“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurtida 2023-2024 o‘quv yili boshlandi
Bilim yurtida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yillik bayrami hamda 2023-2024 o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan joriy yil 4 sentyabr kuni o‘qituvchi-mudarris, xodim va talabalar ishtirokida “Yangi hayot uchun, yangi O’zbekiston uchun” shiori ostida tadbir tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi bilan boshlandi.
Tadbirni bilim yurti Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo’limi boshlig’i Rivojiddin Nasritdinov ochdi va olib bordi.
Tadbirni ochib berish va yangi o’quv yili bilan hamda 1-kurs talabalarini tabriklash uchun so’zni bilim yurti mudiri Abdulaziz Bobamirzayevga berdi.
Notiq o’z so’zida Avvalambor barchalaringizni Vatanimiz mustaqilligining 32 yillik bayrami va yangi 2023-2024 o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan O‘MI rahbariyati, bilim yurti jamoasi hamda shaxsan o‘z nomimdan samimiy muborakbod etaman. Alloh taolo bu saodatli va qutlug‘ ayyomni barchamizga muborak aylasin!
Darhaqiqat, mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, barpo etilgan ko‘rkam uy-joylar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, sport maskanlari, zamonaviy korxonalar, keng va ravon yo‘llar, bog‘u xiyobonlar shahar va qishloqlarimiz qiyofasini butunlay o‘zgartirib, aholi farovonligi, ongi va tafakkurining yuksalishiga xizmat qilmoqda. SHuningdek, o‘tgan davr mobaynida islom dini ravnaqi uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Notiq o’z so’zi davomida birinchi kursga qabul qilingan talabalarni tabriklab kelajakda omadlar tiladi.
So‘zni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyatidagi vakili Abdulhay domla Tursunovga berildi.
Notiq o‘z so‘zida ishtirokchilarini bayram bilan tabriklab odobli, bilimdon, mehnatsevar, iymon-e’tiqodli farzand nafaqat ota-onaning, balki butun jamiyatning eng katta boyligidir. Darhaqiqat, har bir farzand shaxsiy ta’lim-tarbiya bilan shakllanadi. Demak, ta’lim-tarbiya kelajak poydevori hisoblanadi. Shunday ekan, odob-axloq bilan farzandlarni axloqiy-huquqiy jihatdan tarbiyalash, ayniqsa, adolat, burch, vatanparvarlikni shakllantirish, ona Vatanni sevish hissini uyg‘otish o‘ta muhim hisoblanadi. Inson tarbiya jarayonida yaxshi xulq-atvorga, odatlarga va aql-farosat omillariga ega bo‘lgan bo‘lsa, hayot saboqlarini shunchalik yaxshi anglaydi va yaxshi ishlarni amalga oshiradi, va aksincha, qanchalik tarbiyasi kam, hayotiy ko‘nikmalari oz bo‘lsa, bunday shaxs ba’zan bilib yoki bilmay yomon ishlarga qo‘l uradi deb madrasani ertangi ravnaqi uchun muhim ko‘rsatmalarini berdilar.
Tadbirda Abdulhay domla talabalarga o‘zlarini kerakli pand-nasihatlarini berib, boshlangan o‘quv yilini xayrli va barakali bo‘lishi uchun duo qildilar.
2023-2024 o‘quv yilida 1-kursga qabul qilingan talabalarni mustaqillikning 32 yillik bayrami bilan qutladi.
Tadbir so‘ngida Qur’on tilovati o’qilib, Prezidentimizni xalq farovonligini yanada yuksaltirish yo‘lida olib borayotgan xayrli faoliyatlarida yaratganning O‘zi madadkor bo‘lishini so‘rab, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini bardavom bo‘lishini, xalqimizning farovon hayoti yanada yuksalishini hamda yurt tinchligi va xalq farovonligini yuksaltirishda xizmat qilib o‘tgan marhum O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Abdug’niyevich Karimov va O’zbekiston musulmonlari idorasi raisi Usmonxon Alimov haqlariga va qatag’on qurbonlari xotirasiga bag‘ishlab duoi xayrlar qilindi.
Tadbir so‘ngida bilim yurtida 2022-2023-o’quv yili oktyabr-iyun oylarida “arab tili” fanidan talabalar o’rtasida kitobxonlik savodini oshirish maqsadida xar oy o’tkazib kelingan “Oy kitobxoni” ko’rik tanlovi umumiy natijalariga ko’ra 3-kurs 49-guruh talabasi Karimov Kamoliddin mutloq g’oliblikni qo’lga kiritib bilim yurtini faxriy yorlig’i va bir million (1 000 000) so’m mukofoti va muxtasari viqoya kitobidan tahorat bobidan nikoh bobigacha to‘liq yodlagan 3-kurs 49-guruh talabasi Mahamov Muhammadqodir yarim yillik hamda 3-kurs 48-guruh talabasi Ibrohimjonov Biloliddinga bir yillik o‘quv yili shartnoma to‘lov sertifikati va maqtov yorlig‘i, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Tadbirdan so‘ng bilim yurti o‘quv xonalarida guruh rahbarlar tomonidan “Mustaqillik darsi” o‘tkazildi.
O’quv mashg’ulotida O’zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy tadqiqot bo’limi tomonidan tayyorlangan “Yangi hayot uchun, yangi O’zbekiston uchun” mavzusidagi slayd asosida o‘tkazilib, mamlakatimizning iqtisodiy salohiyati, mustaqillik yillarida olib borilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar, istiqloldan keyin diniy qadriyatlar va diniy ta’limga e’tibor mavzularida so‘z yuritilib, talabalarga talabalik huquqini bergan mustaqillikning ahamiyatini keng tushuntirib berildi.
Dars davomida talabalar bilan mavzu yuzasidan savol-javoblar o‘tkazildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.
Bilim yurti matbuot xizmati