Hajning hikmatlari
“Haj” so‘zi lug‘atda ulug‘langan, muqaddas joyni “qasd qilmoq”, “yo‘nalmoq” ma’nolarini anglatadi. Shar’iy istilohda esa haj deb “maxsus joyni, muayyan vaqtda maxsus amal bilan ziyorat qilish”ga aytiladi. “Maxsus joy” deganda Ka’bai muazzama bilan Arafot tushuniladi. “Muayyan vaqtda” degan so‘z bilan zulhijjaning to‘qqizinchi kuni Arafotda turish hamda nahr kunining tongida Baytni tavof qilish nazarda tutiladi. “maxsus amal” degan so‘z bilan esa haj niyatida ehromga kirish va hajga oid boshqa ibodatlar iroda qilingan.
Eng zarur hojatlaridan tashqari yetarli mablag‘i bor, sog‘lom va xotirjam odamning umrida bir marta haj qilishi farzdir.
Har bir ibodatning o‘z hikmati bor. Masalan, namoz insonni fahsh va yomon ishlardan qaytaradi, ro‘za taqvoni kuchaytiradi, zakot bergan odam har jihatdan poklanadi, moliga baraka kiradi, turli shikastlardan salomat bo‘ladi...
Haj ibodatining ham hikmatlari ko‘p. Jumladan, hajda Alloh taoloning roziligini qozonish uchun hamma narsadan kechib, hatto doimiy kiyib yurgan liboslarini tashlab, ehromga kiriladi, Allohning xizmatiga bel bog‘lanadi. Hojilar “labbaykallohuma labbayk...” deb Parvardigorga yuzlanadilar. Bu holat nafsdan ustun kelishning, Allloh roziligi uchun dunyo tashvishlaridan biroz bo‘lsa ham chetlanishning bir ko‘rinishidir. Nega desangiz, banda hajga faqat ibodat qilish uchun boradi. Odatda, uning qalbida moddiy foyda olish maqsadi bo‘lmaydi.
Ehromga kirgan banda nafsini tergashni o‘rganadi, ehrom bog‘lagan inson beixtiyor qalbini ham yomonlikdan pok saqlashni odat qiladi. Bu ishlar kim uchun qilinyapti? Albatta Alloh uchun. Demak, haj arkonlarini risoladagidek bajargan odam taqvodorlar safidan joy oladi.
Haj ibodati inson irodasini toblaydi, mashaqqatlarni mardonavor yengib o‘tishga o‘rgatadi. Ahli oilasi, vatani va yaqinlari bag‘ridan uzoq joylarda yurish, haj amallarini bajarish bilan odamning sabr-toqati ziyoda bo‘ladi, unda qiyinchiliklarni yengish malakasi shakllanadi.
Haj musulmonlarning birdamligi, bir tanu bir jon ekanining yorqin misolidir. Haj paytida barcha musulmonlarning ibodatlari, niyatlari, hatto kiyimlari ham bir xil bo‘ladi. Irqi, millati, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, hamma bir xil ko‘rinishda bo‘ladi, barcha hojilar Allohga yolvoradi, duolar qiladi, gunohlari uchun istig‘for aytadi.
Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam: “Kimda-kim Alloh azza va jalla (roziligi) uchun haj qilsa, yomon so‘zlardan tiyilsa, buzuq ishlarni qilmasa, onasi tuqqan kundagidek (gunohlardan poklangan holida uyiga) qaytadi”, deb marhamat qilganlar (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).
Haj mavsumini ulkan islomiy yig‘ilishga qiyoslash mumkin. Chunki bu paytda dunyoning yetti iqlimidan turli toifadagi odamlar bir joyga to‘planib, bir maqsadda harakat qiladilar, bir-birlarini ko‘rib ibrat oladilar, maslahatlashadilar, turli millatga mansub birodarlari bilan yuz ko‘rishadilar.
Alloh taolo Ka’butullohning sharafini baland qildi, uni bir bor ziyorat qilgan inson u yerga yana borgisi kelaveradi. Hali borish nasib yetmaganlar esa, Ka’batullohni tavof qilsam, haj amalini bajarsam, deb yaxshi niyatni dilga tugib qo‘yadilar. Bu ham ezgulikning bir ko‘rinishidir.
Hajning shartlarini to‘liq bajargan hojining gunohlari kechiriladi, qalbi sutdek oppoq bo‘ladi, yuzidan nur taralib turadi. Bunday odamning duosi mustajobdir. Chunki u endi faqat yaxshi ishlarga shoshiladigan, yomonlikdan tiyiladigan solih insonga aylanadi. Hajning eng katta hikmatlaridan biri ham shu.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Mabrur hajning mukofoti jannatdir”, deb xushxabar berganlar (Imom Nasoiy rivoyat qilgan. Hadis sanadi sahih). Haj insonga ruhiy ozuqa beradi, qalbini Allohga bo‘lgan taqvo bilan to‘ldiradi. Hoji o‘tmishda qilgan gunohlariga afsus-nadomat qiladi, bundan keyin yaxshilik qilib yashashga, yomon ishlardan yiroq bo‘lishga qaror qiladi. Qolaversa, hojining Alloh va Rasuliga muhabbati ortadi, dunyoning turli burchaklaridan kelgan mo‘min birodarlarini ko‘radi, dunyoqarashi kengayadi.
Shuningdek, haj ibodatini emin-erkin bajarish insonning tan-joni sog‘, yurti tinch ekanining ifodasidir. Buning shukronasi sifatida banda nafs istaklaridan voz kechib, Allohga yuzlanadi, iltijolar qiladi, el-yurti, vatandoshlari haqqiga duolar qiladi. Bunday ulug‘ vaqtda, muborak zaminda qilingan duolarning qabul bo‘lishiga shubha yo‘q.
Mehribon Robbimiz barchamizga o‘zining muborak baytini ziyorat qilishlik baxtini nasib etsin, hamda yurtimizdan boradigan barcha musulmonlarni ibodatlari qabul, duolari ijobat bo‘lib, sog‘ salomat qaytishlarini nasib aylasin!!!
Nurullayev Fozilxo‘ja
“Hidoya” o'rta maxsus
islom bilim yurti talabasi