringizni o‘zaro mustahkam bog‘lamoq hamda qadamlaringizni sobit qilmoq uchun. "Vaqtiki, hukm yubordi parvardigoringiz farishtalargaki: «Men sizlar iladurmen, bas sizlar sobitqadam tutinglar musulmonlarni, men xavf solurmen kofirlar dillariga». Bas, ey musulmonlar, sizlar uringlar ularning gardanlariga va uringlar qo‘lu oyog‘larin atroflariga! Bu shuning uchundurki, ular Olloh taologa va uning rasuliga qarshi turdilar va kimiki Olloh taologa va uning rasuliga xiloflik qilur, albatta Olloh taoloning azobi qattig‘dur!»
Ibn mas'ud raziyallohu anhu bunday der edilar: «Men Miqdod ibn al-Asvad tufayli bir «mashhad»ning guvohi bo‘ldim (ya’ni, Badr janggi nazarda tutiladi). Shu mashhadda ishtirok qilganimga beriladigan savob mening uchun har qanday dunyoviy mukofotdan mahbubroqdur.Miqdod ibn al-Asvad Payg‘ambar alayhissalomning qoshlariga kelganda, ul zot musulmonlarni mushriklarga qarshi jangga da’vat qilib turgan edilar, Miqdod bunday dedi: «Biz sizga musoiylarning Musoga «Ey Muso, o‘zing rabbing birlan borib kofirlarga qarshi jang qilaver!» degan gaplarini aytmaymiz, bilaks biz o‘ng tomoningizda ham, chap tomoningizda ham, ortingizda ham, oldingizda ham turib jang qilamiz». «Shunda men Rasulullohning yuzlari yorishib ketganini ko‘rdim»,— deydi Miqdod. Chunki, uning gapi Rasulullohni behad xursand qilgan edi-da!».
Ibn Abbos rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar alayhissalom Badr kuni: «Yo Olloh, va’dangga vafo qilmog‘ingni iltijo qilurmen! Yo Olloh, agar istasang, ijobat qilmagaysen!» — dedilar. Shunda Abu Bakr ul zotning qo‘llarini ushlab: «Kifoya!»— dedilar. Janob Rasululloh: «Mushriklar yengilib, ortlariga qochgaylar!» — deya masjiddan chiqdi-lar».
Ibn Abbos janob Rasulullohning «Badr janggiga chiqmagan va chiqqan mo‘minlarni o‘zaro tenglashtirib bo‘lmaydi» deganlarini eshitgan erkanlar.
Abdurahimov Bahromjon
"Hidoya" o'rta maxsus islom
bilim yurti mudarrisi