Haj ibodatining fazilatlari (2-qism)
Haj – moliyaviy va jismoniy ibodat bo‘lib, qodir bo‘lgan mo‘min-musulmon kishi umrida bir marta ado etishi farzdir. Lug‘atda “haj” – “hurmatli narsaning ziyoratini qasd qilish”dir.
Shariatimizda “haj” – “belgilangan joylarda, muayyan vaqtlarda maxsus amallarni bajarish”dir (“Nurul izoh”). Haj hijriy sananing to‘qqizinchi yilida farz bo‘ldi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o‘ninchi hijriy yilda haj qildilar.
Hajning farzligi Qur'oni karim, sunnati sharif va ijmo' bilan sobit bo‘lgan. Haj qilmoqchi bo‘lgan shaxs balog‘atga yetgan, aqli raso, sog‘lom, safar xarajatlariga qodir, hajga borib kelguniga qadar o‘z qaramog‘idagilarni nafaqa bilan ta'minlagan bo‘lishi kerak. Yo‘llar ochiq va bexatar bo‘lishi ham shart qilinadi. Ayol kishiga esa – yuqoridagi shartlar bilan birga eri yoki biror mahrami hamroh bo‘lishi lozim. Kimda mana shu shartlar topilsa, unga haj farz bo‘ladi. Qur'oni karimda hajning farzligi haqida shunday deyilgan:
فِيهِ آَيَاتٌ بَيِّنَاتٌ مَقَامُ إِبْرَاهِيمَ وَمَنْ دَخَلَهُ كَانَ آَمِنًا وَلِلَّهِ عَلَى النَّاسِ حِجُّ الْبَيْتِ مَنِ اسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلًا وَمَنْ كَفَرَ فَإِنَّ اللَّهَ غَنِيٌّ عَنِ الْعَالَمِينَ
ya'ni: “Unda aniq alomatlar – «Maqomi Ibrohim» bordir. Unga (Ka'baga) kirgan kishi omonda bo‘lur. Yo‘lga qodir bo‘lgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir. Kimda-kim (buni) inkor etsa, bas, albatta, Alloh olamlardan behojatdir” (Oli Imron surasi, 97-oyat).
Hajning farzligini bildiradigan bir qancha hadislar rivoyat qilingan. Jumladan, “Islom besh narsa ustiga bino qilingan...” (Muttafaqun alayh), hadisida hajning farzligi ochiq bayon qilingan. Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday buyuradilar:
حُجُّوا فإِنَّ الحَجَّ يَغْسِلُ الذُّنُوبَ كما يَغْسِلُ المَاءُ الدَّرَنَ (رَوَاهُ الإمَامُ الطَّبَرانِي عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ جَرَادٍ رضي الله عنه)
ya'ni: “Haj qilinglar! Chunki haj xuddi suv kirni yuvgani kabi gunohlarni yuvadi”(Imom Tabaroniy rivoyati).
Hajga aloqador boshqa oyatlar ham bor:
وَأَتِمُّوا الْحَجَّ وَالْعُمْرَةَ لِلَّهِ فَإِنْ أُحْصِرْتُمْ فَمَا اسْتَيْسَرَ مِنَ الْهَدْيِ
ya'ni: “Haj va umrani Alloh uchun mukammal ado eting! Agar (kasallik yoki qaroqchilar tufayli) qurshovda qolsangiz, qurbingiz yetgan biror (bo‘taloq, sigir, qo‘y kabi) jonliq so‘ying” (Baqara surasi, 196-oyat).
Quyidagi oyati karimada hajda kishi o‘zini qanday tutishi, qanday tayyorgarlik ko‘rishi kerakligi zikr qilingan:
الْحَجُّ أَشْهُرٌ مَعْلُومَاتٌ فَمَنْ فَرَضَ فِيهِنَّ الْحَجَّ فَلَا رَفَثَ وَلَا فُسُوقَ وَلَا جِدَالَ فِي الْحَجِّ وَمَا تَفْعَلُوا مِنْ خَيْرٍ يَعْلَمْهُ اللَّهُ وَتَزَوَّدُوا فَإِنَّ خَيْرَ الزَّادِ التَّقْوَى وَاتَّقُونِ يَا أُولِي الْأَلْبَابِ
ya'ni: “Haj (mavsumi uchun) ma'lum oylar (belgilangan). Bas, kim shu oylarda hajni o‘ziga farz qilsa (hajni niyat qilsa), haj davomida xotiniga yaqinlashish, gunoh-ma'siyat va janjal (kabi ishlarga ruxsat) yo‘q. Har qanday yaxshi (savobli) ish qilsangiz, albatta, uni Alloh bilur. (Haj safariga) ozuqa olib chiqing. Eng yaxshi ozuqa taqvodir. Taqvoni Menga qilingiz (Mendan qo‘rqingiz), ey, oqillar!” (Baqara surasi, 197-oyat). Oyatning mazmuniga ko‘ra, hajga boruvchi kimsa taqvo bilan ziynatlanib, bajarayotgan amallarini chiroyli ado etishga harakat qilishi kerak. Qolaversa, hajning sanoqli kunlarini oxirati uchun zaxira bo‘ladigan amallar bilan o‘tkazishga oshiqishi lozim.
Haj – qadimiy buyuk bir ibodatdir. Alloh taolo Ibrohim alayhissalomga odamlarni hajga chorlashni buyurdi. Bu chaqiriqqa “labbay” deganlar ulug‘ ibodatni amalga oshiradilar va ko‘pdan-ko‘p manfaatlar ko‘radilar. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:
وَأَذِّنْ فِي النَّاسِ بِالْحَجِّ يَأْتُوكَ رِجَالًا وَعَلَى كُلِّ ضَامِرٍ يَأْتِينَ مِنْ كُلِّ فَجٍّ عَمِيقٍ لِيَشْهَدُوا مَنَافِعَ لَهُمْ وَيَذْكُرُوا اسْمَ اللَّهِ فِي أَيَّامٍ مَعْلُومَاتٍ عَلَى مَا رَزَقَهُمْ مِنْ بَهِيمَةِ الْأَنْعَامِ فَكُلُوا مِنْهَا وَأَطْعِمُوا الْبَائِسَ الْفَقِيرَ
ya'ni: “Odamlar orasida (yurib ularni) hajga chorlagin! (Shunda) ular senga (Ka'baga) piyoda va har qanday tuyada uzoq yo‘llardan kelurlar.Ular o‘z (diniy va dunyoviy) manfaatlariga shohid bo‘lish uchun va ma'lum kunlarda (Alloh) ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlariga (qurbonlik uchun so‘yishda) Alloh nomini zikr qilish uchun kelurlar. Bas, undan o‘zlaringiz ham yeyaveringiz, bechora kambag‘allarga ham yediringiz!” (Haj surasi, 26-27-oyatlar).
Nurullayev Fozilxo'ja
“Hidoya” o'rta maxsus
islom bilim yurti talabasi