Яратилиш санаси 10.06.2023

Haj ibodatining fazilatlari (1-qism)

Haj ibodati Alloh taolo musulmonlar uchun farz qilgan asosiy besh farzlardan biri ekani barchaga ma’lum. Haj ham jis­mo­nan, ham moddiy va ruhan tayyor holda bajariladigan ulug‘ ibodat­dir. Bu ibodatni ixlos bilan, har bir ruknini samimiy muhabbat bilan bajargan har bir mo‘min bandaga muko­foti faqatgina Jan­nat bo‘lishi haqida hazrat Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) mujda berganlar. Bunday tarzda bajarilgan haj ibo­datidan keyin kishining axloqi yanada say­qallanib, avvalgi qil­gan xatolaridan butkul uzoqlashib, Alloh taolo va jamiyat rozi bo‘ladigan amallarda qoim bo‘ladi. Bir so‘z bilan ta’rif beradigan bo‘lsak, uning ma’naviyat olami go‘zallashadi.

Mabrur haj – u gunoh, jinoyat qilmasdan bajarilgan hajdir.

Bu borada juda ko‘p hadislar bor, shularning bir nechasini keltirib o‘tamiz: “Haj va umra orasini ulanglar, chunki bu ikkisi faqirlik va gunohni temirchi bosqoni temirning zangini ketkazganidek ketkazadi. Va mabrur hajning savobi faqat jannatdir” (Imom Termiziy rivoyati).

“Kim Alloh yo‘lida haj qilsa va borib-kelguncha yomon so‘z aytmasa, gunoh ishlar qilmasa, u o‘z uyiga onasidan tug‘ilgan kunidagidek pok bo‘lib qaytar” (Imom Buxoriy rivoyati).

«Hoji uyidan bir qadam bosib chiqsa, unga bir yaxshilik yoziladi va bir xatosi o‘chiriladi. Arafotda turganida Alloh ular bilan faxrlanadi va farishtalarga: “Bandalarimga qaranglar, menga sochlari to‘zg‘igan, ust-boshlari chang holda keldilar, sizlarning guvohliklaringda ularning gunohlarini kechirdim, garchi gunohlari yomg‘ir tomchisi va qum zarrasicha ko‘p bo‘lsa ham”».

Agar hoji (shaytonga) tosh otsa, Qiyomat kunida Alloh tao­lo unga bergan ajr-savobni hech kimsa bilmas. Agar sochi­ni olsa, Qiyomat kuni uning har bir soch tolasi nur bo‘ladi, agar oxirgi tavofini bitirsa, u onasidan tug‘ilgan kundagidek gunohlaridan forig‘ bo‘ladi” (Ibn Hibbon rivoyati).

Shubhasiz, Allohning bu ulug‘ farzida juda ko‘p fazilat va hikmatlar mavjud. Mo‘min bandaning butun umri davomida bilib-bilmasdan qilgan gunohlari kechirilishi va onadan yangi tug‘ilgandek pok bo‘lishining xushxabari berilmoqda. Buning ustiga, mislsiz darajada ajru savobga ega bo‘lajak. Qolaversa, butun dunyo musulmonlarining birdamlik bilan, oppoq ehrom­lar­da yelkama-elka bo‘lib, aka-uka, qavmu qarindoshlardek inoq-itti­foq bo‘lib birga ibodat qilishlari har bir kishiga juda katta ma’naviy saboq beradi. Ha, albatta, bu cheksiz daryoi rahmat, har bir nafas va soniyalar ibodat bo‘lgan muqaddas zamindir. Shu bois, har bir mo‘min-musulmon umrida bir bora bo‘lsa-da, bu ulug‘ ibodatga oshiqadi. Borib kelganlar esa yana borish ishqida ku­yib yonadi.

Behisob shukrlarki, bugun ming-minglab yurtdoshlarimiz ho­jilik ne’matiga musharraf bo‘lib, bu baxtiyor kunlarga yetkaz­ganiga shukronalar ila umrguzaronlik qilmoqdalar.

Robbimiz bunday kunlarni ko'paytirib, barchamizni o'ziga yaqin bo'lib, roziligini qozonadigan, rahmatu mag'firatidan bahramand bo'ladiganlardan qilsin!

Nurullayev Fozilxo'ja

“Hidoya” o'rta maxsus 
islom bilim yurti talabasi